19-oktabr kuni soat 18:30 lar atrofida Samarqand viloyati Payariq tumani “Istiqlol” MFYda yashovchi fuqaro o‘zining tanishlari bilan tuman tibbiyot birlashmasi vrach akusher-ginekologi U.X.ni kaltaklagan. Bu haqda “Daryo”ga shifokorning yaqinlari ma’lum qildi.

Foto: “Daryo”

Ta’kidlashicha, 28 yoshli D.E. va uning bir guruh tanishlari tug‘uruq majmuasiga mast holatda kelib, jamoat tartibini buzgan. Shuningdek, tug‘uruq majmuasida davolanayotgan xasta homilador ayollar, shifokorlar va boshqa tibbiyot xodimlarini haqoratlagan, xodimlar ish faoliyatiga to‘sqinlik qilib, to‘polon ko‘targan.

“Men ularga shovqin solmaslikni, bo‘limda og‘ir kasallar ham borligini, shifokorlarni haqorat qilmasliklarini aytdim. Aniqrog‘i, ularni tinchlantirmoqchi edim. Ammo ular meni tug‘uruqxona eshigidan sudrab chiqib, egnimdagi maxsus ish kiyimlarimni yirtib, duch kelgan joyimda do‘pposladi”, — deydi jabrlanuvchi shifokr U.X.

Shifokor U.X.ning aytishicha, D.E. va uning sheriklariga qonuniy chora ko‘rishni so‘rab Payariq tuman prokuraturasiga murojaat qilgan.

Avvalroq Jizzaxda hamshira kaltaklangani, Farg‘onadagi tug‘uruqxonada shifokorning sochidan tortib sudragan shaxs ushlanib, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, Namanganda issig‘i ko‘tarilganidan shikoyat qilib kelgan aka-ukadan COVID-19 ga chalinmaganini bilmoqchi bo‘lgan shifokor ayovsiz kaltaklangani to‘g‘risida xabar berilgandi.