Toshkentning Chilonzor tumanidagi uylarning birida 3-oktabr kuni portlash sodir bo‘lgan edi. Portlashga xonadon oshxonasida o‘rnatilgan gaz qurilmalaridan maishiy gaz sizib chiqib to‘planishi va gaz-havo aralashmasining chaqnashi sabab qilib ko‘rsatilgan.

Foto: Ma’murjon Obrahmatov

Dastlabki ma’lmotga ko‘ra, 14 ta xonadonga hamda binoda o‘rnatilgan yo‘lovchi tashish lift qurilmasiga jiddiy zarar yetgan. Xususan, gaz portlagan uyning oynalari va eshiklari singan, uning qarshisidagi xonadon eshigi ham zararlangan. Qolgan xonadonlarning, asosan, kirish eshiklariga zarar yetgan xolos. Jabrlanganlar va qurbonlar yo‘q. Uyi shikastlangan 17 nafar fuqaro vaqtinchalik mehmonxonaga joylashtirilgan.

“Daryo” voqea joyidan reportaj tayyorladi. Portalgan uy qo‘riqlashga olingani bois zarar ko‘rgan xonadonlarni ko‘zdan kechirishning iloji bo‘lmadi.

Portlagan uy Milliy gvardiya xodimlari tomonidan qo‘riqlanmoqda

Foto: Ma’murjon Obrahmatov

Uyning holatidan ko‘rish mumkinki, portlash bitta yo‘lakda joylashgan xonadonlarga ta’sir qilgan. Natijada alyumin romlar sinib, oynalari parchalanib ketgan. Rom bo‘laklari 20 metr narigacha sochilib ketgan. Qo‘shni qavatdagi binolarning esa asosan oynalariga jiddiy zarar yetgan. Voqea yuz bergan vaqtda xonadon egasi uyda bo‘lmagan.

Portlash natijasida 20 metr narigacha sochilib ketgan rom bo‘laklari

Foto: Ma’murjon Obrahmatov

Guvoh ayolning aytishicha, qo‘shni ko‘p qavatli uylarning kirish qismidagi va ba’zi xonadonlarning ham deraza oynalariga shikast yetgan.

“Biz qo‘shni ‘dom’da yashaymiz. Portlash ovozi yeshitilganda vahimaga tushib, nima bo‘layotganini anglamay qoldik. Baqir-chaqir bo‘lib ketdi, yettitacha tez yordam mashinasi keldi”, — dedi guvohlardan biri.

Portlash natijasida qo‘shni ko‘p qavatli uyning singan oynasi

Foto: Ma’murjon Obrahmatov

Uyning beshinchi qavatidagi xonadon egasining aytishicha, u portlash sodir bo‘lgan vaqtda liftdan chiqib ketayotgan bo‘lgan.

“Tashqarida ishim bor edi. Liftdan tushib tashqariga chiqqan vaqtimda qattiq portlash ovozini eshitib, silkinib ketdim” , — dedi u.

Xonadon egalaridan birining aytishicha, shu kunlarda gaz hisoblagichlar o‘rnatish ishlari ketayotgan bo‘lgan. Uning “Daryo” muxbiriga ma’lum qilishicha, uyning 70 foizi kredit evaziga sotilib, kadastr hujjatlari rasmiylashtirib berilgan. “Hududgazta’minot”ga ko‘ra, ushbu ko‘p qavatli uy hali foydalanishga topshirilmagan, xonadon egasi esa gaz tizimiga ruxsatsiz ulangan.

Portlagan uyning orqa qismi

Foto: Ma’murjon Obrahmatov

“Uy qurilishi hali tugallanmagani va yangi bino foydalanishga topshirilmagani sababli gaz ta’minoti tashkilotlari tomonidan gazni ulashga ruxsat berilmagan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, xonadon egasi uyni gazlashtirish bo‘yicha payvandlash ishlarini olib borish uchun payvandchini shaxsan jalb qilgan va gaz ta’minoti tizimiga o‘zboshimchalik bilan ulangan”, — deb qayd etgan “Hududgazta’minot”.

Chilonzor tuman IIB tomonidan holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi (mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.