Butsilarini mixga ilgandan keyin futbolchilar odatda mana shu soha bo‘yicha (murabbiy, menejer, ekspert) ketadi yoki futbol va sportni butkul tark etadi. Biroq ayrim toifa charm to‘p ustalari borki, ular futboldan keyin (ayrimlar parallel ravishda) boshqa sport turida javlon uradi. Mazkur maqola aynan shunday sobiq futbolchilar haqida.

Aryen Robben biroz muddat ilgari futbol bilan xayrlashdi, ammo niderlandiyalik sobiq o‘yinchi hali beri sport bilan xayrlashishni rejalashtirmayapti. U yaqinda Rotterdamdagi marafonda qatnashgan bo‘lsa, ungacha 8 km masofaga suzishda o‘zini sinab ko‘rgandi.

Foto: AFP

Robben yagona misol emas. Avvalroq yana bir mashhur niderland sobiq futbolchisi millionlar o‘yinidan boshqa sohada debyut qilishi ma’lum bo‘ldi. Gap kikbokschi Riko Verxoven tomonidan tashkil etiladigan boks musobaqasida ishtirok etishga rozi bo‘lgan Dirk Kyuyt haqida ketmoqda. Kyuytning raqibi hozircha ma’lum emas, ammo u allaqachon jang qilish istagida yonmoqda:

“Raqobat muhitini sog‘indim. Bu jang Niderlandiya terma jamoasining o‘yiniga o‘xshaydi: atrofdagi e’tibor va kuchli bosim. Birinchi marta o‘z komfort zonamdan chiqib, boshqa sport bilan shug‘ullanish katta qiyinchilik bo‘ladi. Bir necha oy davomida mashqlar olib boraman”.

Foto: Instagram

Boksga “Manchester Yunayted” afsonalari ham alohida mehr qo‘ygan. Roy Kin, Ueyn Runi, Rio Ferdinand va Patris Evra shular jumlasidandir. Oxirgi ikkisi prof boksdagi faoliyat haqida jiddiy ravishda o‘ylab ko‘rgan: Rio litsenziya ololmagan bo‘lsa, Patris 30-aprel sanasida videobloger Adam Salehga qarshi ringga chiqadi.

Foto: Instagram

“Umrimda birinchi marta boks musobaqasida qatnashishimdan juda xursandman, chunki har doim bokschilarni juda hurmat qilganman. Bu nafaqat kuchga bog‘liq, balki shaxmat o‘yiniga o‘xshash strategiya va texnika hamdir. Meni tashvishlantirayotgan jihati mashg‘ulot texnikasi, chunki ularning mashg‘ulot uslubi futboldagidan butunlay farq qiladi”, — deydi Evra.

Foto: Instagram

Petr Chex esa ko‘plab chexiyaliklar singari, bolaligidan xokkeychi bo‘lishni orzu qilgan. Darvozabonning kelajagini uning otasi belgilab bergan, u ekipirovkalar arzonroqqa tushishi sababli o‘g‘li uchun futbolni tanlagan.

Biroq Chex bolalikdagi orzusini esdan chiqargani yo‘q. Futbolchilik faoliyatini yakunlaganidan so‘ng u Angliyaning to‘rtinchi divizionida ishtirok etadigan xokkey jamoasi bilan shartnoma imzolaydi. Tabiiyki, unga darvoza chizig‘i ishonib topshiriladi. 2021-yilning avgustida Chex jamoa bilan shartnomasini uzaytiradi. O‘tgan mavsumda u 6 ta o‘yin o‘tkazib, 93,4 foiz zarbalarni bartaraf etgan holda ikkita o‘yinni “quruq” o‘tkazdi.

Foto: AFP

Chex xokkeyda muvaffaqiyatga erishgan Lev Yashin yo‘lidan borishni ma’qul ko‘rdi.

Biroq avtosport ko‘plab darvozabonlarning asosiy ko‘ngilxushlik vositasiga aylandi.

Foto: AFP

Bunday adrenalinga boy bo‘lgan faoliyatni Santyago Kanisares, Yeji Dudek va Fabyen Bartez tanlagan. Ular orasida Bartez yaxshiroq natijaga erishgan, Fransiya chempionatidagi g‘alaba va mashhur “Le-Manada 24 soat” poygasidagi 23-o‘rin.

Foto: AFP

Dudek poyga har doim uning ishtiyoq manbai bo‘lganini tan oladi, ammo futbolchilik faoliyati davomida u o‘zini cheklashga majbur bo‘lgan. 2014-yilda polyak Bartez bilan trekdagi ehtimoliy uchrashuv haqida shunday degandi: “U mendan bir necha yil oldin avtosportdagi qiziqarli sayohatini boshlagan. Ko‘ramiz, balki bir kun kelib u bilan yana yo‘llarimiz kesishar. U ‘Manchester Yunayted’da, men esa ‘Liverpul’da o‘ynaganimda, maydonda bahs olib borganmiz”.

Foto: AFP

Foto: Instagram

Yana bir darvozabon Tim Vize esa bundan ham kutilmagan sport turi bilan shug‘ullanadi. Jahon Kubogi bronza medali sovrindori professional yakkakurashchiga aylangan. 2015-yilning mart oyiga kelib, uning vazni 129 kilogrammga yetdi va maqsadi 140 kg ekanligini aytdi. Keyingi yilning noyabr oyida Vize WWE’dagi debyutida g‘alaba qozondi.

