Odamlar g‘oliblarga qoyil qolishga odatlangan, lekin muntazam yutqazadiganlarning hikoyalari ancha qiziqarli va ko‘proq e’tiborga loyiqdir. Doimiy omadsizlik — o‘ziga xos fenomen. Shunday insonlar borki, ularda hammasi yaxshi ketayotgandek go‘yo, lekin mas’uliyatli lahzalar yaqinlashganda omad ulardan yuz o‘giradi. Har bir inson hayotida omadsizliklar bo‘ladi, ammo ba’zilarda bu tizimli ravishda qaytalanaveradi.

Bunday insonlar borligiga hech kim shubha qilmaydi. Bahslashadiganlar bo‘lsa ham, Ektor Kuperning hikoyasi tezda ularning fikrini o‘zgartiradi.

Foto: Getty Images

Futbolchilik faoliyatini yakunlashi bilanoq o‘zini murabbiylikda sinab ko‘rdi

Og‘ir taqdir insonning sochlariga erta oq tushiradi, yuzida jiddiy qiyofa paydo qiladi. Ektor Kuper 1955-yilning 16-noyabrida Argentinada tavallud topgan. Uning onasi tug‘ruq vaqti vafot etgan, otasi esa oilasini boqish uchun doim ishda bo‘lardi. Buvisi qo‘lida qolgan Kuper qarindoshlariga yordam berish uchun 9 yoshida maktabni tashlashga majbur bo‘ladi. Butun bo‘sh vaqtini futbol o‘ynashga sarflagan bolakay oxir-oqibat “Ferrokaril Oeste” jamoasiga qabul qilinadi.

“Ferrokaril” o‘rtamiyona jamoa hisoblansa-da, 1980-yillar boshida oltin davrni boshidan o‘tkazgan, ikki marta mamlakat chempionligini qo‘lga kiritgan. Ektor Kuper esa Roberto Mario Gomes, Xuan Domingo Rokkya va Oskar Garrelar bilan birgalikda mustahkam himoya qo‘rg‘onini tashkil etgan.

Shonli o‘n yildan so‘ng (1978–1988) Kuper “Ferro” safidan “Urakan”ga o‘tadi. 1992-yil, 37 yoshida butsisini mixga iladi. O‘sha yerda uning murabbiylik faoliyati boshlanadi. Bir yildan so‘ng “El Globo” jamoasini boshqaradi.

Foto: “Sport Express”

1995-yilda “Lanus” Ektorni bosh murabbiylikka taklif qiladi. 1996-yilda u jamoa bilan KONMEBOL kubogini (UEFA Kubogining Janubiy Amerikadagi analogi) qo‘lga kiritadi. Bu “Lanus” tarixidagi ilk kubok edi va Kuperning faoliyatidagi yagona yirik sovrin bo‘lib qoldi.

Aynan Argentinada Ektor Kuper takrorlanmas uslubini yaratdi va uni boshqa jamoalarga ham moslashtira boshladi. Uni qisqacha shunday ta’riflash mumkin: “Tartib barcha narsadan ustun”.

Kuper qo‘l ostidagilar jamoaviy futbol o‘ynaydi, asosiy urg‘u himoyaga qaratilgan, futbolchilar tezkor qarshi hujumga tayanib, bir nechta to‘p uzatishlar orqali raqib darvozasi tomon borishga urinadi. Tezkor, harakatchan yarim himoyachilar to‘pni hujumchilarga oshirib, muvozanatni ta’minlab turadi.

Kuper “Malyorka”da yaxshi natijalar qayd etgan, argentinalik mutaxassis Balear orollarida juda qadrlanardi

1997-yil yozida Ektor Kuper “Malyorka” bilan shartnoma imzoladi. “Malyorka” endigina Segundadan yuqori divizionga chiqqan, rahbariyatning maqsadi klubning La Ligadagi o‘rnini saqlab qolish edi. Kuper jamoani kuchaytira boshladi. “Lanus”dan darvozabon Karlos Roa va tayanch yarim himoyachi Oskar Mena taklif etildi. Lekin jamoaning moliyaviy ahvoli yaxshi emasdi, Kuper asosan erkin agentlarga e’tibor qaratardi.

Ektor shogirdlaridan bir narsani talab qilardi: qat’iy intizom va mashg‘ulotlarga jiddiy yondashish. “Agar mashg‘ulotlarda o‘lmasangiz, maydonda jon bera olmaysiz”, derdi u futbolchilarga.

