XX asr tarixida munosib nom qoldirgan yetakchi, irqiy kamsitishlarning ashaddiy dushmani Martin Lyuter King 1929-yilning 15-yanvarida Amerikada ruhoniy oilada dunyoga kelgan. “Daryo” mashhur yetakchi tug‘ilgan sana munosabati bilan uning eng shov-shuvli, o‘tmishda “posangisi og‘ir nutqlar” qatorida turadigan “Umidim shuldirki...” (I have a dream) murojaatini taqdim etadi.
Martin Lyuter King bu nutqni 1963-yil 28-avgustda qora tanlilar ish o‘rinlari va ozodlik istab Vashingtonga yurish qilgan vaqtda Linkoln haykalining poyida so‘zlagan. Bu Amerikada 1955—1968-yillarda davom etgan fuqaro huquqlari uchun kurash harakatidagi eng muhim palla edi.
Bugun biz soyayi davlatida yig‘ilgan buyuk amerikalik bundan yuz yilcha burun Negrlarni ozod qilish to‘g‘risidagi proklamatsiyani imzolagan edi. Bu muhim farmonga adolatsizlikning kuydiruvchi taftida jizg‘anak bo‘lgan millionlab qora qullar ulug‘vor umid mayog‘i sifatida qaradilar. Uni shodlik tongi, uzoq davom etgan asirlik kechasining intihosi deb qabul qildilar.
Ammo oradan yuz yil o‘tgan bo‘lsa-da, g‘oyat noxush bir holatni tan olishimiz kerak: negr hamon ozod emas. Afsuski, bugun bir asr o‘tib ham, negrning hayoti hamon segregatsiya (irqiy kamsitish shakllaridan biri — tarjimon) kishanlari va diskriminatsiya zanjirlari bilan zimistonga aylantirilmoqda. Oradan yuz yil o‘tgan bo‘lsa-da, hamon negr farovon hayot ummonining o‘rtasidagi qashshoqlik orolida kun ko‘rmoqda. Yuz yildan buyon negr Amerika jamiyatining pana-pastqam xilvatlarida ezilmoqda va o‘z yerida sig‘indi maqomida yashamoqda. Bugun biz bu yerga aynan shuning uchun, vaziyatning naqadar ayanchli ekanini ta’kidlash uchun keldik.
Biz davlatimiz poytaxtiga ramziy ma’noda chek bo‘yicha naqd pul olishga keldik deyishimiz mumkin. Bir paytlar respublikamizning tamal toshini qo‘yganlar Mustaqillik deklaratsiyasi va konstitutsiyadagi go‘zal so‘zlarni yozishar ekan, bu bilan har bir amerikalikka meros bo‘lib qoladigan o‘ziga xos vekselni imzolashgan edi. Ushbu veksel bilan hamma odamlarga yashash, ozod yashash huquqi, farovon turmush kafolatlangan edi.
Bugun shu narsa aniq bo‘ldiki, Amerika o‘zining rangli fuqarolariga ushbu veksel bo‘yicha to‘lovni amalga oshirishga qodir emas ekan. Qiyomat qarzini qaytarish o‘rniga Amerika negrlarning qo‘liga soxta chek tutqazdi, buni esa “mablag‘ yetishmaydi” belgisi bilan qaytardilar. Ammo biz adolat banki kasod bo‘lganiga ishonmaymiz. Ulkan imkoniyatlar xazinasiga ega davlatimizda mablag‘ yetishmasligiga ishonmaymiz. Shuning uchun ushbu chek bo‘yicha haqqimizni olgani keldik, bu chek bo‘yicha bizga erkinlik ganji va odillik kafolati berilishi kerak. Biz bu yerga, bu muqaddas joyga yana Amerikaga bugungi kunning qat’iy talabini eslatish uchun ham keldik.
Hozir ko‘ngilga taskin beradigan choralar bilan yoki tadrijiy qarorlar shaklidagi tinchlantiruvchi dorini ichish bilan qanoatlanib qoladigan payt emas. Segregatsiyaning zim-ziyo vodiysidan irqiy adolatning charog‘on yo‘liga chiqish vaqti keldi. Hamma imkoniyatlar eshigini ochish mavridi keldi. Bizning millatimizni irqiy adolatsizlikning bilqillama qumloqlaridan birodarlikning mustahkam qoyasiga olib chiqish fursati yetdi.
