Rokki Marchiano — amerikalik bokschi, og‘ir vazn toifasida mag‘lubiyat nimaligini bilmagan yagona chempion. U o‘tkazgan 49 jangning birortasida mag‘lub bo‘lmagan. Jahon chempioni unvonini esa besh marta himoya qilgan. 1956-yil 27-aprelda Rokki sport bilan xayrlashgandi. Quyida shu afsonaviy bokschi haqida so‘z boradi.

Rokki Marchiano 

Foto: Getty Images

Bolalik va yoshlik yillari

Bokschining haqiqiy ismi — Rokko Frensis Marchegiano. U 1923-yil 1-sentabrda Massachusets shtatidagi Brokton shahrida kambag‘al oilada tug‘ilgan.

Rokki jismoniy jihatdan tengdoshlariga qaraganda ancha baquvvat bo‘lgan va buning o‘ziga yarasha sabablari bor edi. Italiyadan ko‘chib kelgan, nogiron otasi ko‘p farzandli oilaga g‘amxo‘rlik qila olmasdi. Rokki esa oilasiga yordam berish uchun har qanday og‘ir ishni bajarishga ham tayyor edi: yigitlik chog‘ida qor tozalovchi, idish-tovoq yuvuvchi, gaz quvuri o‘rnatuvchi va hatto yer qazuvchi bo‘lib ham ishlagan.

Beysbol o‘yinlari vaqtida ham u tengdoshlaridan olg‘irroq bo‘lgan. Kelajakda professional beysbolchi bo‘lishiga hech qanday to‘sqinlik yo‘q edi, ammo qo‘li kutilmaganda sinib, bu orzusidan voz kechishga majbur bo‘ladi.

Shu orada iste’dodli yigit boks murabbiyi Jin Kajanoning e’tiboriga tushadi. U Rokkini o‘z klubidagi mashg‘ulotlarga taklif qilib, bo‘lajak sportchining jismoniy holati ringda ishlashda qo‘l kelishini ta’kidlaydi.

Boks

1943-yil Marchiano harbiy xizmatga ketadi. Uni dengiz flotiga yozib, Buyuk Britaniyaga yuborishadi. Kunlardan birida qovoqxonada mahalliy bezori bilan tortishib qolgan Rokki bir musht bilan uning tanobini tortib qo‘yadi. Mojaroni kuzatib turgan qovoqxona egasi uning mahoratini yuqori baholaydi va pulli janglarda qatnashishni taklif qiladi. Shunday qilib, Rokki o‘zining jang san’atini rivojlantira boshlaydi, keyinchalik ringda qo‘l keladigan yangi jang usullarini o‘zlashtiradi. Masalan, klassik boksda urf bo‘lmagan past pozitsiyadan turib jang qilishni o‘rganadi.

Sportchining bo‘yi 180 santimetr, vazni esa 86 kilogramm edi. Bunday vaziyatda raqiblarga qarshi jang qilish oson kechmasdi. Lekin uning ringdagi chapdastligi va og‘ir zarbalari raqiblariga jiddiy muammolar tug‘dirardi. Rokki o‘zining jang uslubidagi kamchiliklarni tahlil qilib, yaqin masofadan qisqa zarbalar berish mahoratini oshiradi. O‘jar sportchi mahoratini muntazam oshirib, yengilmas va chayir raqibga aylanadi.

Marchiano o‘z faoliyati davomida 49 ta jang olib borgan. Ulardan 43 tasi nokaut bilan yakunlangan. Rokki butun faoliyati davomida mag‘lubiyat nimaligini bilmagan. Og‘ir o‘tgan bolalik uni sinchkov va metin qilib tarbiyalagandi. U chekmasdi, ichmasdi, kundalik ikir-chikirlarga ko‘p e’tibor bermay, vaqtini sportga va bu sohada rivojlanishga sarflardi.

Mutaxassislar Marchianoning texnik mahorati va qisqa zarbalar berish strategiyasini yuqori baholaydi. Suvga huk va apperkot zarbalarini berish uning sevimli mashg‘uloti edi. Rokki bu bilan tinimsiz ikki soat shug‘ullana olardi. Mehnatsevarlik va yaxshi natijalarga intilish o‘z mevasini beradi: Marchiano janglarining 83 foizini nokaut bilan yakunlaydi.

