Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Ukrainada yashayotgan o‘zbekistonliklarni Polsha orqali mamlakatga evakuatsiya qilish ishlari davom etmoqda. 1-mart kuni soat 21:00 da O‘zbekistonga uchinchi maxsus aviareys yetib keldi. “Daryo” muxbiri Toshkent xalqaro aeroportida bo‘lib, Ukrainadan kelgan fuqarolar bilan suhbatlashdi.

Bu gal vatanga qaytganlarning aksariyati shiddatli janglar kechayotgan Xarkov shahridan kelgan. Ulardan biri Tolibjon Mamatohirov bombalar portlashiga guvoh bo‘lgani, boshidan kechirgan qiyinchiliklarni so‘zlab berdi.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

“Xarkovda 24-fevral kuni azonda portlashlar boshlandi. Hamma ishimizni tashlab boshpanaga qochdik. 1 kun oldin bizga urush bo‘lishi aytilgandi. Shahar markazida yashar edik. Bizdan 2 kvartal nariga bomba tushdi. U yoningizda portlasa, odamni qaltiratib yuborarkan. Yaqinimizda portlagan bomba oynalarni sochib yubordi. Bunday narsani ertak deb o‘ylardim. Ko‘z bilan ko‘rib, quloq bilan eshitgandan so‘ng, bu nihoyatda yomon ekanini angladim. Uy, mashina, topgan pullarimizning hammasini tashlab qochdik. O‘zim va oilam sog‘ligi uchun u yerdan qochishga to‘g‘ri keldi. Shaharda aholi qolmadi. Hamma Polshaga chiqib ketdi. Halok bo‘lganlarni ham ko‘rdim. Ko‘p qavatli uylarda ham bombalar portladi.

25-fevral kuni bizdan 4 kilometr uzoqlikdagi tank ishlab chiqaradigan zavodni portlatishdi. O‘shanda nihoyatda qo‘rqinchli bo‘ldi. Ishonsangiz, uyda qanday kiyinib turgan bo‘lsak, shunday yo‘lga chiqdik. Ko‘limizga hech narsa olmadik, ola olmadik ham. Hozir Toshkentdan Farg‘onaga yetib olgani yonimizda yo‘lkiramiz ham yo‘q. O‘zbekiston elchixonasiga rahmat, bizni yaxshi kutib olib, vatanga qaytishimizga katta yordam berdi”, — dedi u.

Tolibjon Mamatohirovning ayoli Shahnoza Turg‘unova ham ko‘rgan kechirganlarini gapirib, oila bombardimon paytida 3 sutka yerto‘lada yashaganini aytdi.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

“Bang‘illash boshlanishi bilan yerga yotib olardik. Hovlili uyda yashardik. Bo‘yi 1 metrli ‘podval’imiz bor edi. U yerda turgan idishlarni olib chiqishga ham ulgurmay qoldik. Bombalar portlashni boshlagach, yerto‘laga tushib 3 kun yashadik. Zax, sovuqda juda qiynaldik. Yeb-ichishimiz o‘sha yerda bo‘ldi. Yerto‘laga tushayotib 2–3 ta qora non olib olgandik. Bolalarim ‘non yemayman’, deb yig‘ladi. Ilojsiz yedik. Shunaqa qilib kun ko‘rdik.

Metrolarda bolalar tug‘ildi. Bolalarim bilan metroga qochmoqchi bo‘ldik, ammo ulgurmadik. Erim tashqariga chiqsa, gumburlagan ovozlar kelardi va yugurib ortiga qaytardi. Zavodga qarab otilgan ayrim bombalar ko‘pqavatli uylarga tushgan. Juda qo‘rqinchli edi. Lvovga kelib olguncha ham yurak bizniki bo‘lmadi. Qattiq qo‘rquv ostida edik. O‘zbekistonni hech qayerga almashmayman. Qattiq non yesak ham umrimiz endi shu yerda o‘tadi”, — dedi ayol.

Ukrainaning Xarkov shahrida tahsil olayotgan talabalardan biri Shahrizoda Fayziyeva ham maxsus aviareysda Toshkentga yetib keldi. Uning aytishicha, Xarkov bombardimon oqibatida xarobaga aylangan.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

“24-fevral kuni saharda bomba shunaqa portladiki, derazadan tashqariga qarasam atrof tuman bo‘lib ketgan edi. Ko‘z ochib bo‘lmasdi. Hamma yig‘lagan, shok holatga tushgandi. Keyin bizni yerto‘laga olib tushib ketishdi. Juda ham qo‘rqdik. U yerda 5 soat o‘tirdik. Ovqat yeyish uchun yuqoriga chiqsak, yana gumburlashlar, otishmalar ovozi kelardi. Bir narsani bemalol yeb-ichib bo‘lmasdi. Uxlaymiz-u, bir necha daqiqadan so‘ng yana portlash eshitilardi, yana qo‘rqib uyg‘onardik. ‘Podval’da 3 kun yashadik. Hozir Xarkovning ahvoli juda ham yomon. Shahar 1–2 yilsiz o‘ziga kelmaydi. Hatto hokimiyatgacha portlatib yuborildi. Umuman yuradigan joy qolmagan. Hamma joy vayron bo‘lib ketgan. Ko‘chada askarlar avtomatlar bilan o‘tishibdi.

Polshaga ketishda vokzalda o‘tirganimizda ham tepamizda bombalar portlayverdi. Biz “O‘zbekistonga yeta olmaymiz, o‘sha yerda qolib ketamiz”, — deb juda ham qo‘rqdik. Kiyevda 5-6 soatlab suvsiz, ovqatsiz qolsak ham chidadik, ‘uyga yetib olsak bo‘ldi’, dedik.

Darslar onlayn bo‘layotgandi. Ammo 9-martdan universitetda bo‘lishi kerak edi. Ko‘p davlatlar talabalari o‘z mamlakatiga ketgandi. 24-fevral kuni boshlangan portlashlar sababli hamma o‘z davlatiga qochib keta boshladi. Hatto ukrainlar ham boshqa davlatlarga ketdi. Hozir ko‘p talabalarning pasporti turar joylarida qolib ketgan. Pasportsiz ketayotganlar ham ko‘p. O‘zbekistonga kelganimga shukr deyman. Hozir Xarkov shahrida qolish juda katta xato. Shu o‘rinda prezidentimizdan Ukrainada o‘qiyotgan talabalar o‘qishini O‘zbekistondagi universitetlarga ‘perevod’ qilishda yordam berilishini so‘rab qolaman. Chunki endi Ukrainaga borish xavfli”, — dedi talaba.

Ma’lumot uchun, Ukraina hududida bo‘lgan 1,5 ming nafardan ziyod O‘zbekiston fuqarosi Polsha orqali evakuatsiya qilinishi rejalashtirilgan. 2-mart holatiga ko‘ra, umumiy hisobda Ukrainadan Polsha hududi orqali beshta aviareyslar bilan 1 ming 186 nafar O‘zbekiston fuqarosi olib kelingan.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Biznes
Amazon, Meta, Alphabet va Microsoft xodimlarni qisqartirish uchun 10 mlrd dollardan ko‘proq mablag‘ sarflaydi
Mahalliy
Toshkentda avtokran qulashi oqibatida mashinist vafot etdi (video) 
Mahalliy
Turkmaniston O‘zbekistonga tekinga gaz yetkazib beradi