Samarqand viloyatining Jomboy tuman hokimligi binosi ro‘parasida 5 tup noyob daraxt kesib tashlandi. Bu haqda “Daryo”ga viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi axborot xizmati ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, 2021-yil 19-sentabrdan 20-sentabrga o‘tar kechasi Jomboy tuman hokimligi binosi ro‘parasida Galakapa ko‘chasi yoqasida o‘sib turgan 3 tup chinor, 2 tup qarag‘ay kesib tashlangan. Ekologiya nazorat inspeksiyasi xodimlari chinorlar yarim asrlik ekani, kesilgan daraxtlar hech bir kasallikka chalinmagani aniqlangan.
Hokimlik mutasaddilari daraxtlar kesib ketilganidan bexabar qolganini aytgan. Shundan so‘ng holat yuzasidan inspektorlar tomonidan tegishli tartibda dalolatnoma rasmiylashtirilib, tezkor surishtiruv va o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Avvalroq Surxondaryoda Butunjahon bioxilma-xillikni asrash kunida archalar ommaviy kesilgani xabar berilgandi.
Izoh (0)