Rokkining birinchi shov-shuvli jangi 1951-yilda Jo Luis bilan bo‘lgan. Raqibi o‘shanda yaxshi formada emasdi, lekin baribir ringga chiqadi. Jo Luis tez-tez yosh raqiblarini mag‘lubiyatga uchratardi va Rokkini ham shunday istiqbol kutib turgan bo‘lishi mumkin edi. Dastlabki raundlarda tomoshabinlarning ham shunga ishonchi komil bo‘ladi. Biroq Marchiano o‘zini qo‘lga olib, g‘alabaga erishadi. Tomoshabinlar Rokki Marchiano ismini hali ko‘p bor eshitishi oydinlashadi. Keyinchalik ko‘plab taniqli sportchilar ringda u bilan to‘qnash keladi.

Rokki Marchiano ringda Jo Luisga zarba bermoqda

Foto: Getty Images

Rokki 1952-yilda Jersi Jo Uolkott bilan jang qiladi. G‘alaba qozonish imkoniyati kam edi, chunki u jang davomida kuchli zarba o‘tkazib, ko‘zi yaxshi ko‘rmay qolgandi. Shunga qaramay, Marchiano o‘zini qo‘lga olib, jangni davom ettiradi va g‘alaba qozonadi. Jangdan so‘ng bokschining yuzi qarab bo‘lmaydigan ahvolga kelgandi. Unga bir necha haftalik dam va reabilitatsiya zarur edi. Shu yili, ya’ni 1952-yilda Rokki Marchiano jahon chempioniga aylanadi.

Rokki Marchiano ringda Jersi Jo Uolkottga zarba bermoqda

Foto: Getty Images

Ezzard Charlz bilan o‘tgan jang ham tomoshabinlar va muxlislar orasida katta shov-shuvga sabab bo‘ladi. Bellashuvda Rokkining burun teshigi yirtilib ketadi, ammo raqibga taslim bo‘lmaydi va uni nokautga uchratib, ringda yengilmas ekanligini isbotlaydi.

Uning insoniy hislari ham zarbalari kabi kuchli edi. Bokschi Vingi Karminoni nokautga uchratganidan so‘ng u hushiga kelgunicha kasalxonada bo‘ladi va jangdan tushgan barcha daromadni unga beradi.

1955-yilda Marchiano 61 ming tomoshabin guvohligida Archi Murni mag‘lubiyatga uchratadi.

Rokki Marchiano ringda Archi Murga qarshi jang qilmoqda

Foto: Getty Images

Muxlislar agar Muhammad Ali bilan jang bo‘lib o‘tsa, qanday natija bo‘lishi mumkinligi haqida ko‘p bosh qotirardi. Ammo buni aniqlashning iloji yo‘q edi, chunki Muhammad ilk bor ringga ko‘tarilganida Rokki allaqachon professional faoliyatini yakunlagandi.

Biznes

Rokkining kelib chiqishi unga jinoiy to‘dalar bilan aloqalarni chetlab o‘tish imkonini bermasdi. Sportdagi karyerasi tamomlanayotgan vaqtda u 4 million dollar sarmoyaga ega edi. Marchiano jinoiy to‘dalar bilan hamkorlikda ish olib boradi va sudxo‘rlik biznesiga pul tikadi.

1968-yilda Rokki jinoiy guruh a’zosi Pyerino di Gravio bilan ishlashga harakat qilib ko‘radi. Ammo hech qanday bitim tuzilmaydi, chunki sherigini o‘ldirib ketishadi. Sportchi esa soliq organlaridan investitsiya qilingan pul bilan bog‘liq muammolarni orttirib oladi.

Halokat

1969-yil 31-avgustda bokschi o‘zining shaxsiy samolyotida halokatga uchrab vafot etadi. Hodisa Ayova shtati, Nyuton shahri yaqinida yuz bergandi. Uchuvchi boshqaruvni yo‘qotib, daraxtga borib urilgan. Bortdagilarning birortasi omon qolmagan.

Rokki bilan bog‘liq xotiralar uning o‘limidan keyin ham saqlanib qoldi. Bosh qahramoni Rokki Balboa bo‘lgan “Rokki” filmi yengilmas va o‘jar jangchi qiyofasini uning izdoshlari uchun abadiylashtirdi.