Dunyo va o‘zbek sportiga oid 14-oktabr kunining eng muhim xabarlari dayjesti bilan tanishing.

O‘zbekiston

“Toshkent yo‘lbarsi” Rufat Risqiyevga 3 xonali yangi uy qurib beriladi

Foto: MOQ matbuot xizmati

Afsonaviy bokschi Rufat Risqiyev yil yakunigacha yangi uyga ko‘chib o‘tadi, deb yozmoqda Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston boks federatsiyasining bosh homiysi “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Rufat Risqiyevga yangi xonadon qurish ishlari boshlangan.

Loyihaga ko‘ra, Rufat Risqiyevning xonadonidagi bo‘sh yer maydoniga barcha qulayliklarga ega zamonaviy 3 xonali uy qurib beriladi. Reja bo‘yicha yangi uy yil yakunigacha qurib bitkaziladi.

Bobur Abduxoliqov va Shahzodbek Ubaydullayevda koronavirus aniqlandi

“Energetik-BGU”ning o‘zbekistonlik futbolchilari Bobur Abduxoliqov va Shahzodbek Ubaydullayevda koronavirus aniqlangan. Bu haqda klub matbuot xizmati ma’lum qildi.

Foto: Google Images

Qayd etilishicha, 11-oktabr kungi test natijalarida jamoaning 9 nafar futbolchisi, shu jumladan o‘zbekistonlik o‘yinchilarning ikkisida ham COVID-19 aniqlangan.

Tahlili ijobiy chiqqan barcha o‘z turar joyida izolyatsiyaga olingan, qolganlar mashg‘ulotlarda davom etayotgani qo‘shimcha qilingan.

Jahon

Ramosning “PSJ”dagi debyuti kechikadigan bo‘ldi

Foto: Twitter

“PSJ” himoyachisi Serxio Ramos Liga 1 ning 10-turi doirasidagi “Anjer”ga qarshi o‘yinda ham maydonga tusha olmaydi.

Parij klubiga ko‘ra, ispaniyalik futbolchi yana 10 kun davomida yakka tartibda mashg‘ulot o‘tkazadi. Shundan keyingina u umumiy guruhga qo‘shilishi rejalashtirilgan.

35 yoshli Ramos jarohati tufayli hamon yangi klubida debyut qilgani yo‘q. Avvalroq Ramosning “Anjer”ga qarshi bahsda ishtirok etishi mumkinligi aytilgandi.

“Barselona” Pedri bilan shartnomani uzaytirdi va uning narxini 1 mlrd yevro etib belgiladi

Foto: Twitter

“Barselona” yarim himoyachi Pedri bilan shartnoma uzaytirilganini e’lon qildi.

18 yoshli futbolchi klub bilan 2026-yilgacha mo‘ljallangan yangi shartnomaga imzo chekkan. Uning tovon puli miqdori 1 milliard yevro etib belgilandi.

“Bavariya” ham Holandga qiziqish bildirmoqda

Foto: UEFA

“Bavariya” “Borussiya D” hujumchisi Erling Holandga qiziqish bildirmoqda.

Bild’ga ko‘ra, agar Robert Levandovski jamoani tark etadigan bo‘lsa, Myunxen jamoasi “Borussiya D” forvardini sotib olishga urinib ko‘radi.

Hozirda Holandning tovon puli 75 mln yevro ekanligi aytilmoqda. Shuningdek, yana 30—40 mln yevro futbolchining agenti Mino Rayolaga komissiya sifatida to‘lanadi.

Avvalroq Holand “Manchester Siti”ning asosiy transfer maqsadi ekanligi haqida xabar berilgandi.

Ronaldo “Oltin to‘p” uchun kurashda Benzemaga ovoz beradi

Foto: “Real Madrid”

“Real” va “Inter”ning sobiq hujumchisi Ronaldo bu yilgi “Oltin to‘p” sovrinini Madrid klubi hujumchisi Karim Benzema qo‘lga kiritishini xohlamoqda.

“Mening ”Oltin to‘p”ga nomzodim Benzema, bunga hech qanday shubha yo‘q.

U eng yaxshi hujumchi, oxirgi 10 yildagi haqiqiy “yirtqich” va eng muhimi, chempion. Siz bunday o‘ylamaysizmi?”, — deb yozdi braziliyalik sobiq futbolchi Instagram sahifasida.

Ferran Torres bir oy muddatga safdan chiqdi

Foto: Getty Images

“Manchester Siti” yarim himoyachisi Ferran Torres jarohati tufayli bir oy davomida maydonga tusha olmaydi. Bu haqda Diario Sport xabar tarqatdi.

Tibbiy ko‘rikdan so‘ng futbolchiga tovon sinishi tashxisi qo‘yilgan. Ispaniyalik futbolchi ushbu jarohatni Millatlar Ligasi doirasida Italiyaga qarshi o‘yinda olgandi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!