Prezident matbuot xizmati Shavkat Mirziyoyevning birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining ochilish marosimidagi nutqini e’lon qildi.
Quyida davlat rahbarining so‘zlagan nutqini to‘lig‘icha taqdim etamiz.
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!Hurmatli mehmonlar!
Xonimlar va janoblar!
Avvalambor, siz, azizlarni – birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining barcha ishtirokchilarini mehmondo‘st O‘zbekiston diyorida samimiy qutlashga ijozat bergaysiz.
Bugungi anjumanimizda xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari hamda jahonning yetakchi kompaniyalari rahbarlarini, mamlakatimizning asosiy hamkorlari bo‘lgan davlatlarning yuqori darajadagi vakillarini ko‘rib turganimdan xursandman.
O‘zbekistonga xush kelibsiz!
Hurmatli forum ishtirokchilari!
O‘zbekiston zamini ko‘p asrlar davomida dunyoning turli mintaqalaridagi savdogar, ishbilarmon va tadbirkorlar e’tiborini o‘ziga tortib kelgan. Buyuk ipak yo‘lining markazida joylashgan yurtimiz qadimdan Osiyo, Yevropa va Afrika qit’alarining karvon yo‘llari tutashgan hudud sifatida mashhur bo‘lgan. Xitoy, Hindiston, Eron, Vizantiya, Misr kabi mamlakatlarda shakllangan sivilizatsiya va madaniyat namunalari aynan qadimgi Movarounnahr, hozirgi O‘zbekiston hududida uchrashib, bir-birini o‘zaro boyitib kelgan. Buning natijasida 3 ming yillik davlatchilik tarixiga ega bo‘lgan mamlakatimiz uzoq davr mobaynida dunyoning savdo, iqtisodiyot, ilm-fan, madaniyat va san’at yuksak ravnaq topgan markazlaridan biri bo‘lib xizmat qilgan.
Ushbu ko‘hna zamindan yetishib chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlar, dunyoviy va diniy ilmlarning ulug‘ namoyandalari bugungi kunda ham butun insoniyatga xizmat qilayotgan noyob kashfiyot va bebaho asarlar yaratib, ularni jahon ahliga meros qilib qoldirganlar. Misol uchun, hozirgi davrda ham dolzarb bo‘lgan “karantin” tushunchasini Yevropada “Avitsenna” nomi bilan tanilgan ajdodimiz, buyuk shifokor Abu Ali ibn Sino bundan ming yil muqaddam birinchi bo‘lib amaliyotga joriy qilgani tarixdan yaxshi ma’lum.
Zamonaviy innovatsion va blokcheyn texnologiyalari va sun’iy intellekt negizini tashkil etuvchi algoritm atamasi yana bir ulug‘ ajdodimiz – Muhammad Xorazmiy nomi bilan bog‘liq ekanidan sizlar albatta xabardorsiz.
Mashhur davlat arbobi, ayni paytda buyuk astronom bo‘lgan Mirzo Ulug‘bek esa XV asrdayoq Samarqandda rasadxona qurdirib, mingdan ortiq yulduzlarning eng to‘g‘ri koordinatlarini aniqlab, ilm-fan rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan.
Yuksak tafakkur egasi bo‘lgan yana o‘nlab vatandoshlarimizning o‘tmishda fizika, geodeziya, kimyo, falsafa va tarix, me’morlik, tasviriy san’at, ilohiyot va boshqa yo‘nalishlarda yaratgan ilmiy kashfiyotlari hozirgi zamonda ham o‘z ahamiyati va qimmatini yo‘qotmasdan kelayotgani ayniqsa e’tiborlidir.
Hurmatli xonimlar va janoblar!
Bugungi kunda O‘zbekiston o‘zining geografik joylashuviga ko‘ra, Shimol va Janubni, G‘arb va Sharqni magistral tranzit koridorlari orqali bog‘lab turadigan Markaziy Osiyo mintaqasining o‘zagi hisoblanadi.
Biz “Buyuk o‘tmishdan – buyuk kelajak sari” tamoyili asosida iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishimizni jadal davom ettirmoqdamiz.
Bundan 5 yil avval biz Harakatlar strategiyasini qabul qilib, uning doirasida keng ko‘lamli demokratik islohotlarni amalga oshirish yo‘lini tanladik. Ushbu islohotlar dasturi davlatimiz va jamiyatimizning barcha sohalarini qamrab olib, qonun ustuvorligini ta’minlash, raqobatni rivojlantirish, korrupsiyaga qarshi keskin kurash olib borish kabi muhim yo‘nalishlarni o‘zida mujassam etgan.
