Rossiya prezidenti Vladimir Putin 1990-yillarda shaxsiy haydovchi bo‘lib ishlaganini tan oldi. Bu haqda u “Yaqin tarix” filmiga kiritilgan intervyusida aytib o‘tgan. Filmdan parchalar “Rossiya 24” telekanalida namoyish etilgan.
“Ba’zida haydovchilik bilan qo‘shimcha pul ishlashga to‘g‘ri kelardi. Bu haqda gapirish yoqimsiz, lekin, afsuski, shunday bo‘lgan”, — dedi Putin.
2018-yilda u “Putin” filmi uchun Rossiya davlat teleradiokompaniyasining siyosiy kuzatuvchisi, Putinning saylovoldi shtabi matbuot kotibi Andrey Kondrashovga bergan intervyusida 1990-yillarda haydovchi bo‘lib ishlash haqida o‘ylagani, bunga tayyor ham bo‘lganini aytgandi.
Putinning so‘zlariga ko‘ra, bunday fikrlar uning xayoliga mer Anatoliy Sobchak gubernatorlik saylovlarida mag‘lub bo‘lganidan keyin kelgan (Putin saylovoldi shtabini boshqargan edi). “Nima qilish haqida o‘yladim, balki haydovchilik qilsa bo‘lar? Hazillashmayapman, qayerga borardim. Ikki bolam yosh”, — degan prezident.
“Shuning uchun menga Moskvaga ko‘chib o‘tishni va prezident ishlari boshqarmasida yuridik ishlar bilan shug‘ullanishni taklif qilishganida, rozi bo‘ldim va keldim”, — deya qo‘shimcha qilgan Putin.
“Yaqin tarix” filmida Putin, shuningdek, 1990-yillarda hukumatda ishlagan maslahatchilar orasida AQSh Markaziy razvedka boshqarmasining kamida bir xodimi bo‘lgani haqida gapirdi. Bunday kishilar maslahatchilar orasida, ehtimol, bitta emasdi, ammo ulardan biri, aniq AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi xodimi edi, o‘z mamlakati qonunlariga ko‘ra, unda tijoriy faoliyat bilan shug‘ullanish huquqi yo‘q edi. Oxir-oqibat, ish sud jarayonigacha bordi. Ushbu jarayonida u Markaziy razvedka boshqarmasining xodimi ekani aniq bo‘ldi”, — deydi Putin.
1990-yillarda Rossiya hukumatida AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi xodimlari ishlagani haqida Putin 10-dekabr kuni Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va inson huquqlari bo‘yicha kengash yig‘ilishida ham aytgan. Uning ta’kidlashicha, 2000-yillarning boshida prezident bo‘lganidan keyin “hammasini tozalab tashlagan”.
1970—1980-yillarda Vladimir Putin KGB (Davlat xavfsizligi qo‘mitasi) zobiti bo‘lib, jumladan, Germaniya Demokratik Respublikasining tashqi razvedkasida ishlagan. 1990-yilda u SSSRga qaytib, tashqi razvedkaning markaziy apparatiga o‘tishdan bosh tortgan va Leningradda qolgan. 1991-yilda Putin KGBdan ketgan.
1990-yil may oyida Anatoliy Sobchak Leningrad shahar xalq deputatlari kengashi raisi etib saylanganidan keyin Putin uning maslahatchisi bo‘lgan. Keyinchalik Sobchak mer lavozimiga saylandi, Putin esa Leningrad meriyasining tashqi aloqalar qo‘mitasi raisi lavozimiga o‘tdi.
Putin 1996-yilning yozigacha, ya’ni Sobchak saylovlarda mag‘lub bo‘lgunga qadar meriyada ishlagan. Keyin u Moskvaga ishga taklif qilingan va u yerda prezident ishlari boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimini egallagan.
Mavzuga doir: