Qashqadaryo viloyatida davom etayotgan kuchli shamol Nishon tumani hokimligi binosiga ham zarar yetkazdi, deya xabar berdi “Daryo” muxbiri.
Qayd etilishicha, kuchli shamol hokimlik binosining orqa, tom qismi tomonidagi qurilish materiallarini uchirib yuborgan. Tuman hokimligi axborot xizmati rahbari Ixtiyor Umarov holatni tasdiqladi. Uning aytishicha, hokimiyat binosi ta’miri davom etayotgan bo‘lgan.
Shuningdek, Qashqadaryo viloyati, xususan, Qarshi shahrida 28-yanvar kuni esgan kuchli shamol shahar markazidagi bozor tomiga ham zarar yetkazdi. Bu haqda “Daryo”ga viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmati rahbari Sohib Vaitov xabar berdi.
Qayd etilishicha, kuchli shamol oqibatida bozor tomi uchib, yuk avtomobili ustiga tushgan.
“Hayriyatki, ushbu transport vositasi va haydovchisi hamda bino atrofidagi yo‘lovchi fuqarolarga hech qanday tan jarohati yetmagan”, — deydi Sohib Vaitov.
Qo‘shimcha qilinishicha, voqea haqida 28-yanvar kuni soat 14:20 da viloyat FVBning 1050 qisqa raqami orqali xabar kelib tushgan.
“Qarshi shahridagi ‘Oqtepa eko’ bozorining tom yopmasi kuchli shamol ta’sirida qulagani to‘g‘risidagi xabarni olganimizdan so‘ng, aytilgan manzilga qutqaruv xizmatidan 2 ta bo‘linma jalb etildi. Hozirda qutqaruvchilar tomonidan vaziyat oqibatlari bartaraf etilmoqda”, — deydi boshqarma mas’uli.
Ma’lum bo‘lishicha, binoning 450 metr/kvadrat tom qismi zarar ko‘rgan va bino yonida bo‘lgan yuk avtomobili ustiga tom yopma konstruksiyasi qulab tushgan.
Avvalroq “O‘zgidromet” O‘zbekiston hududiga 28—29-yanvar kunlari Eron hududlaridan Kaspiy dengizi va Turkmaniston orqali nam va salqin havo massasi kirib kelishi kutilayotganini, shu sabab respublikaning bir qator hududlari, jumladan, Qashqadaryo viloyatida shamol 17-22 metr/sekundgacha, ayrim joylarda 25-28 metr/sekundgacha kuchayishi mumkinligini xabar qilgandi.
Shu kuni kuchaygan shamol ta’sirida Qarshi shahri markazida joylashgan katta ekran qulab tushgan.
Energetika vazirligi axborotiga ko‘ra, kuchli shamol kuzatilayotgani sababli Qashqadaryo viloyati tuman va shaharlarining ayrim hududlarida elektr energiyasi ta’minotida uzilish bo‘lmoqda. Shu sababli xavfsizlikni ta’minlash maqsadida elektr tarmoqlari vaqtinchalik tarmoqdan ajratilgan.
Vazirlik hududda kuchli shamol esishi pasaygandan so‘ng elektr energiyasi qayta tarmoqqa ulanishini bildirib, keltirilgan noqulayliklar uchun iste’molchilardan uzr so‘radi.
Izoh (0)