Biz, birinchi navbatda, ilgari investorlarning O‘zbekiston bozoriga kirishi va erkin faoliyat yuritishiga to‘sqinlik qilgan barcha omillarni bartaraf etib, tadbirkorlik uchun qulay sharoitlar yarata boshladik.
Birinchidan, 2017-yilda milliy valyutamiz – so‘mning erkin konvertatsiyasini joriy etib, xorijiy investorlar tomonidan foydani repatriatsiya qilish bilan bog‘liq barcha cheklovlarni olib tashladik.
Bank va yirik korxonalarimiz ilk marta xalqaro reytinglar olib, jahon moliya bozorlariga chiqdi. Dunyo bozorlariga milliy valyutamizda ham xalqaro obligatsiyalar chiqarildi.
Shu bilan birga, biz bank-moliya sohasidagi islohotlarimizni tizimli ravishda davom ettirish zarurligini albatta yaxshi tushunamiz.
Ikkinchidan, mamlakatimizda ochiqlik siyosatini ta’minlash uchun 90 ta xorijiy davlat fuqarolari uchun O‘zbekistonga vizasiz kirish imkoniyatini yaratdik. Yana 60 ga yaqin mamlakat fuqarolariga esa yengillashtirilgan tartibda viza olish imkoniyati berildi.
Bu ko‘rsatkichlar bo‘yicha O‘zbekiston mintaqadagi eng ochiq davlat maqomini qo‘lga kiritgani bugun hech kimga sir emas.
Uchinchidan, korrupsiyaga qarshi kurashish O‘zbekistonda davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Bu boradagi sa’y-harakatlarimizni amalga oshirish maqsadida alohida Agentlik tashkil etildi.
Bu sohada boshlagan ishlarimizni davom ettirib, iqtisodiyotda shaffoflikni ta’minlash va korrupsiyaga qarshi qat’iy kurash olib borish yanada kuchaytirilmoqda.
To‘rtinchidan, mamlakatimizda yashayotgan har bir insonning huquq va erkinliklarini kafolatlash va to‘liq himoya qilishni ham eng ustuvor vazifa sifatida belgiladik.
Ikki yil avval O‘zbekistonda Inson huquqlari milliy strategiyasi qabul qilindi va tarixda birinchi marta mamlakatimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari kengashiga a’zo etib saylandi.
O‘zbekistonni qonun va adolat mustahkam qaror topgan demokratik mamlakatga aylantirish, mustaqil va kuchli sud-huquq tizimini shakllantirish – eng oliy maqsadlarimizdan biri sifatida kun tartibiga qo‘yildi.
Beshinchidan, islohotlarimizning muhim yo‘nalishi sifatida mamlakatda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va so‘z erkinligini ta’minlash, demokratik media makon yaratish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Ommaviy axborot vositalarini “to‘rtinchi hokimiyat”ga aylantirish, davlat idoralarining jamiyat oldidagi hisobdorligini oshirish borasida sezilarli natijalarga erishilmoqda. Bu boradagi eng muhim yutug‘imiz shuki – biz jamiyatimizda “yopiqlik muhiti”dan qutulib, Yangi O‘zbekiston poydevorini aynan erkinlik va adolat tamoyillari asosida barpo etmoqdamiz.
Oltinchidan, ko‘p yillar davomida mamlakatimizni turli “qora ro‘yxat”larga kiritilishi uchun sabab bo‘lgan majburiy mehnat, jumladan, bolalar mehnatiga to‘liq barham berildi. Buning e’tirofi sifatida yaqinda xalqaro Nodavlat notijorat tashkilotlari koalitsiyasi – Cotton Campaign hamda jahondagi mashhur brendlar tomonidan O‘zbekiston paxtasi va to‘qimachilik mahsulotlariga nisbatan ilgari o‘rnatilgan boykot bekor qilindi.
Yettinchidan, biz islohotlarimizning birinchi kunidan boshlab ta’lim va inson kapitalini rivojlantirishga alohida e’tibor berib kelmoqdamiz.
So‘nggi 5 yilda mamlakatimizda 21 mingdan ortiq yangi maktabgacha ta’lim muassasalari tashkil etilib, ushbu maskanlarda tarbiya olayotgan bolalarimiz qamrovi avvalgi 27 foizdan 67 foizga ko‘tarildi.
