“Inson vijdoni oldida turgan muammolarni adabiyotda yuksak ruhda yoritib bergani uchun” Nobel mukofoti bilan taqdirlangan, chin ma’noda buyuk insonparvar adib Alber Kamyu haqida “Daryo” hikoya qiladi.
Bolaligi
Alber Kamyu 1913-yil, 7-noyabrda Jazoirda, Mondova shahri yaqinidagi “San-Pol” fermasida, qashshoq bir oilada tug‘ilgan. Otasi — kelib chiqishi fransuz bo‘lgan Lyusyen Kamyu asli elzaslik bo‘lib, vino zavodida vino ombori nazoratchisi bo‘lib ishlardi. U Birinchi jahon urushi vaqtida yengil piyoda askarlari tarkibida xizmat qilgan va 1914-yili, Alber bir yoshidalik paytida, Marnada bo‘lib o‘tgan jangda og‘ir yaralanib, kasalxonada vafot etgan. Onasi — ispan millatiga mansub Kutrin Sante eshitish qobiliyati sust, savodsiz ayol edi. Turmush o‘rtog‘ining o‘limidan so‘ng u katta o‘g‘li Lyusyen va Alberni olib, Jazoirdigi Belkur shahriga ko‘chib o‘tadi.Kamyu endi Belkurdagi uch xonali uyda buvisi, onasi, akasi va tog‘asi bilan birga yashayotgandi. Sharoit ancha og‘ir: u akasi va onasi bilan bir tor xonani band qilgan, kvartirada suv ham, elektr ham yo‘q edi. Uydagi muhit esa bundan o‘tib tushardi: buvisi qattiqqo‘l va qo‘pol ayol bo‘lib, oilada hammaning ustidan hukm yuritar va ba’zan nevaralariga jismoniy jazo qo‘llashdan ham toymasdi. Shunga qaramay, buvisi ularni o‘z bilganicha yaxshi ko‘rar va ulardan ham shuni talab qilardi.
Kamyuning onasi turmush o‘rtog‘ining o‘limidan so‘ng nihoyatda tund va kamgap bo‘lib qolgandi. U avval fabrikada ishlab, keyin esa farroshlik qilib, bor kuchini oila a’zolariga g‘amxo‘rlik qilishga sarflaydi. Kamyuning ko‘plab asarlarida onasining murakkab obrazi gavdalangan bo‘lib, ularda ona va farzand o‘rtasidagi begonalik hissidan azoblanish hamda o‘z hayotiy burchini sabot bilan bajarayotgan volidaga nisbatan chuqur farzandlik hurmati va mehr-muhabbati uyg‘unlashib ketgan. Vaqt o‘tishi bilan yozuvchida ona obrazi yanada mukammallashadi: 1937-yilda nashr etilgan “Botin va chehra” nomli dastlabki esselar to‘plamida ona taqdir mashaqqatlari va kundalik tashvishlar ezib qo‘ygan baxtsiz ayol sifatida namoyon bo‘lsa, “Birichi odam” asari uchun yozilgan qoralamalarda Kamyu onasi to‘g‘risidagi fikrlarini o‘zgartirgani va unga ahloqiy va ilohiy nuqtayi nazardan qaray boshlagani oydinlashadi.
“Unda yer yuzidagi barcha ezguliklar mujassam”, — deydi kitobda. “Ona — maktab ko‘rmagan Mishkin (F.M. Dostoyevskiyning “Telba” romani bosh qahramoni nazarda tutilyapti — “Daryo” izohi). U Masih haqida, xochga mixlanganidan tashqari, hech nimani bilmaydi. Lekin qaysi odam unga onadan ko‘ra yaqinroq?” — deya ta’kidlaydi.Yozuvchining onasi umrining oxirida juda ham dindor bo‘lib qolgandi. Nasroniylikka nisbatan salbiy munosabatda bo‘lgan Kamyu onasining dindorligi haqida yozganda soddadil ayolning mashaqqatlar bilan erishgan ishonchini anglashga urinadi. Bu orqali nasroniylikni ham tushunishga harakat qiladi. Oilaning moddiy ahvoli juda achinarli bo‘lsa ham, o‘zining aytishiga ko‘ra, Kamyu qashshoqlikni his qilmagan va og‘ir turmush sharoitida qiynalmagan.
