Bugun,

  • USD 11014.01
  • RUB 191.8
  • EUR 10674.78

Kelgusi 2022-yilda paxta va g‘alladan bo‘shagan 80 ming gektar yerlar aholiga bo‘lib beriladi. Bir oy muddatda ushbu yerlar lotlarga bo‘lib, ochiq tanlovga chiqariladi. Bundan tashqari, 70 ming gektar yerlar “oborot”ga qaytariladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tayotgan qishloq xo‘jaligi yerlarini ijaraga berish, meva-sabzavotchilik klasterlari hamda tomorqa xo‘jaliklari faoliyatini yanada rivojlantirish borasidagi ustuvor vazifalar mavzusidagi videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

“Kelgusi yilda paxta va g‘alladan qisqartiriladigan 80 ming gektar maydonlarni aholiga bo‘lib berish bo‘yicha kuni kecha qarorni imzoladim. Ushbu yerlar aholiga dehqon xo‘jaligi tashkil etish uchun, 10 sotixdan 1 gektargacha 10 yil muddatga, ochiq elektron tanlov o‘tkazish orqali ijaraga beriladi. Bunda, asosiy mezon – tomorqadan samarali foydalanish va yaratiladigan ish o‘rinlari bo‘ladi. Tanlovda, dehqonchilikda tajribasi bor aholi, shuningdek, 3 ta daftarga kirgan oilalar qatnashadi”, – dedi Mirziyoyev.

Ochiq elektron tanlovda har bir talabgorning hozirgacha o‘z tomorqasidan qanday foydalanayotganiga yangi joriy etilayotgan hokim yordamchilari baho beradi. Ushbu yerlarda dehqonchilik qilish uchun, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida sabzavot, poliz va dukkakli ekinlar ekishga 6 oylik imtiyozli davr bilan 2 yilgacha kredit ajratiladi.

“Dehqon xo‘jaligi yerdan oqilona foydalanmasa, ijara shartnomasi sud orqali muddatidan oldin bekor qilinadi. Buni har bir dehqonga qonuniy tushuntirish kerak”, – deya qayd etdi davlat rahbari.

Mas’ullar bir oy muddatda 80 ming gektar yerlarni lotlarga bo‘lib, ochiq tanlov (auksion)ga chiqarishi belgilandi. Har bir yer uchastkasi 2 kunda kadastr ro‘yxatidan o‘tkazilishi shartligi, bunda, aholi davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha yig‘imlardan ozod qilinishi (1 million 350 ming so‘m) bildirildi.

Davlat rahbari Davlat soliq qo‘mitasi va Kadastr agentligi qancha yer maydoni aholiga ajratilgani, bu yerlarda nechta dehqon xo‘jaligi tashkil etilgani to‘g‘risidagi ma’lumotlarni har o‘n kunda Prezident Administratsiyasiga kiritib borishini aytdi.

“Mas’ullar viloyat hokimlari bilan birga, 2021-yil 1-martga qadar barcha qishloq xo‘jaligi yerlarining kadastr ro‘yxatidan o‘tkazilishiga mas’ul va birorta hudud rahbarining bu masalada ‘o‘yin qilishga’ haqqi yo‘q. Bo‘ldi endi, yugurgani somonxonagacha. Tuman hokim va prokurorlari o‘g‘irlik qilgani uchun jazosini olmoqda. Kimda shunaqa ‘kasallik’ bo‘lsa, lavozimdan ketinglar”, – dedi prezident.

Shuningdek, “Agrobank”, “Xalq banki” va “Mikrokreditbank” bir oy muddatda dehqon xo‘jaliklariga onlayn kredit ajratish bo‘yicha mobil platformani ishga tushirishi aytildi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Rossiyaning Nyu-Yorkdagi bosh konsulligi binosi qizil bo‘yoqqa bo‘yaldi (video)
Dunyo
“Zelenskiy NATOga ariza topshirib, dunyoga uchinchi jahon urushini taklif qilmoqda” — Dmitriy Medvedev
Dunyo
“Biz muloqotga tayyormiz, ammo boshqa prezident bilan” — Zelenskiy Rossiyada prezident almashsagina muzokaralar stoliga qaytishini ta’kidladi