Negrlarning qat’iyatini yetarlicha baholamaslik va ushbu fursatning juda ham muhimligini e’tiborga olmaslikning oqibati davlatimiz uchun g‘oyat xavfli bo‘lishi mumkin. Erkinlik va tenglikning ruhlantiruvchi kuzi kelmaguncha negrlarning haqli noroziligining jazirama yozi tugamaydi. 1963-yil intiho emas, ibtidodir. “Negr bir qizishib ketdi-da, endi soviydi” deb o‘ylayotganlar qattiq adashadi, chunki bizning millat bundan buyon eskicha yashay olmaydi. Negrga uning fuqarolik huquqlari berilmaguncha, Amerika tinchlik-xotirjamlik nimaligini bilmaydi. Adolatli yorug‘ kun kelmaguncha inqilobiy bo‘ronlar davlatimiz asoslarini zirillataveradi.
Adolat saroyining tabarruk ostonasida turgan xalqimga aytadigan yana bir gapim bor. O‘zimizning haqqoniy o‘rnimizni egallash jarayonida bizni nojo‘ya harakatlarda ayblashlariga zamin yaratib bermasligimiz kerak. Keling, ozodlikka bo‘lgan tashnaligimizni alam va nafrat kosasidan suv ichib qondirmaylik.
Biz o‘z kurashimizni hamisha o‘z qadrimizni bilgan va tartib-intizomga rioya qilgan holda olib borishimiz kerak. Ezgu maqsadni ko‘zlagan noroziligimiz zo‘ravonlikka aylanib ketishiga yo‘l qo‘ymasligimiz zarur.
Biz jismoniy kuchga ruhiy kuch bilan javob berib, ulug‘vor yuksaklikka erishishga harakat qilishimiz lozim. Negrlar jamiyatida hukm surayotgan favqulodda jangovarlik barcha oq odamlarda bizga nisbatan shubha, ishonchsizlik uyg‘otmasligi kerak, chunki bizning oq birodarlarimizning ko‘pchiligi ularning taqdiri bizning taqdirimiz bilan chambarchas bog‘liqligini, ularning erkinligi bizning erkinligimiz bilan muqarrar ravishda bog‘liqligini anglab yetishgan, ularning bugun shu yerda hozir bo‘lgani shundan dalolat beradi. Biz yolg‘iz o‘zimiz maqsadga erisha olmaymiz. Harakatni boshlar ekanmiz, nima bo‘lganda ham olg‘a intilishga qasamyod qilishimiz kerak.
Biz ortga qayta olmaymiz. Fuqarolik huquqlarining fidoyi himoyachilaridan “Siz qachon tinchiysiz?” deb so‘rovchilar bor. Uzoq safar tufayli yo‘l azobini tortgan birodarlarimiz hordiq chiqarish uchun yo‘l bo‘yidagi motellar va shahar mehmonxonalaridan qo‘noq olmaguncha biz hech qachon tinchimaymiz. Negrning bir joydan boshqa joyga ko‘chishining asosiy turi kichik gettodan (getto — irqiy, milliy yoki diniy jihatdan past tutilgan aholi guruhi uchun ajratilgan kvartal, mahalla) katta gettoga ko‘chish bo‘lib qolaverar ekan, biz tinchimaymiz. Missisipidagi negr ovoz bera olmas ekan, Nyu-Yorkdagi negr esa ovoz berishda ma’ni yo‘q deb hisoblashda davom etar ekan, biz tinchimaymiz. Yo‘q, adolat arig‘i, odillik daryosi to‘lib oqmas ekan, biz hech qachon tinchimaymiz, xotirjam bo‘lishga haqqimiz yo‘q.
Ko‘pchiligingiz bu yerga og‘ir ko‘rgilik va azob-uqubatlarni boshdan kechirib kelganingizni hech qachon unutmayman. Ba’zilaringiz turmaning tang-u tor kameralaridan to‘g‘ri shu yerga kelgansiz. Ba’zilaringiz ozodlikka intilishingiz tufayli boshingizga politsiyaning qahr-u g‘azabi va ta’qib toshlari yog‘ilgan joylardan kelgansiz. Siz haq yo‘lida uzoq vaqt dard chekkan odamlarsiz. Nohaq chekilgan azob-uqubatning ajri borligiga ishongan holda ishlashda davom eting.
Missisipiga qayting, Alabamaga qayting, Luizianaga qayting, shimoliy shaharlarimizdagi gettolar va xarob mahallalarga qayting, bilingki, bu vaziyat qanday bo‘lmasin, o‘zgarishi mumkin va, albatta, o‘zgaradi. Keling, umidsizlik girdobida qiynalmaylik.
