“Bavariya” hujumchisi Robert Levandovski Germaniya Bundesligasining so‘nggi, 34-turidan o‘rin olgan “Volfsburg”ga qarshi o‘yindan (2:2) keyin jamoadan ketish niyatida ekanligini aytdi.

Foto: Getty Images

Bu ‘Bavariya’ libosidagi so‘nggi o‘yinim bo‘lishi mumkin. 100 foiz ishonch bilan gapira olmayman, lekin shunday bo‘lishi mumkin. O‘zim va klub uchun yaxshi bo‘ladigan yechim topmoqchimiz.

Robert Levandovski, futbolchi

Shuningdek, “Bavariya” sport direktori Hasan Salihamijich ham polshalik hujumchining jamoadan ketmoqchiligini ma’lum qildi.

“Robert bilan gaplashdim. U shartnomani uzaytirish haqidagi taklifimizni qabul qilmoqchi emasligini va klubni tark etishni istashini aytdi. Robert o‘zini yangi joyda sinab ko‘rmoqchi ekanligini bildirdi. Ammo bizning pozitsiyamiz o‘zgarmaydi: uning shartnomasi 2023-yilning 30-iyuniga mo‘ljallangan. Bu fakt”, — deydi Salihamijich.

Jamoa bosh murabbiyi Yulian Nagelsmann ham shunga o‘xshash fikr bildirdi.

“Bu, albatta, yo‘qotish bo‘ladi, lekin uning 2023-yilgacha mo‘ljallangan shartnomasi bor”.

Avvalroq “Bavariya” polshalik hujumchini 40 million yevroga sotishga tayyorligi xabar qilingandi. Levandovskining o‘zi esa “Barselona” bilan shaxsiy shartnoma borasida kelishib olgani ma’lum bo‘lgandi. Katalon klubi “Bavariya” hujumchisining agenti Pini Zahaviga Robert uchun 30—35 million yevro to‘lashga tayyorligini bildirgan.

Robert Levandovski 2014-yildan beri myunxenliklar sharafini himoya qilib kelayotgandi. Ungacha u “Borussiya D” sharafini himoya qilgan.