Foto: Getty Images

“Malyorka” 1997/98-yilgi mavsumni 5-o‘rin bilan yakunladi. Ispaniya Kubogida esa finalga qadar yetib bordi. “Malyorka” “Mestalya”da “Barselona”ga qarshi bahs olib bordi. Mezbonlar birinchi bo‘lib gol urdi: 6-daqiqada Yovan Stankovich raqib darvozasini ishg‘ol qildi. Ikkinchi bo‘limda Rivaldo hisobni tenglashtirdi. “Malyorka”ning ikki futbolchisi: Mena va Romero qizil kartochka olib, maydonni tark etdi. Asosiy vaqt durang natija bilan yakunlandi. Penaltilar seriyasida esa “Barselona” g‘alaba qozondi.

1998-yil “Malyorka” uchun muvaffaqiyatli o‘tdi. “Barselona” Ispaniya chempionligi va mamlakat Kubogini qo‘lga kiritgani uchun “Malyorka” finalchi sifatida Superkubokda qatnashadigan bo‘ldi. Shuningdek, jamoa Kubok egalari Kubogiga ham yo‘llanma oladi. Endi Kuper shogirdlarida “Mestalya”dagi alamli mag‘lubiyat uchun qasos olish imkoni paydo bo‘ldi. Birinchi o‘yinda Kuper jamoasi 2:1 hisobida g‘olib bo‘ldi, “Kamp Nou”dagi javob uchrashuvida Danining goli evaziga kichik hisobda g‘alaba qozonadi.

Foto: Getty Images

“Lanus”da bo‘lgani kabi “Malyorka”da ham Kuper klub tarixidagi birinchi sovrinni qo‘lga kiritishga yordam beradi. Ektor bu bilan to‘xtab qolmadi — 1998/99-yilgi mavsumda jamoa Ispaniya chempionatining bronza medaliga ega chiqdi. Kuboklar Kubogida esa “Malyorka” finalga qadar yetib bordi. Shotlandiyaning “Xarts”, Belgiyaning “Genk” va Xorvatiyaning “Varteks” jamoalari ustidan g‘alaba qozongan ispan jamoasi yarim finalda “Chelsi”ni ham taslim etadi.

Hal qiluvchi o‘yin Birmingemning “Villa Park” stadionida “Latsio”ga qarshi bo‘lib o‘tadi. Hisob 1:1 bo‘lib turgan vaqtda 81-daqiqada Pavel Nedvedning goli rimliklarga g‘alaba keltirdi.

Yirik musobaqa finalidagi ikkinchi omadsizlikka qaramasdan, Kuper kichik mo‘jizani amalga oshirganini barcha bilib turgandi. U kelishidan avval “Malyorka” bir necha yil Segundada o‘ynagandi.

Ektor Kuper “Malyorka” o‘zining yuqori pog‘onasiga chiqib bo‘ldi deb hisoblardi. Endi u yangi chaqiriqlarga “labbay” deb javob berishi kerak. Shu payt “Valensiya”dan taklif tushadi. Kuper bu taklifni rad eta olmaydi.

“Valensiya” Kuper qo‘l ostida Chempionlar Ligasida shov-shuv ko‘tardi, lekin mahalliy muxlislar doim unga hushtakbozlik uyushtirardi

1999-yilda Klaudio Ranyeri o‘rniga Ektor Kuper “Valensiya” bosh murabbiyiga aylanadi. “Valensiya”da ajoyib futbolchilar yetarlicha edi: darvozabon Santyago Kanisares, tajribali Amedeo Karboni va Miro Jukich, argentinalik sehrgar Klauio Lopes, ulkan iste’dod sohibi Gaiska Mendyeta va bu ro‘yxat davom etadi. Yozda jamoaga Xerard Lopes, Kili Gonsales, David Albelda, Maurisio Pellegrino kabi futbolchilar kelib qo‘shildi.

Foto: Getty Images

Kuper ketma-ket ikkinchi yil “Barselona”ni Superkubokdan mahrum qildi (Kuper Ispaniyada o‘tkazgan yillari davomida kataloniyaliklar uchun haqiqiy “yovuz daho”ga aylangan edi) — “Mestalya”dagi birinchi o‘yinda “Valensiya” Klaudio Lopesning goli evaziga g‘alaba qozondi, “Kamp Nou”da esa jangovar 3:3 hisobi qayd etildi.