Ta’lim
1918-yilda Alber uyidan uncha uzoq bo‘lmagan shahar maktabiga qabul qilinadi. Sinfdoshlarining eslashiga ko‘ra, u ancha uyatchan va tortinchoq bola bo‘lib, qo‘pol o‘yinlardan o‘zini olib qochardi va tengdoshlaridan uni ajratib turadigan hech bir jihati yo‘q edi.Odatda uning o‘rtoqlari maktabni tashlab, oilalariga yordam berish uchun ishlashga chiqib ketardi. Biroq Kamyuning ustozi, boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Lui Jermen ushbu uyatchan yigitchaning ichida uyg‘onayotgan iste’dodni o‘z vaqtida payqaydi. U Alberning o‘qishi kerakligiga qarindoshlarini ishontira oladi. Shuningdek, ustozi uni litseyga o‘qishga kirishga tayyorlay boshlaydi va Alberga stipendiya ajratilishiga yordam beradi. Vaqtlar o‘tib, adib minnatdorchilik sifatida o‘zining “Nobel ma’ruzasi”ni ustoziga bag‘ishlagan. Ma’ruzada Kamyu ustoziga qarata:
“Bir vaqtlar yo‘qsil bolakayga uzatgan mehrli qo‘llaringiz, bergan ta’limingiz va ko‘rsatgan ibratingizsiz bularning hech biri sodir bo‘lmasdi”, — deydi.Adib litsey yillari haqidagi fikrlari bilan uning bolalik sarguzashtlari va kechinmalari tasvirlangan (yuqorida eslangan) “Birinchi odam” qissasida o‘rtoqlashadi. Litsey ta’limi Kamyu uchun qiyinchilik tug‘dirmagan, biroq tashqi sharoit ancha og‘ir edi. Ishchi qatlam vakillariga bepisandlik bilan qarovchi boylar uning o‘qishi uchun homiylik qilardi. Kursdoshlarining aksariyati Jazoir burjuaziyasining badavlat oilalari vakillari edi va ular bilan aloqada bo‘lish Kamyu e’tiborini, albatta, ijtimoiy tengsizlik muammolariga tortmay qolmasdi. Buvisining talabiga ko‘ra, Alber yozgi ta’tilni dam olish bilan emas, balki mehnat qilib o‘tkazishga majbur edi.
Litseydagi o‘qishning so‘nggi yillarida Kamyu fransuz madaniyatining yangi yo‘nalishlarini ishtiyoq bilan o‘zlashtiradi. O‘sha davrdagi mashhur adabiy asarlarni diqqat bilan o‘qib chiqadi. Oldi-qochdi adabiyotdan asta-sekin Andre Jid (1869–1951), Moris Barres (1862–1923), Marsel Prust (1871-1922) va boshqa klassiklarning jiddiy qissalari va romanlariga o‘tadi.
Ammo uni yoshlik davrining oddiy zavqlari, dengiz, quyosh, futbol, ham o‘ziga qattiq tortardi. Yosh Kamyu futbol ishqibozi va “Rasing universiter” klubiga qarashli yoshlar futbol jamoasining darvozaboni edi. Sportda va do‘stlari bilan kechgan vaqtlarda u o‘z oilasi va litseyida yetishmagan qizg‘in hayotni topadi. Kamyuning fikriga ko‘ra, jamoaviy sport unga ma’naviy burch va bir maqsad yo‘lida harakat qilish nima ekanligini amalda ko‘rsatib bergan.
1930-yilda Kamyuga sil tashxisi qo‘yiladi. U o‘qishni to‘xtatib, kambag‘allar uchun mo‘ljallangan shifoxonaga yotadi. U endi sport bilan shug‘ullana olmasdi, ammo futbolga bo‘lgan muhabbati bir umr so‘nmaydi. Bir necha oy kasalxonada davolanib chiqqanidan so‘ng u o‘zini bir qadar yaxshi his qila boshlaydi, lekin kasallik oqibatlaridan butun umr aziyat chekkan. Sog‘ligi sababli uni harbiy xizmatga ham chaqirishmaydi.
Davolanib, litseyga qaytgan Kamyuga Fransiyadan tashrif buyurgan falsafa o‘qituvchisi Jan Grenye saboq bera boshlaydi. U ham ustoz, ham sodiq do‘st sifatida Kamyuga katta ta’sir ko‘rsatgan. O‘sha paytlari u Andre Malro ijodiga qiziqa boshlagandi. Qiziqishlari, asosan, qadimgi yunon falsafasiga qaratilgan bo‘lib, nemis faylasuflaridan faqat Fridrix Nitsshe uning e’tiborini tortgandi.
