Foydali va mazali qovoqli tort nafaqat sog‘lom turmush tarzi tarafdorlari va parhez tutuvchilar, balki shirinlikni xush ko‘ruvchilarni ham xursand qiladi. 

Foto: “Domashniy ochag”

Kerakli mahsulotlar:

Korj uchun:

  • yong‘oq – 100 gramm;
  • qovoq urug‘lari – 100 gramm;
  • xurmo – 100 gramm;
  • kokos moyi – 2 osh qoshiq;
  • kakao – 2 osh qoshiq.

Krem uchun:

  • qaynatilgan qovoq – 400 gramm;
  • o‘simlik suti – 100 gramm;
  • limon sharbati – 150 gramm;
  • limon po‘sti – 1 osh qoshiq;
  • asal – 4 osh qoshiq;
  • kokos qirindisi,
  • jele.

Tayyorlanish jarayoni:

  1. Qovoq urug‘i va yong‘oq yuvilib, 30 daqiqa davomida qaynoq suvda qoldiriladi.
  2. Xurmo ham qattiq bo‘lsa, 15-20 daqiqaga qaynoq suv quyiladi.
  3. Korj uchun barcha mahsulotlar blender yordamida aralashtiriladi. Massa bir holatga kelguncha jarayon davom ettiriladi.
  4. Kerakli shakldagi qolipga pergament qog‘oz solib, ichiga massa quyiladi. Krem tayyor bo‘lguncha muzlatkichga qo‘yiladi.
  5. Jeledan tashqari krem uchun ajratilgan barcha mahsulotlar aralashtiriladi. Suyuqligi smetana singari bo‘lishi kerak. Agar quyuq bo‘lsa, biroz sut qo‘shish mumkin.
  6. Krem idishga quyilib, ustidan jele solinadi va qaynatishga qo‘yiladi. 2 daqiqa to‘liq past olovda qaynatib olinadi.
  7. Muzlatkichdan korjlar olinadi va krem surtiladi. Har bir qatlam orasiga krem surtilgach, yana muzlatkichga 30 daqiqaga qo‘yiladi.
  8. Tort tayyor bo‘lgach, qolipdan chiqariladi va shokolad, kokos qirindisi hamda yong‘oqlar bilan bezatiladi.

Yoqimli ishtaha!