Qozog‘iston prezidentining xalqaro hamkorlik bo‘yicha maxsus vakili Yerjan Kazixan rahbarligidagi delegatsiya ishchi tashrif bilan Afg‘onistonga borib, “Tolibon” hukumati rahbarining o‘rinbosari Abdulg‘ani Barodar va tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amir Xon Muttaqiy bilan uchrashdi, deb yozadi “Kommersant” Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmatiga tayanib.

Foto: Tengrinews

“Qozog‘iston tomonidan afg‘on xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatish va savdo-iqtisodiy aloqalarni qayta tiklash masalalari muhokama qilindi”, — deyiladi xabarda.

Yerjan Kazixanning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘onistonga 5 ming tonna un ko‘rinishida gumanitar yordam yetkazilgan. Shuningdek, Qozog‘iston Afg‘oniston tomonida koronavirusga qarshi QazVac vaksinasini taqdim etish taklifini bildirdi.

Bundan tashqari, uchrashuv chog‘ida tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalarni qayta tiklash hamda afg‘onistonlik talabalar uchun Qozog‘istonda ta’lim dasturlarini davom ettirishdan o‘zaro manfaatdorlikni bildirdi.

Kazixan BMT bosh kotibining maxsus vakili, tashkilotning Afg‘onistonga ko‘maklashish bo‘yicha missiyasi rahbari Debora Layons bilan ham ko‘rishdi. Ular Afg‘onistonda gumanitar va oziq-ovqat inqirozini yengib o‘tish uchun Qozog‘iston va BMT o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishni muhokama qildi.