Futbol tarixidagi eng yaxshi o‘yinchilardan biri, tom ma’noda “futbol qiroli” Pele faoliyatida juda yorqin natijalar qayd etgan. Pele 1940-yil 23-oktabrda tavallud topgan. 81 yoshni qarshi olgan afsona hanuz futbolga oid turli tadbirlarda faol ishtirok etib keladi. “Chempionat” sayti braziliyalik futbolchining faoliyatidagi eng yorqin lahzalarni taqdim etdi.

1. Vundekindning Jahon Chempionatidagi debyuti

Foto: Reuters

Pele 17 yoshida o‘zining ilk Jahon Chempionatida ishtirok etdi. Shvetsiyadagi mundialda (1958-yil) SSSRga qarshi o‘yinda debyutini o‘tkazadi (Braziliya 2:0 hisobida g‘alaba qozongan), birinchi golini esa chorak finalda Uelsga qarshi uchrashuvda uradi. Yarim finalda esa Fransiya 5:2 hisobida taslim etildi. Pele esa o‘sha o‘yinda 3 ta golni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi. Shu tariqa braziliyalik vunderkind mundiallar tarixidagi het-trik qayd etgan eng yosh futbolchiga aylandi. Finalda esa Shvetsiya ustidan 5:2 hisobida g‘alaba qozongan Braziliya o‘z tarixida birinchi marta chempionlikni nishonlaydi. Finalda ham Pele ikkita gol muallifiga aylandi.

2. Bir o‘yinda 8 ta gol

Pele va Garrincha

Foto: Reuters

Pele yoshligidanoq sermahsullik namoyish etgan. 1964-yil 21-sentabr kuni braziliyalik afsona “Santos” safida “Botafogo” darvozasiga 8 ta gol uradi.

3. Jahon Chempionligini uch marta qo‘lga kiritgan yagona futbolchi

Pele 1970-yildagi Jahon Chempionatida

Foto: Reuters

Pele futbolchi sifatida mundialda uch marta g‘alaba qozongan yagona futbolchi hisoblanadi. Shvetsiya, Chili va Meksika braziliyalik futbolchi uchun sevimli mamlakatlarga aylanib ulgurgan. 1970-yilgi Jahon Chempionati finalida Braziliya terma jamoasi Italiyaga qarshi maydonga tushadi. Mexikodagi “Atstek” stadionida 110 ming muxlis yig‘iladi. Meksikalik muxlislar tribunada braziliyalik muxlislar bilan birgalikda Braziliyani qo‘llab-quvvatladi. Lotin Amerikasi jamoasi 4:1 hisobida g‘alaba qozondi. Pele gol urdi va ikkita assistni amalga oshirdi. O‘yindan so‘ng Peleni yopishi kerak bo‘lgan italiyalik himoyachi Tarchizio Burgnicha “O‘yindan avval u hamma kabi teri va suyakdan tashkil topgan deb o‘ylagandim. Afsus, adashgan ekanman”, — deb tan oldi.

4. Braziliya tarixidagi eng yaxshi to‘purar

Pele va Neymar

Foto: Reuters

Pelening Braziliya tarixidagi eng yaxshi to‘purar ekanligi hech kimni hayratga solmaydi. Terma jamoadagi faoliyati davomida 92 ta o‘yinda ishtirok etib, 77 ta gol urgan. Undan keyingi o‘rinni hozirda “PSJ” safida harakat qilayotgan Neymar 70 ta gol bilan egallab turibdi.

5. Braziliyalik chaqmoq

Pele hozir to‘p surganda yamaykalik Useyn Boltga raqobatch bo‘lardi

Foto: Reuters

O‘zining mehnatsevarligi evaziga Pele futbolda yuksak natijalarga erishgan. U faoliyatining eng yuqori nuqtalarida yengil atletikachilar kabi 100 metr masofani 10 soniyada bosib o‘tardi. Agar Pele hozirgi zamonda faoliyat olib borganda, Useyn Bolt bilan bemalol raqobatlashgan bo‘lardi. Afsonaning bo‘yi unchalik uzun bo‘lmagan — 173 santimetr uning ikki metr yuqoriga sakray olishiga xalaqit qilmagan. Buyuk hujumchi yengil atletika bo‘yicha Jahon chempionatlarida ishtirok etsa, oltin medalga da’vogarlik qila olardi.

6. “Santos” ramzi

Foto: “Sky Sports”

Pele faoliyatining 18 yilini San-Pauluning “Santos” klubiga bag‘ishlagan. 1956-yildan to 1974-yilga qadar hujumchi “Santos” safida 1091 ta gol uradi. Klub tarixi ikkiga bo‘linadi: “Pelega qadar” va “Peledan keyin”. Afsona bilan birgalikda jamoa 5 marta Braziliya Kubogi, 2 marta Libertadores va 2 marta Mintaqalararo Kubok sohibiga aylanadi. 2014-yilda “Santos” Pele bilan uning obrazidan umrbod foydalanish bo‘yicha shartnoma imzolaydi. Endi jamoa va futbolchi bir butun.

7. 1000+

Foto: Reuters

Pele — “1000” klubi a’zosi. U 21 yillik faoliyati davomida umumiy hisobda 1389 ta gol (ba’zi manbalarda 1281 ta deyiladi) urgan. Faqatgina avstriyalik hujumchi Yozef Bitsan (1468) va germaniyalik Gerd Myuller (1461) braziliyalik futbolchidan ko‘proq gol urgan.

8. Pele kuni

Pele nomidagi marka

Foto: “Championat”

1969-yil 19-noyabr Braziliya futboli tarixidagi muhim sanalardan biri bo‘lib qoldi. “Marakana” stadionida “Santos” “Vasko da Gama”ga qarshi o‘ynadi. Pele o‘sha uchrashuvda 1000-golini urdi. Shu munosabat bilan Braziliya aloqa vazirligi futbolchiga atalgan dunyodagi yagona pochta markasini yaratdi. Shundan buyon ko‘plab braziliyaliklar 19-noyabrni Pele kuni sifatida nishonlaydi.

9. MOQ versiyasiga ko‘ra eng yaxshi sportchi

Foto: Reuters

1999-yilda Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi Peleni XX asrning eng yaxshi sportchilari top-5 ligiga kiritadi. Eng qizig‘i, braziliyalik futbolchi Olimpiada o‘yinlarida umuman ishtirok etmagan.

10. XX asrning eng yaxshi futbolchisi

Foto: Reuters

Bir nechta yirik nashriyotlar Peleni o‘tgan yuz yillikning eng yaxshi futbolchisi deb e’tirof etadi. Braziliyalik futbolchi World Soccer, France Football, Guerin Sportivo, Placar kabi jurnallar talqiniga ko‘ra XX asrning eng yaxshi futbolchisi nomiga loyiq ko‘rilgan. Undan tashqari, Pele FIFA tomonidan tuzilgan “XX asrning ramziy jamoasi” tarkibiga kiritilgan.