Bolgariya Milliy Majlisi Ukrainaga gumanitar, harbiy-texnik yordam berish haqidagi qarorni ma’qulladi. Bu haqda Bolgariya milliy televideniyesi (BNT) xabar bergan.
Mamlakat Ukrainaga Vladimir Zelenskiy so‘ragan qurol-yarog‘, o‘q-dorilarni taqdim etmaydi. Bolgariya mudofaa korxonalarida Ukraina harbiy texnikasini sozlaydi, shuningdek, Kiyev talablariga Sofiya imkoniyatlariga muvofiq gumanitar, moliyaviy va harbiy-texnik yordam ko‘rsatadi.
Bolgariya parlamentining yig‘ilishida “O‘zgarishlarni davom ettiramiz”, “Demokratik Bolgariya” hukmron partiyalari va muxolif “GERB” partiyasi tomonidan tayyorlangan uchta hujjat loyihasi rezolyutsiya uchun ko‘rib chiqilgan.
Besh soat davom etgan muhokamalardan keyin deputatlar hukmron partiya taklifini ma’qullagan va parlament Bolgariya Vazirlar kengashiga mandat berib, Ukrainaga yordam ko‘rsatishga ruxsat etgan. Parlamentdagi 200 nafar deputat ushbu qarorni ma’qullagan, 16 nafar parlamentariy qarshi chiqqan, bir nafari esa betaraf pozitsiyani egallagan.
Bloomberg agentligi Ukrainaga qurol yetkazib berish masalasi Bolgariya hukumatida bahs-munozaralarga sabab bo‘lgani, shu sababli hukmron partiyalar koalitsiyasi Kiyev ixtiyoriga qurol-yarog‘ yetkazib berishni rad etgani haqida yozgandi.
Avval Buyuk Britaniya Ukrainaga yana 375 million dollarlik harbiy yordam yuborgani, AQSH Ukrainaga 100 ta Switchblade droni va 50 dan ziyod gaubitsalar jo‘natgani, Germaniya birinchi marta Ukrainaga og‘ir qurollar yetkazib berishi haqida xabar qilingan.