Bundan tashqari, 200 ga yaqin yangi maktablar barpo etildi, 3 mingdan ortiq mavjud maktablar esa rekonstruksiya qilindi va to‘liq jihozlandi.
Shu o‘tgan qisqa davrda 82 ta yangi universitet va institut, jumladan, 23 ta xorijiy oliygoh tashkil etilib, oliy ta’lim dargohlarining umumiy soni 159 taga yetdi. Natijada maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim bilan qamrov darajasi oldingi 9 foizdan 28 foizga yetkazildi va bu yo‘nalishdagi ishlarimiz davom ettirilmoqda.
Barcha sohalarda bo‘lgani kabi sog‘liqni saqlash tizimida ham muhim islohotlar izchil olib borilmoqda. Shifoxonalar va tez tibbiy yordam punktlarini dori-darmon va zarur buyumlar bilan ta’minlash maqsadida davlat tomonidan ajratilgan mablag‘lar miqdori o‘tgan davrda 12 barobar ko‘paytirildi.
Sakkizinchidan, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan soliq siyosati ham biznes sohasini rag‘batlantirishga xizmat qilmoqda.
So‘nggi yillarda soliqlarning umumiy sonini 13 tadan 9 taga tushirdik. Mol-mulk, shaxsiy daromad va ijtimoiy soliq stavkalari ikki barobar pasaytirildi. Shu bilan birga, import bo‘yicha 6 mingga yaqin boj stavkalari ham kamaytirildi. Shuningdek, o‘tgan 5 yil ichida 200 ga yaqin litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilindi yoki soddalashtirildi.
Tadbirkorlik subyektlari zimmasidagi soliq yukini yanada kamaytirish hamda soliq ma’murchiligini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar tizimli ravishda davom ettirilmoqda.
To‘qqizinchidan, O‘zbekistonda “yagona darcha” tamoyili asosida xorijiy investorlar bilan ishlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim joriy etilib, sarmoyadorlarga har tomonlama ko‘mak beradigan, barcha hudud va tarmoqlarni qamrab olgan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Natijada iqtisodiyotimizga jalb qilingan yillik xorijiy investitsiyalar hajmi 3,5 barobar oshib, oxirgi 5 yilda ularning umumiy qiymati 25 milliard dollarni tashkil etdi. Buning hisobidan 59 mingta investitsiya loyihasi amalga oshirilgani mamlakatimizda 2,5 milliondan ortiq yangi ish o‘rinlarini yaratishga munosib hissa bo‘lib qo‘shildi.
Shuningdek, to‘qimachilik, charm-poyabzal, farmatsevtika, elektrotexnika, kimyo va neft-kimyo, qurilish materiallari, oziq-ovqat sanoatlari va boshqa ko‘plab sohalardagi qayta ishlash darajasini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga hamda eksportning yillik hajmini salkam 20 milliard dollarga yetkazishga muvaffaq bo‘ldik.
O‘ninchidan, ikki yil avval mamlakatimiz tarixida birinchi marta kambag‘allikni bartaraf etishni hukumat siyosatining asosiy maqsadlaridan biriga aylantirdik.
Ushbu yo‘nalishda alohida strategiya qabul qilinib, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tashkil etildi. Natijada qisqa davrda yarim milliondan ortiq oilani muhtojlar toifasidan chiqarishga erishdik.
Umuman olganda, 5 yil davomidagi harakatlarimiz o‘zining ijobiy natijalarini bermoqda. Bu fikrni islohotlarimizning dastlabki yillaridayoq iqtisodiyotimizning yillik o‘rtacha o‘sishi – 5 foizni, sanoat sohasida esa – 8 foizni tashkil etgani ham tasdiqlaydi. Oltin-valyuta zaxiralarimiz 27 milliard dollardan 35 milliard dollarga yetdi.
Hatto koronavirus pandemiyasi avj olgan 2020-yilda ham mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining o‘sishida ijobiy dinamika saqlab qolingani, 2021-yilda esa uning o‘sish sur’ati 7 foizdan oshgani islohotlar yo‘lining to‘g‘ri tanlanganidan dalolat bo‘lib, bizni yangi amaliy marralarga da’vat etmoqda.
Muhtaram forum ishtirokchilari!
