Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Los-Anjelesda 2022-yil 27-mart kuni topshiriladigan “Oskar” mukofotiga nomzodlar ro‘yxati e’lon qilindi. Jeyn Kempionning “Itning kuchi” filmi 12 nominatsiya bo‘yicha mukofotga nomzod sifatida ko‘rsatilgan bo‘lsa (u rejissorlik ishi uchun “Oskar”ga ikkinchi bor nomzodi qo‘yilgan tarixdagi birinchi ayol), Denis Vilnevning “Dyuna” filmi 10 ta nominatsiya bo‘yicha da’vogarlik qilmoqda. Kinotanqidchi Anton Dolin Meduza uchun shu va boshqa nomzodlar bo‘yicha maqola tayyorladi, “Daryo” esa uni o‘zbek tiliga o‘girdi.

Foto: Getty Images

Foto: Getty Images

Faxr tuyg‘usi barcha shov-shuvlar o‘rnini bosib ketdi — Anton Dyakovning 15 daqiqalik “BoksBalet” (2019) multfilmi “Qisqa metrajli animatsiya” yo‘nalishi bo‘yicha da’vogarlar beshtaligidan joy oldi. Umuman, animatorlarimiz “Oskar” borasida badiiy film rejissorlaridan ko‘ra omadliroq: Konstantin Bronzit (“Biz fazosiz yashay olmaymiz”, 2014) yillar davomida Amerika akademiklarining sevimli animatorlaridan biriga aylandi, bugungi kunda haykalchani qabul qilib olgan so‘nggi rus ijodkori esa yaroslavllik Aleksandr Petrov (“Chol va dengiz”, 1999) bo‘lib turibdi. Biroq Yuxo Kuosmanenning, bosh rolni Yura Borisov ijro etgan va mukofotning qisqa ro‘yxatiga kiritilgan, “Oltinchi kupe” (Compartment No. 6, 2021) kartinasi nomzodlarning yakuniy ro‘yxatidan joy ololmagan.

“Oskar”ni birgina amerikaliklarning emas, balki xalqaro mukofotga aylantirish orzusi bilan bog‘liq yangiliklardan biri yaponiyalik rejissor Ryusuke Hamaguchining Xaruki Murakami novellasi asosida suratga olingan “Mashinamni boshqar” (Drive my car, 2021) dramasi favqulodda muvaffaqiyat qozongani bo‘ldi. Kann kinofestivalida allaqachon e’tirof qilingan bu uch soatlik film to‘rtta nominatsiyani qo‘lga kiritdi. Ssenariy, rejissorlik ishi va yil filmi nominatsiyalari, shular jumlasidan (“Xalqaro film” yo‘nalishi ham).

Boshqa tomondan, akademiyaning ko‘p yillik arzandasi Pedro Almodovar shaxsiy nominatsiyalarsiz qoldi: uning “Parallel onalar” (Parallel mothers, 2021) kartinasi faqat Alberto Iglesias musiqasi va Penelopa Kruzning aktyorlik ishi uchun qayd etilgan.

Ledi Gaga, kutilganidan farqli o‘laroq, “Oskar” ro‘yxatidan joy olmagan, “Guchchi uyi” (House of Gucci, 2021) faqat grim bo‘yicha nominatsiyaga munosib ko‘rildi, xolos. Biroq eng yaxshi aktrisa nomiga Pablo Larrianning “Spenser” (Spencer, 2021) dramasida malika Diana rolini ijro etgan (filmda boshqa nominatsiyalar yo‘q) va matbuot tomonidan tanqid ostiga olingan Kristen Styuart da’vogarlik qilmoqda.

Yangi zelandiyalik Jeyn Kempionning Benedikt Kamberbetch ishtirokidagi “Itning kuchi” (The power of the dog, 2021) nomli revizionist vesterni 12 nominatsiya bo‘yicha nomzodlikni qo‘lga kiritib, joriy yilning mutlaq yetakchisiga aylangan (u va uning hamkasblari Kodi Smit Makfi, Jessi Plemons, Kristen Danst rejissorlik ishi bo‘yicha nomzodlar sifatida ko‘rilmoqda). 1994-yilda “Shindler ro‘yxati” ham, masalan, shuncha nominatsiyani qo‘lga kiritgandi.

