Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Rossiya mamlakat mavjudligiga haqiqiy tahdid yuzaga kelgan taqdirdagina yadro qurolidan foydalanishi mumkin. Bu haqda Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov CNN telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Foto: “TASS”

Foto: “TASS”

“Milliy xavfsizlik konsepsiyamiz bor, u ochiq bo‘lib, yadro qurolidan foydalanishga olib keladigan barcha sabablarni o‘qib olishingiz mumkin. Ya’ni mamlakat mavjudligiga tahdid yuzaga kelsa, undan konsepsiyamizga mos ravishda foydalanilishi mumkin”, — deydi Peskov.

27-fevral kuni prezident Vladimir Putin mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Bosh shtab rahbari Valeriy Gerasimov bilan uchrashdi. Yig‘ilishda u to‘xtatuvchi kuchlarni maxsus shay holatga keltirishni buyurgan. To‘xtatuvchi kuchlar jumladan yadroviy kuchlarni anglatadi. Putin ushbu qarorni NATOdagi yetakchi davlatlarning yuqori mansabdor shaxslari “Rossiyaga qarshi tajovuzkor bayonotlar yangrashiga yo‘l qo‘yayotgani” bilan izohlagan.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov yadroviy urush boshlanishiga ishonmasligini ma’lum qilgandi. “Diqqatingizni shu narsaga qaratmoqchimanki, Ukrainada so‘nggi yillarda sodir bo‘layotgan voqealar hamda oxirgi oylar va haftalardagi keskinlikda yadro mavzusini faqat G‘arb vakillari, birinchi navbatda NAVO a’zolari muhokama qilmoqda”, — degan edi vazir.

Lavrov G‘arb siyosatchilari tomonidan bildirilgan qator fikrlarni misol qilib keltirgan. Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Liz Trass NATO va Rossiya o‘rtasidagi mojaroni istisno etmagan. Fransiya TIV rahbari Jan-Iv Le Drian o‘z navbatida, Putin mazkur mamlakatda ham yadro quroli borligini unutmasligini ma’lum qilgan.

Rossiya TIV rahbari so‘zlariga misol sifatida AQSH prezidenti Jo Baydenning sanksiyalarga muqobil javob faqat Uchinchi jahon urushi bo‘lishi borasidagi gaplarini keltirgan.

Peskov CNN’ga intervyusida Ukrainadan Rossiyaga kelgan qochqinlar uchun “menhat lagerlari” borligi to‘g‘risida xabarlarni rad etgan. “Biz nafaqat harbiy operatsiya sharoitida, balki qattiq axborot urushi, feyklar urushida yashayapmiz”, — deya ta’kidlagan Peskov. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Ukraina Donbassga qarshi harbiy operatsiya o‘tkazishga tayyorlanayotgani to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘lgan. Peskovning aytishicha, Moskva “normand formati”da progressga erishishga umid qilgan.

Avvalroq The Washington Post gazetasi Mariupol rahbariyatiga tayanib, shahar aholisi Rossiyaga jo‘natilishdan oldin ularning telefon va hujjatlari Novoazovskdagi “filtrlash lageri”da tekshirilayotganini ma’lum qilgan.

Rossiyaning AQSHdagi elchixonasi Amerika OAVlarini “barcha chegaralarni buzib o‘tayotgan” noprofessionallik va yolg‘on ayblagan.

Rossiya—Ukraina urushiga oid tezkor, ishonchli yangiliklar va ma’lumotlarni “Daryo”ning Live sahifasi orqali kuzatib boring → @Daryo_Live

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Global inflyatsiya o‘zining eng yuqori darajasiga yetgan — Financial Times
Madaniyat
Musiqiy chartlarni “portlatgan” albom, 4-farzandini kutayotgan oila va 3-marta turmushga chiqqan Britni Spirs: 2022-yilda Gollivud yulduzlari hayotida sodir bo‘lga...
Dunyo
Global elektron tijorat bozori 2022-yilda 5,8 trln dollarga yetishi kutilmoqda