Ijtimoiy tarmoqlarda Yangi Namangan tumani “Ishonch” MFY hududidagi ariqdan har kuni qon oqayotgani aytilgan murojaat tarqaldi. Namangan viloyati FVB holatga munosabat bildirib, bu bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilganini ma’lum qildi.
O‘rganishlar davomida “Ishonch” MFY Gazina ko‘chasida joylashgan xususiy tadbirkorga tegishli “Hayvon so‘yish” shoxobchasining kanalizatsiyasida nosozlik yuzaga kelgani sababli kanalizatsiya tarmog‘i mahalliy aholi sug‘orish tarmog‘iga toshib chiqayotgani aniqlangan.
Hozirda holat yuzasidan viloyat FVB, Namangan shahar Veterinariya va Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, shuningdek, kanalizatsiya xizmati xodimlari tomonidan xavf bartaraf etilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, fevral oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev o‘zining Telegram’dagi kanali orqali Namangan viloyatining Chust tumanida kanalizatsiya tarmog‘idan “qon oqayotgani” tasvirlangan videoni e’lon qilgandi. Keyinroq viloyat suv ta’minoti holat yuzasidan tezkor surishtiruv o‘tkazib, oqova tarmoqlarida oqayotgan qizil rangli suyuqlik qon emas, tarmoqqa ulangan tozalash vositalari ishlab chiqaruvchi fabrikadan chiqqan kimyoviy moddalar ta’sirida oqova suvlarining rangi ekanini aniqlagandi.