Foto: Weber

Jahon va Yevropa chempioni Biksant Lizarazyu esa ko‘p qirrali sportchi bo‘lib chiqdi. Fransuz skeleton, syorfing, yelkanli qayiqda suzish, dayving, velosport, tog‘ chang‘isi va hattoki muz ustidagi mototsikl poygalarida o‘zini sinab ko‘rgan. Biroq unga asosiy muvaffaqiyatni jiu-jitsu olib kelgan, u 2009-yilda o‘z yosh toifasida Yevropa chempioni bo‘lgan.

Foto: Instagram

Gabriel Batistuta futboldan ketganidan so‘ng o‘zini sevimli mashg‘uloti — polo va golfga bag‘ishlagan. Poloda u hatto o‘zining “La Gloriya” jamoasiga asos solgan. Argentinalik futbolchining “Fiorentina”ga bo‘lgan muhabbati shu yerda ham namoyon bo‘ladi – jamoa binafsha ranglar va shunga o‘xshash emblemaga ega.

Foto: Instagram

Rossiyalik sobiq futbolchi Aleksey Smertinning muvaffaqiyatlari haqida esa ortiqcha gapirmagan ma’qul. 2021-yili u Baykal ko‘lida “Toza suvni saqlash uchun” aksiyasi doirasida ekstremal marafonda g‘olib chiqadi. Tafsilotlar shunchaki hayratlanarli darajada: 3 soat-u 29 daqiqada Smertin qor va muz ustida 42 kilometr masofani bosib o‘tadi, harorat minus 25 darajagacha tushib ketadi.

Foto: Instagram

Bu Aleksey uchun 11-marafon bo‘ladi, u bungacha ham oltita yo‘nalishda yugurishga ulgurgandi — Boston, London, Berlin, Chikago, Nyu-York, Tokio marafonlarida.

Rafael van der Vart o‘zini dartsda topgan. U buni professional tarzda amalga oshiradi, vaqti-vaqti bilan esa musobaqalarda ham qatnashadi.

Foto: Instagram

“Milan” afsonasi Paolo Maldini tennisni xush ko‘radi. 2017-yilda u Milanda “Chellenjer”ning juftlik bahslarida debyut qiladi – ammo saviya va daraja unga biroz qiyinlik qiladi (uning jamoasi 42 daqiqada 1:6 va 1:6 hisobida yutqazib qo‘yadi).

Foto: Instagram

Shvetsiya terma jamoasi florbol (zalda to‘p bilan xokkey) bo‘yicha eng yaxshi jamoa hisoblanadi. Ular 13 ta jahon chempionatidan 9 tasida chempionlikni qo‘lga kiritgan. Hatto o‘z davrida Henrik Larrson ham futbol va flotbol o‘rtasidagi tanlov oldida rosa qiynalgan.

Foto: AFP

Faoliyatining oxirida hujumchi (avvalgi) sevimli mashg‘ulotiga qaytdi, professional darajada. 2008- yilda u Shvetsiya Superligasida “Helsingborg” safida birinchi o‘yinini o‘tkazgan bo‘lsa, ikkinchi o‘yinda ikkita golli uzatma berib, uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi nomini oladi.

O‘ziga xos bo‘lgan ro‘yxatdagi yana bir darvozabon Jo Hart. U ingliz sporti — kriketni tanlagan.

Foto: AFP

Andrey Shevchenko ko‘plab futbol yulduzlari tomonidan sevib o‘ynaladigan golfga e’tibor qaratgan. U bir nechta elita golf klublarining a’zosi hisoblanadi, 2011-yilda hatto Ukraina chempionatining kumush medalini ham qo‘lga kiritgan.

Foto: Instagram

Foto: Instagram

Ivan Perishich plyaj voleyboli bilan faol shug‘ullanadi. 2017-yilda u Xorvatiyada bo‘lib o‘tgan Swatch Major Series musobaqasida debyut qilgan. To‘liq tasavvur paydo bo‘lishi uchun mazkur musobaqaning maqomi, solishtirilganda yengil atletika bo‘yicha Briliant ligasi yoki biatlon bo‘yicha jahon kubogi bilan barobardir. Ko‘rinib turibdiki, barchasi anchayin jiddiy.

“O‘n yoshimdan beri plyaj voleyboli bilan shug‘ullanaman. Ushbu sport turiga juda ishtiyoqmandman va har yozda, ta’tilda do‘stlarim bilan Splitda (Xorvatiyadagi kurort shahar) vaqt o‘tkazaman”, — degandi futbolchi intervyularidan birida.

Foto: Instagram

Maykl Ouen uzoq vaqtdan beri ot poygasini yaxshi ko‘radi va 2017-yilda xayriya musobaqasida qatnashib, ushbu sport turida debyut qilgan. Barchasi ko‘ngildagidek o‘tgan — Ouen marrani ikkinchi bo‘lib bosib o‘tgan.

Foto: Instagram

“Atletiko” va “Milan”ning sobiq hujumchisi Xose Marini esa futbol muxlisi tanib olishi biroz mushkulroq. U bodibilding bilan shug‘ullanib, mushaklarni shishirish bilan band.

Foto: Instagram

Biroq 2002-yilgi Jahon Chempionatining bronza medali sovrindori Ilhon Mansiz eng kutilmagan yo‘lni tanlagan. U 33 yoshida konkida uchishni o‘rgangan va muzlik davrining turkcha analogida qatnashgan. Biroq shu narsaning o‘zi Mansizning figurali uchish sportiga muhabbat qo‘yishiga yetarli bo‘lgan.

U Slovakiyaning 4 karra chempioni Olga Bestendigova bilan birgalikda Sochi Olimpiadasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishga harakat qiladi, afsuski, urinishlar muvaffaqiyatsizlik bilan tugaydi. Ammo juftlik 2015-yilda Turkiya chempionligini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ladi.

Foto: Getty Images

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!