Shavkat Mirziyoyev 12-oktabr kuni Buxorodagi Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qildi, deb xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, Qur’on tilovat etilib, xalqqa tinchlik-farovonlik tilab duo qilindi. Ulamolar bilan suhbatda ilmning ahamiyati, yoshlar tarbiyasi haqida so‘z bordi.
“Buxoro azaldan ilm, ma’naviyat markazi. Qadimda bu yerda 30 dan ortiq oliy madrasa bo‘lgan. Hech qayerdan buncha ko‘p ulamo chiqmagan. Bugun ham yoshlar tarbiyasida, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashishda Buxoroning o‘z o‘rni bor”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbari ziyoratgohlarni va ularga olib boradigan yo‘llarni obod qilish, ichki turizmni rivojlantirish muhimligini ta’kidladi.
“Ziyorat xalqimizning ajdodlarga bo‘lgan hurmatini, yoshlar dunyoqarashini yuksaltirishga xizmat qiladi. Shuning uchun bu yerga boshqa hududlardan yangi yo‘nalishlar ochib, yoshlarni olib kelish, bilimini oshirish muhim”, — dedi Prezident.
Eslatib o‘tamiz, 11-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatida bo‘lib, Qarshidagi Prezident maktabiga tashrif buyurib, o‘quvchilar bilan suhbatlashdi, Qashqadaryo qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyini borib ko‘rdi. Shu kuni viloyatga tashrifini yakunlab, Buxoroga yo‘l olgandi.
Izoh (0)