Valensiyalik muxlislarning quvonchi tez orada g‘azabga almashdi. Ispaniya chempionatining dastlabki 5 turida “ko‘rshapalaklar” atigi 1 ochko jamg‘ara oldi va musobaqa jadvalining oxirgi o‘rnidan joy oldi. “Mestalya”da jamoaning o‘yini hushtakbozlik bilan qarshi olinar, murabbiyga qarata esa: “Kuper, yo‘qol!” degan hayqiriqlar bo‘lardi. 6-turda “Valensiya” mehmonda “Real” ustidan 3:2 hisobida g‘alaba qozondi va sekin-asta musobaqa jadvalida yuqorilay boshladi (o‘sha mavsum jamoa Ispaniya chempionatini 3-o‘rin bilan yakunlagan).

Tanqidlar bir muddat tinchidi, lekin keyinchalik yanada kuchli tarzda avj oldi. “Mestalya”da “Kupercha futbol” qabul qilinmasdi. Umuman olganda, Ispaniyada himoyaviy futbol tanqid ostiga olinardi — muxlislar hissiyotlarga boy, qizg‘in futbolni ko‘rishni istar edi.

Foto: Getty Images

Jamoaning ichki muhiti ham ideal darajada emasdi. Jamoada ahillik yo‘q edi, klubga yangi kelgan Kili Gonsales yangi jamoadoshlari tomonidan qabul qilinmagach, kiyim almashtirish xonasida ulardan biri bilan tortishishgacha borgandi. Undan tashqari, bir nechta o‘yinchi Kuperning uslubini qabul qila olmas, mutaxassis Klaudio Lopes va Fran Kamarasa bilan esa ochiqchasiga konfliktga borgandi, Ektor birini bir haftaga mashg‘ulotlardan chetlatgan, ikkinchisini esa akademiyaga surgun qilgan. Keyinchalik ular murabbiy bilan bahslashmadi, lekin munosabatlar tarangligicha qolaverdi. Nima bo‘lishidan qat’i nazar, “ko‘rshapalaklar” ajoyib o‘yin ko‘rsatib, Chempionlar Ligasining guruh bosqichidan muvaffaqiyatli chiqa oldi, chempionatda esa “Barselona” ustidan yana g‘alaba qozondi (3:1).

Hushtaklar va iste’foga chiqish talablari argentinalik mutaxassisni hamon ta’qib qilardi. “Real” bilan mezbonda durang natija qayd etgach (1:1), “Mestalya” tashqarisida Kuperning mashinasiga muxlislar tomonidan hujum uyushtirildi.

Valensiyalik muxlislarning bu xatti-harakatlari bir qancha savollarni keltirib chiqarardi. Himoyaga urg‘u berishiga qaramasdan, jamoa uslubini ochiqchasiga “avtobus” deb bo‘lmasdi. Kuper buni bahorda isbotlagan edi. Chempionlar Ligasi chorak finalida “Valensiya” “Latsio”ga to‘qnash keldi. Ispaniyada bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Kuper shogirdlari rimliklarni 5:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratadi. Yarim finalda “ko‘rshapalaklar” “Barselona”ga duch keladi. Katalonlar “Mestalya”da 1:4 hisobida mag‘lub bo‘ladi. Xerard, Angulo va Lopes yaxshi harakat qildi, ammo “Los Ches”ning taktik qurilishida Gaiska Mendyeta asosiy rolni o‘ynardi. O‘sha vaqtlar yarim himoyachi uchun Yevropaning bir nechta grand jamoalari xaridor edi. Yuqori futbol intellekti, yaxshi paslar, maydonni ko‘ra olish, vaqtida beriladigan zarbalar — bu xislatlarning barchasi basklik dahoda mujassam edi.

Foto: Getty Images

2000-yil “Stad de Frans”da bo‘lib o‘tgan Chempionlar Ligasi finalida “Real” “Valensiya”ga hech qanday imkoniyat qoldirmadi va 3:0 hisobida g‘alaba qozondi. Kuper: “O‘sha tunda nima sodir bo‘lganini tushuntirish bilan bog‘liq muammolarim bor. Maydonga chiqishdan oldin ongimizda: ‘Yigitlar, siz katta yo‘lni bosib o‘tdingiz, bundan ortiq hech narsa so‘rash shartmas’, degan so‘zlar jaranglagandek edi”. Bu argentinalik mutaxassis boy bergan uchinchi final edi.

Uchinchi bor joyda to‘rtinchisi ham bor. 2000/01-yilgi mavsum oldidan “Valensiya”ni bir qator futbolchilar tark etdi (ular orasida Xerard, Farinos va Kuper bilan til topisha olmagan Klaudio Lopes bor edi). Ularning o‘rniga esa Roberto Ayala, Ruben Baraxa, Pablo Aymar, Jon Karyu kabi iste’dodlar olib kelindi. Va “Valensiya” ikkinchi marta Yevropaning eng nufuzli musobaqasi finaliga qadar yetib bordi. Pley-offda “Arsenal” va “Lids” taslim etildi, hal qiluvchi bahs “San Siro”da “Bavariya”ga qarshi bo‘lib o‘tishi kerak edi.