Quloq soling, do‘stlarim, shuncha qiyinchilik va ko‘ngilsizliklarga qaramay, mening bir umidim bor. Bu Amerika orzusiga chuqur singib ketgan umiddir.
Umidim shuldirki, millatimiz qaddini tik tutadigan va uning “Hamma odamlar teng huquqli qilib yaratilgan” degan aqidasi ro‘yobga chiqadigan kun keladi.
Umidim shuldirki, kun kelib Jorjiyaning qirmizi zaminida sobiq qullarning bolalari bilan sobiq quldorlarning bolalari birodarlarday bir dasturxon atrofida o‘tira oladigan bo‘ladilar.
Umidim shuldirki, kun kelib hatto adolatsizlik va jabr-zulmdan tinkasi qurigan Missisipidek sahroyi shtat ham adolat va ozodlik chechaklari gullab-yashnagan vohaga aylanadi.
Umidim shuldirki, kun kelib mening to‘rt bolam ularga terisining rangiga qarab emas, bor fazilat-u qusurlariga qarab baho beriladigan mamlakatda yashaydigan bo‘ladi.
Umidim shuldirki, kun kelib hozirgi gubernator: “Shtatning ichki ishlariga aralashmanglar, Kongress qabul qilgan qonunlarning bizga daxli yo‘q, ularni tan olmaymiz”, — deya iddao qilayotgan Alabama shtatida vaziyat o‘zgarib, jajji-jajji qora bolakaylar va qizchalar jajji-jajji oq bolakay va qizchalar bilan xuddi aka-uka va opa-singillarday qo‘l ushlashib yuradigan bo‘ladilar.
Umidim shuldirki, kun kelib barcha pastliklar ko‘tariladi, hamma tepalik va tog‘lar pasayadi, qir-adirlar tekislikka aylanadi, qiyaliklar tekislikka do‘nadi. Yaratganning buyukligi ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘lib, barcha bandalar birgalikda buning guvohi bo‘ladilar.
Biz shundan umidvormiz. Janubga men shunday ishonch bilan qaytaman. Shu ishonch bilan biz chorasizlik tog‘idan umid toshini kesib ola olamiz. Shu ishonch bilan biz xalqimizning g‘ala-g‘ovur ovozini birodarlikning ajoyib simfoniyasiga aylantira olamiz. Shu ishonch bilan biz birgalikda mehnat qila olamiz, birgalikda ibodat qila olamiz, birga kurasha olamiz, turmaga birga keta olamiz, bir kunmas-bir kun ozod bo‘lishimizni bilgan holda ozodlikni birgalikda himoya qila olamiz.
Bu kun barcha odamlar ushbu so‘zlarga yangicha ma’no baxsh etib kuylay oladigan kun bo‘ladi: “Ey ona diyorim, ozod, hur zamin, men seni madh etgum. Ajdodlarim xoki yotgan muqaddas tuproq, sayyohlar mangu intiladigan zamin, barcha tog‘laringda ozodlik taronasi taralsin!”.
Amerika buyuk mamlakat bo‘lishi uchun aytganlarim ro‘yobga chiqishi shart.
Nyu-Hempshirning ajoyib tepaliklari uzra ozodlik qo‘shig‘i yangrasin!
Nyu-Yorkning azim tog‘lari uzra ozodlik qo‘shig‘i yangrasin!
Pensilvaniyaning purviqor Allegan tog‘lari uzra ozodlik qo‘shig‘i yangrasin!
Koloradoning qor bosgan qoyali tog‘lari uzra ozodlik qo‘shig‘i yangrasin!
Kaliforniyaning egri-bugri cho‘qqilari uzra ozodlik qo‘shig‘i yangrasin!
Tennesidagi Lukaut tog‘i uzra ozodlik qo‘shig‘i yangrasin!
Missisipidagi har bir adir va tepalik uzra ozodlik qo‘shig‘i yangrasin!
Har bir tog‘ bag‘rida ozodlik qo‘shig‘i yangrasin!
Ozodlik qo‘shig‘i yangrashiga, uning har bir qishloq va ovulda, har bir shtat va har bir shaharda yangrashiga imkon bersak, hamma odamlar, qoralar va oqlar, yahudiylar va majusiylar, protestantlar va katoliklar bir-birlarining qo‘llaridan tutib, negrlarning qadimgi ma’naviy gimnini kuylay oladigan kun kelishini tezlashtira olamiz: “Nihoyat biz ozodmiz! Nihoyat biz ozodmiz! Qodir egamga ming qatla shukur, nihoyat biz ozodmiz!”.
Hasan Karvonli tarjimasi
Izoh (0)