Mamlakatimizdagi 5 yillik islohotlar jarayonining eng muhim yutug‘i sifatida bir fikrni to‘la ishonch bilan ta’kidlash mumkin: O‘zbekistonda islohotlar ortga qaytmaydigan muqarrar tus olgani real haqiqatdir.
Yaqinda biz kelgusi 5 yilga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini qabul qildik. Ushbu strategiya “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” degan tamoyil asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, mamlakatimizda erkin fuqarolik jamiyati va inson kapitalini rivojlantirish, tadbirkorlik faoliyatini yanada rag‘batlantirish, investorlar huquqlarini himoya qilish, xususiy mulk daxlsizligi va gender tenglikni ta’minlash kabi muhim vazifalarga qaratilgan.
Strategiyamizning pirovard maqsadi – davlatimiz va jamiyatimizning barcha soha va yo‘nalishlarida “Inson qadri uchun” g‘oyasini hayotga tatbiq etishni ko‘zda tutadi.
Bu yo‘nalishlar quyidagilardan iborat.
Birinchi yo‘nalish – mamlakatimizda iqtisodiy va siyosiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni izchil davom ettirish.
Jumladan, keng ko‘lamli ma’muriy islohotlarni amalga oshirish va raqamlashtirishni joriy etish orqali biznes uchun yanada qulay sharoit yaratish, davlat boshqaruvi tizimining natijadorligini oshirish orqali ishbilarmon va tadbirkorlarga ko‘mak beradigan, ixcham va yuqori samarali hukumat tizimini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Ikkinchi yo‘nalish – davlatning iqtisodiyotdagi roli va ulushini keskin qisqartirish.
Xalqaro moliya institutlari va xorijiy konsalting kompaniyalari ko‘magida davlat aktivlarini xususiylashtirish orqali 2026-yilga qadar eksklyuziv huquqlarni bekor qilish va davlat korxonalarini xususiylashtirish hisobidan 25 dan ortiq faoliyat turlari bo‘yicha monopoliyalar tugatiladi, tijorat banklarida transformatsiya jarayonlari davom ettirilib, bank aktivlarida xususiy sektorning ulushi 60 foizga yetkaziladi, davlat ishtirokidagi korxonalar soni kamida 3 barobar qisqartiriladi.
Fursatdan foydalanib, forumda qatnashayotgan siz, hurmatli investor va tadbirkorlarga oshkoralik, shaffoflik va raqobat tamoyillari asosida o‘tkaziladigan xususiylashtirish jarayonlarida keng ishtirok etishingiz uchun barcha sharoitlar yaratishimizni ta’kidlab aytmoqchiman.
Uchinchi yo‘nalish – mamlakatimizda infratuzilmani jadal rivojlantirishni davom ettirish.
O‘zbekistonda xorijiy investorlar bilan birgalikda davlat-xususiy sheriklik mexanizmini joriy etgan holda, energetika, transport, sog‘liqni saqlash, ta’lim, infratuzilmani rivojlantirish va yo‘l qurilishi sohalarida umumiy qiymati 15 milliard dollarlik 200 dan ortiq loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Barchangizni ushbu jarayonlarda faol ishtirok etib, o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishga taklif etamiz.
To‘rtinchi yo‘nalish – iqtisodiyotimizni sanoatlashtirish doirasida boy xomashyo zaxiralarimizni chuqur qayta ishlash orqali yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish.
Xabaringiz bor, O‘zbekiston ko‘plab foydali qazilmalar zaxirasi bo‘yicha dunyoning yuqori o‘rinda turadigan 20 ta davlati qatoriga kiradi. Jumladan, mamlakatimiz oltinning resurs bazasi bo‘yicha dunyoda – 2-o‘rinni, mis bo‘yicha – 7, volfram bo‘yicha – 8, kumush bo‘yicha – 9, uran bo‘yicha 12-o‘rinni, tabiiy gaz ishlab chiqarish sohasida esa 16-o‘rinni egallaydi.
Ana shunday boy xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlagan holda, kelgusi 5 yilda kimyo va gaz-kimyo, misni qayta ishlash, elektronika, farmatsevtika, to‘qimachilik va ko‘plab boshqa sohalarda 120 milliard dollarlik investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha aniq loyihalar ishlab chiqilgan.
Beshinchi yo‘nalish – inson kapitaliga investitsiya kiritish.