1932-yilda Alber o‘zining bo‘lajak turmush o‘rtog‘i Simone Iye bilan uchrashadi. Qiz o‘sha vaqtlar morfinga qaramlikdan aziyat chekardi. Kamyu uni bu afyun girdobidan xalos etishga qaror qiladi va ikki yil o‘tib, ular turmush quradi. O‘sha vaqtda Kamyu do‘stiga tegishli gazetaga turli maqolalar yozish bilan mashg‘ul bo‘lgan. Bundan tashqari, u Jazoirdagi fransuzlar va boshqa guruhlarni ozod qilishga qaratilgan bosma nashrlarni chiqaruvchi guruhda ishtirok etadi.
1933-yilda u Jazoir universitetiga o‘qishga kirib, falsafa va falsafa tarixi, etika va sotsiologiya, psixologiya va klassik adabiyot bo‘yicha bilimini oshiradi. Pul topish maqsadida o‘ng kelgan ish bilan shug‘ullanib, repetitorlikda ham o‘zini sinab ko‘radi. Kamyu kommunizmga shubha bilan qarardi, unda o‘ziga xos “dunyoviy din”ni ko‘rardi. Lekin shunga qaramay, u 1935-yilda kommunistik partiyaga a’zo bo‘ladi. Jan Grenye Kamyuni shu qarorni qabul qilishga undagan. U partiyaning madaniy faoliyatini o‘z zimmasiga olib, so‘llar chaqiriqnomasini tarqatish, madaniy tadbirlar tashkil etish orqali mehnatkash ommaga ma’rifat ulashish ishlariga mas’ul bo‘ladi. U marksistik adabiyotga hech qachon qiziqmagan. Kommunistik partiyadagi faoliyatiga faqat ishchilar ahvolini yaxshilash sifatida qarardi.
1936-yilda Kamyu teatr faoliyati bilan qiziqib, “Ishchilar teatri”ga (Théâtre du Travail) asos soladi va o‘zi ham rollar o‘ynay boshlaydi. Xususan, buyuk yozuvchi Fyodor Dostoyevskiyning “Aka-uka Karamazovlar” asari asosida spektakl sahnalashtirib, o‘zi Ivan Karamazov rolini ijro etadi. Teatr 1937-yilda nomini “Jamoa teatri”ga o‘zgartiradi. U, shuningdek, Andre Malroning 1935-yilda yozilgan “Nafrat yillari” romani asosida spektakl tashkillashtiradi. Mazkur teatr tomoshasi Malroning roziligi bilan amalga oshirilgan bo‘lib, 1936-yil, 25-yanvarda plyaj binosidagi katta zalda bo‘lib o‘tagan. Spektaklga 500 ga yaqin tomoshabin tashrif buyuradi, lekin kommunistlar gazetasi bu sonni 1500 qilib ko‘rsatadi. Ish olg‘a siljib, bir necha oy davomida yana bir qancha sahna asarlari yaraladi.
Kamyu kommunistlar bilan doimo ziddiyatli aloqada bo‘lib kelgan. Bu yozuvchining marksizm g‘oyasini yoqlamasligi, musulmonlarga munosabat hamda Fransiyaning mustamlakachilik siyosati haqidagi fikrlarning xilma-xilligida aks etardi. Qarashlardagi nomutanosiblik, oxir-oqibat, Kamyuning partiyadan chiqarib yuborilishiga olib keladi.
1936-yilda u xristian metafizikasi bo‘yicha dissertatsiya yozadi. O‘z ishida Plotin va Avreliy Avgustin asarlariga murojaat qiladi. 1960-yillarning o‘rtalarida Kamyu dissertatsiyasida asl nusxalarga izoh berilmagan holda bir nechta manbalardan ko‘chirilgan matnlar borligi aniqlangan bo‘lsa-da, ilmiy ish jiddiy akademik uslubda yoqlangandi.
