Toshkentda xitoylik erkakka kuch ishlatib, uning 5,5 ming dollardan ortiq pullarini talon-toroj qilgan ayollarga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Toshkent shahar sudi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, D.X. ismli ayol voyaga yetmagan U.A. bilan til biriktirib, xitoylik erkakning pullarini qo‘lga kiritishni maqsad qilgan va uni telefon orqali chaqirgan. Ayollar erkakning mashinasida ketayotganda D.X. kuch ishlatgan holda Xitoy fuqarosining bo‘ynidan ushlab, bir qo‘li bilan sirkaga botirilgan matoni yuziga bosgan. Ammo erkak hushidan ketish o‘rniga mashinani to‘xtatib, qochib ketgan.

Shundan so‘ng D.X. va U.A. mashina yukxonasidan erkakka tegishli bo‘lgan fuqarolik pasporti, haydovchilik guvohnomasi, ish guvohnomasi, 5,5 ming dollar, 2 ming yuan, 15 ming rubl va bir dona flesh-karta bo‘lgan ko‘k rangli sumkani talon-toroj qilib, unga jami 61,577 million so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazib, voqea joyidan yashiringan.

Bundan tashqari, D.X. va U.A. xitoylik erkakka tegishli bo‘lgan hujjatlarni dalaga tashlab, yo‘q qilgan.

Mazkur ayollarga nisbatan chiqarilgan sud hukmiga ko‘ra, fuqaro D.X. 4 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Uning sherigi U.A.ga esa 1 yil 8 oy 24 kun muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Shuningdek, jabrlanuvchi foydasiga 10 million 651 ming so‘m moddiy zarar undirilishi belgilangan.

Avvalroq Buxoroda 8-sinf o‘quvchisi qo‘shnisining qariyb 5 mln so‘mlik buyumlarini o‘g‘irlagani, Toshkentdagi bozordan 280 ming so‘mlik buyumlarni o‘g‘irlagan to‘rt ayol qo‘lga olingani, Namanganda 15 yoshli qizlar o‘zganing kir mashinasini jabrlanuvchining uyidayoq sotib yuborgani to‘g‘risida xabar berilgandi.