Ispaniyada 12 kishi Air Arabia yo‘lovchi samolyotini Mayorka oroliga favqulodda qo‘nishga majbur qilgan voqeani atay uyushtirganlikda gumonlanib, hibsga olindi. Bu haqda Ispaniyaning El País nashriga tayanib, Meduza xabar berdi.
Hodisa 5-noyabr kuni kechqurun sodir bo‘lgan. Kasablankadan Istanbulga uchayotgan samolyot undagi yo‘lovchilardan birining tobi qochgani sababli zudlik bilan Ispaniyaning Mayorka orolida joylashgan Palma shahridagi aeroportga qo‘ngan. Ko‘rinishidan, bemor diabetik komaga tushib qolgan. Associated Press’ning yozishicha, samolyot qo‘nishi bilanoq bir guruh yo‘lovchilar ekipajni ularni uchish-qo‘nish yo‘lagiga o‘tkazib yuborishga majbur qilgan va aeroportni tark etishga uringan.
Hammasi bo‘lib 21 yo‘lovchi salonni tark etgan, bortda 150 kishi qolgan. Qochoqlarni qidirish maqsadida aeroport uch soatga yopildi, bu esa 50 ga yaqin reysning kechiktirilishi yoki bekor qilinishiga olib keldi. Oxir-oqibat ular to‘qqiz kishini, shuningdek, samolyot salonida Milliy gvardiya zobitiga hujum qilgan yo‘lovchini qo‘lga olishga muvaffaq bo‘ldi. Hujumchi uchish-qo‘nish yo‘lagiga tushganmi yoki yo‘qmi, noma’lum. Qochoqlarning bir nechtasi aeroportdan 13 kilometr uzoqlikda topilgan. Yana 12 kishini — 11 nafari Marokash fuqarosi va bir nafari Falastin fuqarosi bo‘lgan qochoqlarni qidirish davom etmoqda.
Tutib olinganlar parvozlar xavfsizligi va jamoat tartibini buzgani uchun sud ularni noqonuniy harakatlarga undash aybi bilan hibsga oldi, bu esa Ispaniyada 10 yilgacha qamoq jazosini nazarda tutadi, deya qayd etdi Associated Press. Ikki kishi, shuningdek, noqonuniy immigratsiyaga yordam berishda ayblangan.
Hibsga olinganlar orasida u tufayli ekipaj samolyotni qo‘ndirishni so‘ragan yo‘lovchi va uning hamrohi ham bor. Ular tez yordam xizmati tomonidan olib ketilgan kasalxonada qo‘lga olingan.
Hozir politsiya koma holatiga tushish soxtamidi yoki haqiqiy, qochib ketgan yo‘lovchilar reysga chiqishdan oldin bir-birini tanirmidi yoki yo‘qligini aniqlashga harakat qilmoqda. Xususan, tergov Facebook’dagi Brooklyn nomli guruhda 17-iyul kuni chop etilgan xabarni tekshirmoqda. El País nashrining yozishicha, gap Marokash fuqarosining arab tilida qoldirgan posti haqida ketmoqda. Post allaqachon o‘chirilgan, ammo matn skrinshoti internetda tarqalib ulgurgan.
Post muallifi Marokashdan Turkiyaga parvoz qiladigan samolyotni zudlik bilan qo‘ndirish uchun tomosha ko‘rsatishda ishtirok etishni istagan 40 nafar ko‘ngillini qidirgan. Unda aytilishicha, samolyot Ispaniya ustidan uchib o‘tayotganda reja ishtirokchilaridan biri “kasal bo‘lib qolishi”, qolganlari esa “baqir-chaqir qilishi” kerak, shu tariqa ular samolyotni qo‘ndirib, qochib ketishni o‘ylagan.
Balear orollari hukumati matbuot kotibi Ayna Kalvoning El Pais’ga aytishicha, tibbiy xulosa kasalxonaga yotqizilgan yo‘lovchining sog‘lig‘i chindan ham yomonlashganini ko‘rsatmoqda. Biroq uning so‘zlariga ko‘ra, rasmiylar yo‘lovchi samolyotni qo‘ndirish uchun o‘zini atay shu ko‘yga solgan bo‘lishi mumkinligini istisno qilmayapti.
Hibsga olinganlar bir-birga teskari ko‘rsatmalar berdi, hozircha rasmiylar nima uchun 20 dan ortiq yo‘lovchi samolyotdan tushishga qaror qilganini aniq ayta olmaydi, deya qo‘shimcha qildi Kalvo. Tergov bilan tanish bo‘lgan El País manbalarining aytishicha, hibsga olinganlarning ba’zilari favqulodda vaziyat paytida vahima ichida salonni tark etgan. Shu bilan birga, nashrning yozishicha, boshqa yo‘lovchilar ataylab Ispaniyada qolishga uringanlikda gumon qilinmoqda.