Germaniyaning janubi-g‘arbiy qismida 4-dekabr, shanba kuni bir dvigatelli A62 samolyoti avtomobil ko‘prigi ustiga favqulodda qo‘ndi va yuk mashinasi g‘ildiraklariga borib urildi. Bu haqda Pirmazens shahar politsiyasiga tayanib, “Korrespondent.net” xabar berdi.

Foto: Twitter

Qayd etilishicha, hodisa taxminan soat 12:00 da (Toshkent vaqti bilan 15:00) sodir bo‘lgan. 72 yoshli uchuvchi boshqaruvidagi samolyot Fransiyadan Quyi Saksoniyaga ketayotgan paytda to‘satdan dvigatel ishdan chiqqan.

Uchuvchi qo‘nishga qaror qilgan va buning uchun Reynland-Pfaltsdagi 62-avtotrassaning Shvarsbaxtalbryukke ko‘prigini tanlagan. Ko‘prikning balandligi taxminan 100 metrni tashkil qiladi.

Favqulodda qo‘nish va yuk mashinasi bilan to‘qnashuv natijasida uchuvchi yengil tan jarohati olgan, yuk mashinasi haydovchisi jabrlanmagan. Biroq avtohalokat tufayli olti soatdan ko‘proq vaqt davomida trassada harakatlanish  to‘xtatilgan.

Noyabr oyida Rossiyaning Irkutsk viloyati yaqinida An-12 yuk tashuvchi samolyoti qulab tushgandi. Samolyot bortida bo‘lgan yetti kishining hammasi halok bo‘lgan.

3-dekabr kuni Salvadorning qirg‘oq zonasida bortida mamlakat mudofaa vazirining o‘g‘li Xerardo Merino bo‘lgan harbiy samolyot halokatga uchragan. Keyinroq Merinoning jasadi va bortning bo‘laklari topilgan. Hodisada Merinoning ikki hamrohi ham halok bo‘lgan.