O‘yin g‘alati kechdi. Uchinchi daqiqadayoq Mendyeta bahsli penaltini amalga oshirib, hisobni ochdi. Keyin esa yopiq o‘ynayotgan “Valensiya” darvozasiga ikkita penalti belgilandi — Shollning zarbasini Kanisares qaytargan bo‘lsa, Effenbergning zarbasi aniq bo‘ldi.

1:1 hisobi o‘yin so‘ngiga qadar saqlanib qoldi, penaltilar seriyasida esa Oliver Kan va Santi Kanisares o‘z mahoratini namoyish qildi, lekin Maurisio Pellegrinoning noaniq zarbasi myunxenliklarga g‘alabani taqdim etdi.

Foto: Getty Images

Mavsum so‘ngida Kuper “Valensiya”da qolmasligini e’lon qildi. “Ko‘rshapalaklar” mavsum oxirida chempionatni 5-o‘rin bilan yakunladi, ammo argentinalikning ketish qaroriga bu sabab bo‘lgani yo‘q. U shunchaki noshukur muxlislarning tanqidlaridan charchagan edi.

“Barselona”ga berilgan rad javobi, “Inter” Skudettoni qo‘lga kiritishiga bir baxya qolgani, Ronaldo bilan bo‘lgan mojaro haqida

2001-yilning yozida Kuperga “Barselona”dan taklif tushdi, lekin u kataloniyaliklarni boshqarishni rad etdi. Argentinalikning qarshi hujumga asoslangan taktikasi “Barsa”ning maydonda birinchi raqam bo‘lib harakatlanishi, to‘p nazorati va mayda paslariga to‘g‘ri kelishi qiyin masala edi. “Kamp Nou”dagi muxlislar “Mestalya”dagidan ko‘ra talabchanroq ekanligini tushungan Kuper “Inter” variantini ma’qul ko‘rdi. Uning himoyaga yo‘naltirilgan uslubi A Seriyada muvaffaqiyat qozonishiga ishonardi.

Massimo Moratti uzoq kutilgan Skudettoni qo‘lga kiritish uchun jamoaning yarmini yangiladi: Andrea Pirlo, Robbi Kin, Vladimir Yugovich, Loran Blan kabi futbolchilar jamoani tark etdi. Ularning o‘rnini Franchesko Toldo, Marko Materatssi, Kristian Zanetti, Serjio Konseysau, Adriano kabi futbolchilar to‘ldirdi. Undan tashqari barcha Ronaldoning qaytishini kutardi. Braziliyalik hujumchi og‘ir jarohat sabab mavsumni o‘tkazib yuborgandi.

Foto: Getty Images

“So‘yloq” jarohatidan qutulib, 16 ta o‘yinda ishtirok etgan va 7 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgandi. Ammo 2001/02-yilgi mavsum ko‘proq murabbiy bilan mojarosi tufayli yodda qolgan. Ronaldoning tungi hayotni sevishi va mashg‘ulotlarga munosabati ko‘pchilikka tanish. Kuper esa tartibga rioya qilish tarafdori ekanligini bir necha bor takrorlagan. Shuning uchun “fenomen” bo‘lishiga qaramasdan erkin va erinchoq futbolchilarga toqat qilmasdi.

Ronaldo Kuperning mashg‘ulotlarini hamon dahshat bilan yodga oladi. U argentinalik mutaxassis futbolchilarni o‘rmonda 3-4 kilometrlab yugurishga majburlaganini aytadi. Murabbiy va jamoaning asosiy yulduzi orasidagi munosabat borgan sari sovuqlashib borardi, natijada ular ko‘rishganda ham bir-biriga salom bermaydigan holga bordi. Ronaldoning Moratti ruxsati bilan “Inter”da emas Braziliyada davolanishi Kuperning jahlini chiqarardi. “Klub shifokorlari xizmatidan foydalanmaydigan qanaqa futbolchi o‘zi u? U menga kerak emas!”. Oxir-oqibat “so‘yloq” JCh—2002 dagi muvaffaqiyatidan so‘ng “Real”ga o‘tib ketadi.