Katta hayot va ijod
O‘qishni bitirgach, Alber giyohvandlik tufayli sog‘ligi juda tez yomonlashib borayotgan rafiqasi bilan munosabatlarni uzadi. Yozuvchi bo‘lishni orzu qilib, u o‘sha yillar davomida o‘zining falsafiy qarashlarini ko‘rsatib bergan bo‘lajak asarlariga faol tarzda eslatmalar yoza boshlaydi, kelajakdagi asarlarining prototiplarini yaratadi.O‘sha davrlarda u bir muddat Jazoir madaniyat uyiga rahbarlik qiladi. 1938-yilda esa “Sohil bo‘yi” jurnaliga, so‘ngra “Respublikachi Alje” hamda “Respublika oqshomi” kabi so‘l qanot muxolifat gazetalarida muharrirlik qiladi. Ikkinchi jahon urushi boshlanganidan so‘ng ushbu gazetalarning chop etilishiga harbiy senzura tomonidan taqiq qo‘yiladi. Bu nashrlar orqali Kamyu o‘sha davrda ijtimoiy siyosat va Jazoirdagi arablar ahvolini o‘nglashga harakat qilayotgandi.
Bu yillarda Kamyu asosan ocherklar va publitsistik materiallar yozadi. 1938-yilda uning “Uylanish” nomli kitobi nashrdan chiqadi. 1939-yilda esa “Kaligula” pyesasining birinchi variantini yozadi. 1940-yilning yanvar oyida “Respublika oqshomi” gazetasi taqiqlanganidan so‘ng Kamyu va uning bo‘lajak rafiqasi Frensin For bilan Oranga ko‘chib o‘tadi va u yerda o‘qituvchilik qiladi. Ikki oydan keyin Jazoirdan Parijga ko‘chib keladi.
Parijda Alber Kamyu “Parij oqshomi” (Paris-soir) gazetasining texnik muharriri sifatida faoliyat yuritib, 1940-yilning may oyida “Begona” qissasini yakunlaydi. Ushbu qissa ekzistensial falsafaning badiyatga ko‘chgan shakli edi. Kamyu unda dunyoqarashning murakkab tizimini adabiy tilda ifodalab bergan va shu orqali falsafiy qarashini keng kitobxonlar ommasiga moslashtirgan.
Voqealar o‘sha paytda Fransiyaning mustamlakasi bo‘lgan Jazoirda bo‘lib o‘tadi. Asarning bosh qahramoni Merso kutilmaganda onasining o‘limidan xabar topadi va dafn marosimida qatnashish uchun qariyalar uyiga boradi. Lekin u onasining o‘limiga nisbatan hech qanday ayanch hislarini tuymayotgandi — siqilmayotgandi. Mersodagi sovuqqonlik uning so‘zlaridan ham ma’lum. Asar boshidayoq bu munosabat ko‘zga yaqqol tashlanadi: u onasi aynan qaysi sanada vafot etganini ham eslay olmasdi.
Dafn marosimida u kerakli an’analarni avtomatik ravishda bajaradi, lekin ko‘ziga bir tomchi ham yosh olmaydi. Aksincha, o‘zi onasining mayiti solingan tobut qarshisida o‘tirgan bo‘lsa-da, xayoli umuman boshqa narsalarda edi. Masalan, xonaning haddan tashqari yorug‘ligi ko‘zlarini qamashtirayotgani haqida o‘ylardi.
Mersoning hayot tarzi va atrofidagilarga munosabatidan u oddiy odamga qadrli bo‘lgan barcha narsalarga butkul befarqligini bilib olish qiyin emas. Unga do‘stlik, muhabbat, oila kabi insoniy qadriyatlar yot bo‘lib, bu kabi o‘zaro munosabatlarga nisbatan ichida hech qanday xayrixohlik tuymasdi. Shu narsa uning zarariga ishlaydi.
Aniqroq qilib aytganda, o‘zi istamagan qotillikka qo‘l urgan Merso hibsga olinadi va sud qilinadi. Sudda uni tanigan guvohlar u qo‘l urgan jinoyat qolib, insoniy fazilatlarini muhokama qiladi. Onasining qariyalar uyidan kelgan tanishlari, u bilan aloqa qilib yurgan ayol va boshqalar Mersoga qarshi guvohlik beradi. Ruhoniy uning oldida vaz o‘qiydi, mahbus esa g‘azablanib, diniy fikrlash paradigmasini qat’iyan rad etadi. Natijada, qilgan jinoyati kechirilmaydi va u o‘lim jazosiga hukm qilinadi.