Kelgusi 5 yilda maktabgacha ta’lim sohasida – 7 mingdan ziyod yangi muassasalar tashkil etish orqali qamrov darajasi hozirgi 67 foizdan 80 foizga yetkaziladi, maktab ta’limi tizimi uchun o‘quv dasturlari va darsliklar ilg‘or xorijiy tajriba asosida to‘liq qayta ishlanadi va qo‘shimcha 1 million 200 ming o‘quvchi uchun yangi maktablar barpo etiladi, oliy ta’lim sohasidagi qamrov darajasi 50 foizga yetkaziladi.
Biz professional ta’lim tizimini ilg‘or xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, shuningdek, yuqori malakali mutaxassislarni zamon talablaridan kelib chiqib, iqtisodiyotimiz ehtiyojlari uchun IT va muhandislik yo‘nalishlariga ixtisoslashtirishni ustuvor vazifa sifatida belgiladik.
Masalan, Birlashgan Arab Amirliklari hukumati bilan birgalikda amalga oshirilayotgan “Bir million dasturchi” loyihasi ushbu yo‘nalishdagi amaliy harakatlarimiz namunasidir. Maqsadimiz – iqtisodiyotimizning “drayver” tarmoqlarini yetuk va malakali mutaxassislar bilan to‘liq ta’minlashdan iborat.
Alohida ta’kidlash zarurki, O‘zbekiston bugungi kunda iqtisodiy resurslar bilan birga katta insoniy salohiyatga, zamonaviy bilim va chet tillarni puxta o‘zlashtirgan yangi avlod kadrlariga ega. Bu bizning eng katta boyligimiz hisoblanadi.
Oltinchi yo‘nalish – mamlakatimizda tashqi savdoni yanada erkinlashtirish, eksport va import faoliyatlari uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish.
O‘zbekiston yaqin yillarda Jahon savdo tashkilotiga to‘laqonli a’zo bo‘lish uchun aniq qadamlar qo‘ymoqda. Hozirning o‘zida respublikamizda mahsulot ishlab chiqaruvchilar erkin savdo orqali 280 million iste’molchisi bo‘lgan mintaqaviy bozorlarga chiqish imkoniyatiga ega.
Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqining kengaytirilgan preferensiyalar tizimi GSP + doirasida O‘zbekistondan 6 mingdan ortiq mahsulot turlarini Yevropa bozoriga imtiyozli shartlarda eksport qilish mumkin.
Shuningdek, milliy eksportchilarimizga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish uchun hozirgi vaqtda Hindiston, Turkiya, Koreya Respublikasi va boshqa davlatlar bilan imtiyozli va erkin savdo bitimlarini imzolash bo‘yicha aniq choralar ko‘rilmoqda.
Mavjud transport koridorlarini diversifikatsiya qilish maqsadida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Transafg‘on temir yo‘li orqali Janubiy Osiyoga, “O‘zbekiston—Qirg‘iziston—Xitoy temiryo‘li orqali Osiyo—Tinch okeani mintaqasiga hamda Janubiy Kavkazni kesib o‘tadigan multimodal transport koridori orqali Yevropa mamlakatlariga yetkazish uchun imkoniyatlar yaratish bo‘yicha ham amaliy harakatlar olib borilmoqda.
Yettinchi yo‘nalish – mamlakatimizning investitsiya jozibadorligini oshirish, biznes muhitini yanada yaxshilash.
Bu soha rivoji uchun amaliy takliflarni ishlab chiqish maqsadida 2022-yildan e’tiboran O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashi yig‘ilishlarini muntazam o‘tkazib borish yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, kraudsorsing platformasi va zamonaviy raqamli yechimlardan foydalangan holda, barcha tarmoq va hududlardagi investor va tadbirkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘tkazish amaliyotini davom ettiramiz.
Bizning mamlakatimizda 20-avgust sanasi Tadbirkorlar kuni sifatida belgilangan. Ayni shu kunda prezidentning tadbirkorlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Men bugungi anjumanda ishtirok etayotgan barcha investor va tadbirkorlarni bo‘lg‘usi ana shunday muloqotda o‘zlarini qiziqtirgan savol va takliflar bilan ishtirok etishga mamnuniyat bilan taklif etaman.
Umuman olganda, amalga oshiriladigan islohotlarimiz natijasida kelgusi 5 yilda yalpi ichki mahsulot hajmini 100 milliard dollarga, yillik eksport hajmini esa 30 milliard dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan. Xususiy sektorning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 80 foizga yetkaziladi.