“Itning kuchi” asosiy yo‘nalish bo‘yicha g‘alaba qozonishiga, ayniqsa Jeyn Kempionning professional tajribasini hisobga olsak, to‘la asos bor (u 1994-yilda “Pianino” filmiga yozilgan ssenariy uchun “Oskar”ga loyiq ko‘rilgan). Ehtimol, bu kinokompozitor va Radiohead gitarachisi Jonni Grinvud uchun musiqa yo‘nalishi bo‘yicha o‘zi anchadan beri loyiq bo‘lgan mukofotga egalik qilishga birinchi jiddiy imkoniyatdir.

Boshqa tomondan, akademiklar tajribalarni yoqtirmaydi va haykalcha shu sababli ham “Dyuna” (Dune, 2021) uchun musiqa yozgan Hans Zimmerga nasib qilishi mumkin. Ko‘pchilik hayratda, lekin Deni Vilnyovning ushbu ilmiy-fantastik ekologik eposi o‘nta nominatsiya bilan “Itning kuchi”dan keyingi o‘rinni band qilgan. “Dyuna” kutilmaganda g‘alaba qozonsa, tarixda birinchi marta butun film emas, balki uning  bir qismigina eng yaxshi film sifatida tan olingan bo‘ladi.

Nominatsiyalar soni bo‘yicha uchinchi o‘rinni Stiven Spilbergning ko‘rkam “Vestsayd hikoyasi” (West Side Story, 2021) filmi va Kennet Brananing nostalgik ruhdagi “Belfast” (Belfast, 2021) taqsimlab olgan — ikkisi yettitadan nominatsiya bo‘yicha tilga olingan. Keyingi o‘rinlarni Reynaldo Markus Grinning saxovatpesha “Qirol Richard”i (King Richard, 2021, oltita nominatsiya), Adam Makkeyning “Yuqoriga qarama” (Don’t look up, 2021) hamda Gilermo del Toroning “Sharpalar oshyoni” (Nightmare Alley, 2021) filmlari (har birida to‘rttadan) band qilgan.

Pol Tomas Andersonning “Qizilmiyali pitssa” (Licorice pizza, 2021) kartinasi, kutilganidek, autsayder deya tan olindi — film haddan tashqari individual va ekssentrik ruhda olingani uchun yetakchilar safiga qo‘shila olmagan: unda, eng asosiy yo‘nalishlarda bo‘lsa ham, atigi uchta nominatsiya bor — ssenariy, rejissorlik ishi, eng yaxshi film. “Magnoliya” (Magnolia, 1999) va “Qon to‘kilajak” (There will be blood, 2007) filmlari muallifi nisbatan yangilar — “Adashgan qiz” (The lost daughter, 2021) nomli asabiy psixodrama rejissori Meggi Jilenholl va “Ota-onasi kar bola” (CODA: child of deaf adults, 2021) filmi bilan “Sandens” festivali g‘olibiga aylangan Sian Xederga teng ko‘rilgan (bularda ham uchtadan nominatsiya).

“Oskar”lar 27-mart kuni topshiriladi.

Ma’lumot uchun, Yolqin To‘ychiyev suratga olgan “Faridaning ikki ming qo‘shig‘i” filmi 2021-yilgi “Oskar” mukofotiga nomzod sifatida taqdim etilgani haqida xabar berilgan, keyinroq esa film o‘z vaqtida taqdim etilmagani sababli ishtirokchilar ro‘yxatidan olib tashlangani aytilgandi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
“Daryo” kundaligida 2-dekabrda sodir bo‘lgan eng muhim voqealar
Mahalliy
“Ifloslantiruvchi to‘laydi” tamoyili, “yashil sertifikatlar”, energiya ulushini kamaytirish: Mirziyoyev “yashil” iqtisodiyot taqdimoti bilan tanishdi
Dunyo
Britaniya razvedkasi Rossiya Ukrainadagi urushda quruqlikdan hujum qilolmayotgani sababini tushuntirdi