“Begona” yozilgan yil, dekabr oyida u muxolif fikrlari uchun “Parij oqshomi”dan bo‘shatiladi. Shundan so‘ng Kamyu bosib olingan mamlakatda yashashni istamay, Oranga qaytib kelib, xususiy maktabda fransuz tilidan dars bera boshlaydi. 1941-yilning fevralida “Sizif haqida afsona” yozib tugallanadi.
Tez orada Qarshilik Safi tarkibiga qo‘shilgan Kamyu Parijdagi “Komba” yashirin tashkilotiga a’zo bo‘ladi.
1942-yilda “Begona”, 1943-yilda esa “Sizif haqida afsona” nashr etiladi. Shu yili u yashirincha “Komba” gazetasini chiqara boshlaydi va keyinroq o‘sha gazetaning muharririga aylanadi. 1943-yil oxirida “Gallimar” nashriyotida ishlay boshlaydi (ushbu gazeta bilan umrining oxirigacha hamkorlik qilgan). Urush yillarida u “Nemis do‘stga maktublar”ni nashr ettiradi. Shu yillari u taniqli faylasuf va adib Jan Pol Sartr bilan uchrashib, uning pesalari asosidagi spektakllarda aktyor sifatida ishtirok etgan.
1944-yili Kamyu “Vabo” romanini yozadi (Shu yili uning oilasida Jan va Katrin ismli egizaklar dunyoga kelgan). Roman 1947-yilda nashr qilingan bo‘lib, u yozuvchining eng yirik nasriy asarlaridan biri edi. Taniqli adabiy tanqidchi Gaetan Pikon bu asar haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlasha turib shunday yozgandi:
“Bir ko‘rishda osoyishta va xotirjam ushbu alifdek asarda turli sadolar yangraydi. Unda bir paytning o‘zida bemanilik (absurd) va isyon, befarqlik va ehtiros, sovuqlik va zavqu-shavq, mavhumlik va his-tuyg‘u, o‘tkinchilik va abadiylik kabi tushunchalar yonma-yon yashaydi...”Urushdan keyingi yillarda ham u “Komba” bilan faol hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi. Tashkilot uning ilgari yozilgan asarlarini nashr qiladi va bu adibga katta shon-shuhrat keltiradi. 1947-yili u so‘l harakat va Sartr bilan asta-sekin aloqani uza boshlagandi. U “Komba” tashkilotini tark etib, mustaqil jurnalist sifatida faoliyat yurita boshlaydi — turli nashrlar uchun jurnalistik maqolalar yozadi (keyinchalik “Qaynoq eslatmalar” nomi ostida uchta to‘plamda nashr etilgan).
1951-yilda anarxistlarga qarashli “Liberter” jurnalida “Isyonkor odam” asari nashr etiladi. Kamyu unda insondagi tashqi va ichki ma’nisizlikka (absurd) qarshi isyon anatomiyasini taftish qiladi. So‘l tanqidchilar, shu jumladan, Sartr ham buni sotsializm uchun siyosiy kurashni inkor etish sifatida ko‘radi (Kamyu sotsializmni Stalin davridagi kabi avtoritar rejimga olib boradi deb bilardi). 1954-yilda boshlangan Jazoir urushidan keyin Kamyuning Jazoirdagi fransuz hamjamiyatini qo‘llab-quvvatlagani so‘l qanot radikallarining yanada keskinroq tanqidiga sabab bo‘ldi. Kamyu bir muddat YuNЕSKO bilan hamkorlik qiladi, biroq Ispaniya 1952-yilda Fransisko Franko boshchiligida ushbu tashkilotga a’zo bo‘lgach, u yerda o‘z faoliyatini to‘xtatadi.