Biz O‘zbekistonning 2030-yilga borib aholisi o‘rtadan yuqori daromad oladigan davlatlar qatoridan joy olishiga erishishni aniq maqsad qilib qo‘yganmiz.
Hurmatla do‘stlar!
Oxirgi yillarda dunyoda yuz berayotgan pandemiya sinovlari, iqtisodiyot sohasidagi mavjud qiyinchiliklar va boshqa muammolar bizni nostandart choralar ko‘rishga, yangicha vaziyatda ishlash va natijaga erishishga o‘rgatmoqda.
Dunyodagi bugungi murakkab vaziyatda ham O‘zbekiston – yashash va ishlash uchun tinch va xavfsiz makon sifatida tanilganini hech kim inkor eta olmaydi. Biz investorlar uchun eng qulay va jozibador sharoitlar yaratish bo‘yicha sa’y-harakatlarimizni yanada jadallashtiramiz.
Islohotlarni amalga oshirish jarayonidagi eng murakkab vazifa – bu faqat qonunchilikni o‘zgartirish yoki turli strategiyalarni ishlab chiqishdan iborat emas. Bular albatta muhim, lekin eng asosiysi – odamlarning dunyoqarashi va fikrini o‘zgartirish ekanini, o‘ylaymanki, dunyodagi barcha islohotchilar tan olsa kerak.
Bugun ushbu zalda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti komandasi a’zolari – vazirlar, idoralar va mahalliy hokimliklar rahbarlari ham qatnashmoqda. Ularning hammasi, yuqorida ta’kidlanganidek, yuksak malakali mutaxassislar, zamonaviy dunyoqarashga ega, Yangi O‘zbekiston vakillari bo‘lib, ushbu forumga tayyorgarlik doirasida mendan aniq topshiriqlar olishgan. Bu rahbarlar forumga tashrif buyurgan Siz, hurmatli mehmonlarimiz bilan amaliy va o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatish, yangi loyihalarni ishlab chiqish, eng muhimi – investor va tadbirkorlarga har tomonlama qulay sharoitlar yaratish uchun muntazam ishlashga tayyor.
Shuningdek, Forum ishida xorijiy sheriklarimiz bilan yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga tayyor bo‘lib turgan O‘zbekistonning yetakchi tarmoq birlashmalari, xususiy kompaniyalari va korxonalari rahbarlari ham ishtirok etmoqda.
Forum doirasida sizlarning e’tiboringizga O‘zbekistonda o‘z biznesingizni samarali yuritishingiz uchun mavjud sharoitlar va yangi istiqbollar to‘g‘risida keng ma’lumot beradigan 30 dan ziyod tadbirlar bilan bir qatorda, 200 dan ortiq jozibador loyihalar bo‘yicha takliflar ham havola etiladi.
Hurmatli investorlar!
Xonimlar va janoblar!
Ma’lumki, hozirgi zamon butun jahon iqtisodiyoti raqamlashtirish jarayoniga o‘tayotgan, “yashil” texnologiyalar va innovatsion taraqqiyot har qanday soha va biznes rivoji uchun ustuvor ahamiyat kasb etayotgan bir davrdir. Biznes va tadbirkorlik, xalqaro iqtisodiy aloqalar uchun beqiyos imkoniyatlar ochilayotgan mana shunday sharoitda sizlarni qadimiy sivilizatsiya va madaniyat maskani bo‘lgan, bugungi kunda yangilanish va islohotlar yo‘lidan dadil borayotgan Yangi O‘zbekiston bilan amaliy hamkorlik o‘rnatishga taklif etaman.
Sizlarning mamlakatimizda muvaffaqiyatli faoliyat olib borishingizni ta’minlash – O‘zbekiston prezidenti va hukumati tomonidan kafolatlanadi.
Barchangizni ulkan va mushtarak maqsadlarni amalga oshirish, o‘zaro manfaatli sheriklik aloqalarimizni yangi, yanada yuksak bosqichga ko‘tarish uchun faol amaliy harakatlarga da’vat etaman.
Anjumanimizning barcha ishtirokchilariga forum natijalari bo‘yicha muhim va samarali kelishuvlarga erishishni, kelgusi ishlarida esa yangi yutuq va zafarlar yor bo‘lishini tilayman.
E’tiboringiz uchun rahmat.
Mavzuga doir:
Izoh (0)