Toshkentning Yakkasaroy tumanida Lacetti YTHga uchrab, yong‘in chiqqani haqida xabarlar tarqaldi. YHXBB holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, avtohalokat 10-oktabr kuni soat 21:00 larda Yakkasaroy tumani, Shota Rustaveli ko‘chasida yuz bergan. 19 yoshli haydovchi Sh.N. Lacetti’da harakatlanayotib, ushbu ko‘chada joylashgan “Anjir” restorani ro‘parasiga yetgan vaqtida boshqaruvni yo‘qotgan va yo‘l o‘rtasidagi yoritish chirog‘i ustuniga urilgan.
To‘qnashuv oqibatida avtomobilda yong‘in yuzaga kelgan. O‘t o‘chiruvchilar tomonidan yong‘in bartaraf qilingan. Hodisa oqibatida haydovchi Sh.N. va bir nafar yo‘lovchi vafot etgan. Yana 2 nafar yo‘lovchi tan jarohati bilan shifoxonaga olib ketilgan.
YTH yuzasidan Toshkent shahar IIBB huzuridagi TB va YHXB xodimlari tomonidan dastlabki surishtiruv harakatlari olib borilib, YTH sodir bo‘lish sabablariga aniqlik kiritilmoqda.