Shavkat Mirziyoyev raisligida 2-fevral kuni chiqindilar bilan ishlash tizimini takomillashtirish va hududlardagi ekologik holatni yaxshilash, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha 2022-yildagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilish o‘tkazildi. Unda maishiy chiqindilarni yig‘ish va utilizatsiya qilish masalalariga to‘xtalib o‘tildi, deb xabar qilmoqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.
Qayd etilishicha, yig‘ilishda dunyoda qattiq maishiy chiqindilar miqdori aholi jon boshiga har yili 1 foizga ortib borayotgani, mamlakatda so‘nggi yillarda iqtisodiy o‘sish, aholi turmush darajasi yaxshilanishi natijasida o‘sish 2 foizni tashkil etib, yillik hosil bo‘layotgan maishiy chiqindilar miqdori 7 million tonnaga yetgani aytilgan.
“Lekin ushbu chiqindilarni yig‘ish, saralash, olib chiqish, qayta ishlash va utilizatsiya qilish ahvoli qoniqarli emas”, — degan davlat rahbari.
Misol uchun, maishiy chiqindilarni qayta ishlash darajasi Andijonda 45 foiz, Buxoroda 43 foiz, Navoiy va Namanganda 36 foizni tashkil etib, yaxshi natija ko‘rsatilmoqda. Qoraqalpog‘iston 10 foiz, Farg‘ona va Qashqadaryo 20 foiz bilan qolgan hududlardan orqada.
“Sababi — ushbu hududlarda maishiy chiqindilarni yig‘ish va qayta ishlash klasterlari faoliyati hali tizimli yo‘lga qo‘yilmagan”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, chiqindilarni olib chiqish qamrovi 90 foizga yetgan bo‘lsa-da (2017-yilda atigi 25 foiz edi), 781 ta mahallada 30 yildan buyon chiqindini olib chiqish masalasi hal etilmagani tanqid qilingan.