Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida avtomobil yukxonasida iste’molga yaroqsiz 250 kilogramm qoramol go‘shti borligi aniqlanib, belgilangan tartibda yo‘q qilindi, deb xabar beradi viloyati IIB axborot xizmati.
Ma’lum qilinishicha, 8-noyabr kuni 22:00 larda Qarshi shahar hududidan o‘tuvchi A-378 avtomobil yo‘lining 2-kilometrida Nexia avtomobil yo‘l chetida to‘xtab turgani uchun hududda xizmat olib borayotgan Patrul-post xodimlari tomonidan tekshirilgan.
Tekshiruv davomida avtomobil yukxonasida hujjatsiz qariyb 250 kilogramm go‘sht mahsulotlari borligi aniqlangan.
Mazkur go‘shtni olib ketayotgan ayolning so‘zlariga ko‘ra, u kasallanib o‘lgan molning go‘shtini 200 ming so‘mga sotib olib, it urishtiruvchilarga topshirmoqchi bo‘lgan.
Ushbu go‘sht mahsulotlari viloyat Hayvonlar kasalliklar tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlar xavfsizligi davlat markazi tomonidan iste’molga yaroqsizligi aniqlanib, belgilangan tartibda yo‘q qilingan.
Bundan avval Navoiyda 160 kilogramm go‘sht veterinariya-sanitariya talablariga zid ravishda Toshkentga olib ketilayotgani aniqlangani, Toshkentdan Xorazmga olib ketilayotgan 1 tonnaga yaqin iste’molga yaroqsiz go‘sht to‘xtatib qolingani, Jizzaxda iste’molga yaroqsiz go‘sht mahsulotlarini Toshkent viloyatiga jo‘natish bilan shug‘ullangan shaxslar jarimaga tortilgani haqida xabar berilgan edi.
Mavzuga doir: