Kolumbiyadagi eng yirik narkokartel rahbari hibsga olinganidan so‘ng yangi, undan ham kuchliroq jinoiy rahbar paydo bo‘lishi mumkin. Bunday ehtimolni Rossiya Fanlar akademiyasi qoshidagi Lotin Amerikasi institutining Siyosiy tadqiqotlar markazi katta ilmiy xodimi Dmitriy Yeleseenko “Lenta.ru”ga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Foto: Reuters

“Hozirgi sharoitda, ya’ni Meksikadagi eng yirik kartellar Sinaloa va Xalisko o‘rtasidagi urush meksikaliklarning Kolumbiya kartellari ustidan nazoratini zaiflashtirgan paytda, bunday yetakchining paydo bo‘lishi ehtimoli avvalgidan ko‘ra ko‘proq”, — dedi Yeleseenko. U 1993-yilda Pablo Eskobarning o‘limi haqida ma’lum bo‘lgach, Meksika kartellarining ta’siri mintaqaga tarqala boshlaganini eslatdi.

Ekspert, shuningdek, 2000-yillarda Meksikada bir necha yirik narkobaronlarning yo‘q qilinishi Sinaloa kartelining paydo bo‘lishiga olib kelganini ta’kidladi, bu kartel 2021-yilgacha Lotin Amerikasidagi eng yirik va yengilmasi bo‘lgan. “Hokimiyatda bo‘shliq hosil bo‘lishi va boshqaruvning yo‘qolishi ko‘pincha jinoiy baronlarning ko‘payishi uchun qulay zamin yaratadi”, — deya qo‘shimcha qildi ekspert.

24-oktabr kuni Kolumbiya harbiylari va politsiyasining Nekokli munitsipalitetida o‘tkazgan yirik maxsus operatsiyasi chog‘ida “Ko‘rfaz klani” rahbari, Otoniel laqabli Dayro Usuga qo‘lga olingandi. Uni hibsga olishda 500 nafar xavfsizlik xodimi ishtirok etgan. Kolumbiya prezidenti Ivan Duke Markes bu voqeani Pablo Eskobarning qulashiga qiyoslagan.

Aprel oyida Dubay politsiyasi fransiyalik narkobaron Mufida Bushibini hibsga olgandi. “Arvoh” nomi bilan tanilgan Bushibi millionlab dollarlik giyohvand moddalarni Yevropaga noqonuniy tarzda olib kirgan. Shuningdek, Osiyoda eng ko‘p qidiruvga berilgan narkobaron Chi Lop yanvar oyida Niderlandiyada qo‘lga olingan.