Buxoro viloyati, Olot chegara bojxona postida 2,7 milliard so‘mlik ozon yemiruvchi moddalari bo‘lgan 3 turdagi 1290 dona freon gaz ballonlarini yashirincha olib o‘tishga uringan haydovchi aniqlandi. Bu haqda “Daryo”ga Buxoro viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati rahbari Javohir Ismoilov ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, Olot chegara bojxona postida fuqaro M.J. boshqaruvidagi yuk avtotransport vositasi amaldagi qonunlarga muvofiq tarzda nazoratdan o‘tkazilgan. Unda qiymati 21 ming dollarni tashkil qilgan 21,7 tonna og‘irlikdagi tarkibida ozonni buzuvchi moddalar bo‘lgan 3 turdagi 1290 dona freon gaz ballonlari ortilgani aniqlangan. Tovarlarni ko‘zdan kechirish jarayonida mazkur freonlarning qadoqlaridagi 22 raqami qo‘lbola tarzda yopishqoq yorliqlar ko‘magida 134-a raqamiga o‘zgartirilgani aniqlangan.
“Xlordiftormetan-R-22” moddasini hujjatlarda go‘yoki “Tetraftoretan 134-a” tarzida ko‘rsatish orqali yuk egasi ushbu tovarlarni O‘zbekiston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan beriladigan ruxsatnomalarsiz olib kirmoqchi bo‘lgan.
“Ayni paytda qiymati 2,7 milliard so‘mlik 1290 dona freon gaz ballonlari vaqtinchalik saqlovga olindi. Holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari olib borilmoqda”, — dedi Javohir Ismoilov.
Mavzuga doir:
- Qozog‘istonlik biznesmenlar O‘zbekiston olib kirayotgan kontrabanda tovarlardan shikoyat qilmoqda
- Shavkat Mirziyoyev Parij—2024 Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha qarorni imzoladi
- DXX Jizzax, Andijon va Toshkent viloyatlarida giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullangan bir necha xorij fuqarolarini qo‘lga oldi