Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda koronavirusga chalinganlar soni 229 053 099 kishini tashkil qilmoqda, shularning 4 699 734 nafari vafot etgan. Kasallanganlar soni bo‘yicha AQSh (42,2 million), Hindiston (33,4 million), Braziliya (21,2 million), Buyuk Britaniya (7,5 million) va Rossiya (7,1 million) yetakchilik qilmoqda. Bundan tashqari, jahonda shu paytga qadar qo‘llanilgan koronavirusga qarshi vaksinalar 5,936 milliard dozadan oshdi.

Indoneziyada kinoteatrlar ochildi

Foto: EPA

Pfizer vaksinasi besh yoshdan oshgan bolalar uchun xavfsiz bo‘lib chiqdi

Pfizer va BioNTech kompaniyalarining koronavirusga qarshi vaksinasi 5 dan 11 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida sinovlarning ikkinchi bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tdi.

“5—11 yoshdagi ishtirokchilar uchun vaksina xavfsiz bo‘lib chiqdi, uni yaxshi qabul qilishdi va antitanalarning barqaror neytrallashtiruvchi reaksiyasi qayd etildi”, — deyiladi Pfizer bayonotida.

Aniqlik kiritilishicha, sinovlarda qatnashgan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalarga uch haftalik tanaffus bilan preparat har biri 10 mkg bo‘lgan ikkita dozada kiritlgan. Ushbu yoshdagi bolalar uchun 10 mkg dozirovka xavfsizlik va immunitet hosil bo‘lishi nuqtai nazaridan optimal hisoblanadi. 12 yoshdan kattalarga yuboriladigan har bitta doza esa 30 mkgga teng.

Ikkinchi dozadan keyin bolalarda “kuchli” immunitet reaksiyasi aniqlangan, kuzatilgan nojo‘ya ta’sirlar esa 16—25 yoshli ishtirokchilarda qayd etilganlari bilan o‘xshash bo‘lgan.

Pfizer tadqiqot natijalarini iloji boricha tezroq AQSh va Yevroittifoqning vakolatli organlariga yuborish niyatida.

Shuningdek, Pfizer 2021-yil oxirigacha 2—5 yosh hamda 0,5—2 yoshli bolalar orasida o‘tkazilgan sinovlar natijalarini ham e’lon qiladi.

AQSh noyabrdan to‘liq emlangan sayyohlar uchun o‘z chegaralarini ochadi

AQSh pandemiya boshida Yevroittifoq va boshqa mamlakatlardan kirish uchun qo‘yilgan cheklovlarning aksariyati bekor qilinishini e’lon qildi. Noyabrdan to‘liq emlangan sayyohlar majburiy karantindan o‘tmasdan mamlakatga kirishi mumkin bo‘ladi.

Koronavirusga qarshi to‘liq emlanmagan chet elliklar AQShga safardan oldin va u yerga yetib kelganidan keyin test topshirishi kerak bo‘ladi.

AQShga kirishga taqiq 2020-yil martida o‘sha paytdagi prezident Donald Tramp tomonidan joriy qilingan edi. Ayni paytda ushbu taqiq Shengen hududi mamlakatlari, Buyuk Britaniya, Irlandiya, Xitoy, Hindiston, Janubiy Afrika Respublikasi, Braziliya va Eron uchun hamon amal qilib kelmoqda. Jo Bayden prezidentlikka kirishganidan keyin bu cheklovlarni bekor qilishdan bosh tortib, Yevroittifoq va AQShning o‘zida tanqidlarga uchradi. Yevroittifoq amerikaliklar uchun shunday taqiqni iyunda bekor qilgandi.

Chexiya aholisi COVID-vaksinaning uchinchi dozasi bilan emlanadi

Chexiyada kasallanish holatlarining ortishi fonida aholi koronavirusga qarshi vaksinaning uchinchi dozasi bilan emlanishni boshlaydi.

Mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi 60 yoshdan oshganlar, tibbiyot xodimlari va xavf guruhida bo‘lgan boshqa fuqarolarga vaksinaning uchinchi dozasini yuborishni tavsiya qildi.

20-sentabr, dushanba kuni qariyb 8 ming kishiga uchinchi doza bilan emlanish huquqiga ega ekani haqida hukumatdan xabarnomalar yuborilgan.

Uchinchi dozani ikkinchisidan kamida sakkiz oy o‘tgach olish mumkin. Immun tizimi zaif bo‘lgan va jiddiy kasalliklari bo‘lgan odamlar esa “buster” dozasini to‘rt haftadan keyin oladi.

Qo‘shimcha dozalar sifatida Pfizer va Moderna vaksinalaridan foydalaniladi.

Chexiyada pandemiya boshidan buyon 1,6 milliondan ortiq odam koronavirusga chalingan, shularning qariyb 30 mingi vafot etgan. Aholining 5,9 million nafari to‘liq emlangan.

Gretsiyada koronavirus cheklovlari muddati uzaytirildi

Gretsiya hukumati koronavirus bilan bog‘liq cheklovlarning amal qilish muddatini 27-sentabrgacha uzaytirdi, shuningdek, sayyohlarga transfer buyurtma qilishda vaksinatsiya sertifikati, manfiy natijali PZR-test yoki ekspress testni taqdim etish majburiyatini yukladi.

Bino ichida joylashgan kafe, bar, restoran, tungi klub va diskotekalarga tashrif buyurish bo‘yicha cheklovlar o‘z kuchida qoldi: u yerga faqat emlanganlar yoki kasal bo‘lib o‘tganlar kiritladi.

O‘quv muassasalari masofadan dars berishda adavom etmoqda. Bino ichida ishlaydigan xizmat ko‘rsatish sohasining emlanmagan xodimlari haftada bir marta koronavirusga tahlil topshirishi kerak. Sanitariya me’yorlari va niqob rejimiga rioya qilmaganlar 300 yevro jarimaga tortiladi.

Pandemiya boshidan buyon Gretsiyada 630 784 kishi koronavirusga chalinib, 14 466 kishi vafot etgan. So‘nggi bir kecha-kunduzda kasallanish bo‘yicha 1305 ta holat aniqlangan, 33 kishi vafot etgan.