Umrining so‘nggi yillari
Teatr uni o‘ziga tobora ko‘proq mahliyo qilib bormoqda edi. 1954-yildan boshlab u o‘z pyesalari asosidagi spektakllarni sahnalashtira boshlaydi. Shuningdek, Parijda eksperimental teatr ochish bo‘yicha muzokaralar olib boradi. 1956-yilda Kamyu “Tubanlashuv” qissasini yozadi, kelasi yili “Surgun va qirollik” hikoyalar to‘plami dunyo yuzini ko‘radi.1957-yilda u “inson vijdoni oldida turgan muammolarni adabiyotda yuksak ruhda yoritib bergani uchun” Nobel mukofoti bilan taqdirlangan. Garchi Kamyu o‘zini faylasuf hisoblamagan bo‘lsa-da, falsafiy-badiiy esselari uchun zamondoshlari uni “G‘arb vijdoni” deb atardi. Mukofot topshirilishi munosabati bilan qilgan nutqida u o‘zining hayotiy va ijodiy pozitsiyasi haqida shunday deydi:
“Men o‘z san’atimdan tashqarida yasholmayman. Biroq hech qachon uni dunyodan ustun qo‘ymaganman. Aksincha, bu san’at menga shuning uchun ham kerakki, u o‘zini hech kimdan, hech narsadan chetga olmaydi, san’atkor va bir inson sifatida hamma odamlarning hayoti bilan nafas olishimga imkon beradi. San’at men uchun yolg‘iz ijodkorning ermagi emas, umumiy azob-uqubatlar va quvonchlarning qamrovli manzarasini chizish orqali iloji boricha ko‘proq odamlarga ta’sir etish usulidir. San’at ijodkorni o‘z qobig‘ida o‘ralashib qolishiga yo‘l qo‘ymaydi, uni eng oddiy va eng umumiy haqiqatga bo‘ysundiradi.1960-yil, 4-yanvar kuni yozuvchi avtohalokatda vafot etadi. O‘sha kuni u do‘sti Mishel Gallimar va uning oilasi bilan Provansdan Parijga qaytayotgandi. Ular ketayotgan mashina boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetidagi chinorga borib uriladi. Kamyuning o‘sha ondayoq joni uziladi. Mashinani boshqarib borayotgan Mishel Gallimar ikki kundan so‘ng kasalxonada vafot etadi, uning xotini va qizi esa tirik qoladi.Ko‘pincha, o‘zini o‘zgalardan boshqacharoq his qilib, san’atkorlik qismatini tanlaganlar tez orada o‘z san’atlarini va o‘zgalarga o‘xshamagan xosliklarini nima bilan oziqlantirishni bilmay qoladilar-da o‘zlari boshqalardan hech nima bilan farq qilmasligini tan olish zarurligini tushunib qoladilar. San’atkor, ayni shunday, o‘zi bilan boshqalar orasidagi — o‘zi chetlab o‘tolmaydigan go‘zallik va uzilib ketolmaydigan insoniy umumiylik orasidagi yo‘lning o‘rtasida zir yuguraverib shakllanadi. Shuning uchun ham haqiqiy san’atkorlar hech narsani e’tibordan soqit qilmaydi, ular hukm chiqarishni emas, tushunishni o‘z burchlari deb biladilar.
Mabodo, ular bu dunyoda kimningdir tomonini tanlaydigan bo‘lsalar, Nitsshening ulug‘ hikmatiga ko‘ra, biror bir hakam emas, ishchimi, ziyolimi — kim bo‘lishidan qat’i nazar — faqat bunyodkor boshqaradigan jamiyatga tarafdor bo‘lishga burchlidirlar”.
Yozuvchining shaxsiy buyumlari orasida tugallanmagan “Birinchi odam” qissasining qo‘lyozmasi va foydalanilmagan poyezd chiptasi topilgan. Alber Kamyu Fransiya janubidagi Lurmaren qabristoniga dafn qilingan.
2011-yilda yilda italiyaning Corriere della Sera gazetasi, yozuvchi Sovet Ittifoqining Vengriyaga bostirib kirishini qoralagani uchun, avtohalokat Sovet maxsus xizmatlari tomonidan uyushtirilgan degan qarashni olg‘a suradi. Gazeta rejalashtirilgan qotillikdan xabardor bo‘lganlar orasida SSSR Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Shepilov (1905–1995) nomini ko‘rsatgan. Kamyuning tarjimayi holini nashrga tayyorlagan Mishel Onfare bu ma’lumotni ig‘vo sifatida rad etadi.
O‘zbek kitobxoni yozuvchi ijodi bilan yaxshi tanish bo‘lib, bir qator qissa va romanlari, adabiy-falsafiy esselari Ahmad A’zam, Nazar Eshonqul va boshqa tarjimonlar tomonidan o‘zbek tiliga o‘girilgan.
Rafiq O‘zturk tayyorladi
Izoh (0)