Klubdagi vaziyat tarangligiga qaramasdan “Inter” mavsumning katta qismini yetakchi sifatida o‘tkazdi, ammo Kuper va omadsizlik yonma-yon yurishi yana bir bor o‘z isbotini topdi. Oxirgi tur oldidan “Inter” (69 ochko) hamon yetakchi edi. Undan keyingi o‘rinlarda “Yuventus” (68) va “Roma” (67) borayotgandi.

“Latsio”ga qarshi hal qiluvchi mehmondagi bahsda Kuper shogirdlari ikki bor hisobda oldinda borib, yakunda rimliklarga 2:4 hisobida mag‘lub bo‘ladi. Asosiy raqiblar o‘sha turda g‘alaba qozonadi va “Inter” uchinchi o‘ringa tushib qoladi.

Foto: Getty Images

Keyingi mavsumda “nerazzurilar” chempionatni ikkinchi o‘rin bilan yakunladi, bu safar yetakchidan 7 ochko ortda qolgandi va Chempionlar Ligasida esa yarim finalda “Milan”ga mag‘lub bo‘ldi (“rossonerilar” mehmondagi urilgan gol evaziga finalga yo‘l oldi). Ektor Kuper iste’foga chiqarildi va shu tariqa top-jamoalar bilan munosabatlar yakunlandi.

Keyinchalik “Malyorka”da omadsiz kambek (chempionatda 11 va 17-o‘rin), “Betis”, “Parma” va Gruziya terma jamoasidagi o‘rtamiyona natijalar qayd etildi. 2009-yilda Kuper Gretsiyaning “Aris” jamoasiga bosh murabbiy bo‘ldi va jamoa bilan mamlakat Kubogi finaliga qadar yetib bordi. Hal qiluvchi o‘yinda “Panatinaykos”ga imkoniyat boy berildi, bu Kuper uchun 5-omadsiz final bo‘ldi. “Rasing”, “Orduspor”, “Al-Vasl” kabi jamoalarda ham Ektor yomon natijalar qayd etgan. 2015-yilda Misr terma jamoasini qabul qilgan Kuper o‘zining murabbiylik iste’dodini yodga solib qo‘ydi. Afrika Millatlar Kubogi—2017 da Misr finalga qadar yetib bordi va Kamerunga 1:2 hisobida imkoniyatni boy berdi (6- marta!). Keyin esa argentinalik mutaxassis qo‘l ostida Misr terma jamoasi 28 yildan so‘ng mundialga chiqishni uddaladi. JCh—2018 da misrliklar guruhda so‘nggi o‘rinni egalladi.

O‘zbekistonga “safar”

2018-yil 6-avgustda Kuper O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyiga aylanadi. Kuper bilan 3+1 ko‘rinishida shartnoma imzolanadi. Argentinalik mutaxassisning oldiga Osiyo Kubogi—2019 da munosib ishtirok etish va jamoani 2022-yilgi Jahon Chempionatiga olib chiqish vazifasi topshiriladi. BAA maydonlarida bo‘lib o‘tgan qit’a birinchiligida Kuper boshchiligidagi jamoa 1/8 finalda Avstraliya terma jamoasiga penaltilar seriyasida imkoniyatni boy berib qo‘yadi. Jahon chempionati saralashida esa Falastindan uchralgan mag‘lubiyat Kuperning O‘zbekiston terma jamoasi boshqaruvidagi taqdirini hal qiladi. Kuper bilan tuzilgan shartnoma bekor qilinadi va unga 7 million yevro (ayrim manbalarda 5 million) miqdorida kompensatsiya to‘lab beriladi. Ko‘plab mutaxassis va muxlislar Kuperning himoyaviy uslubini tanqid qilardi va O‘zbekistonning har doim hujumkor o‘yin ko‘rsatganini ta’kidlardi. Ektor Kuperning O‘zbekiston terma jamoasi boshqaruvidagi umumiy statistikasi: 17 ta o‘yin, 7 g‘alaba, 4 ta durang, 6 ta mag‘lubiyat.

Foto: Getty Images

Ko‘pchilik uning murabbiylik yo‘li o‘z nihoyasiga yetgani, “Valensiya”dagi muvaffaqiyat boshqa takrorlanmaydi deb hisoblaydi. Lekin 66 yoshli argentinalik hamon murabbiylik faoliyatini yakunlash haqida o‘ylab ko‘rgani yo‘q. Hozirda u Kongo demokratik Respublikasi terma jamoasi bosh murabbiyi hisoblanadi. Kuper qo‘l ostidagi Kongo DR JCh—2022 saralashida guruh bosqichini muvaffaqiyatli yakunlab, pley-offga yo‘l oldi va mart oyida bo‘lib o‘tadigan o‘yinlardagi raqibini kutmoqda.