Istalgan mamlakatda millat afsonasi darajasigacha chiqqan futbolchilar bo‘ladi. Bunday toifadagi futbolchilar qatorida Pele (Braziliya), Diyego Maradona (Argentina), Yoxan Kroyf (Niderlandiya), Mishel Platini (Fransiya), Krishtianu Ronaldu (Portugaliya), Lionel Messi kabi nomlarni keltirish mumkin. O‘zbekistonda esa bu nom Mirjalol Qosimov nomi bilan bog‘liqdir. O‘zbek futbol qiroli va “o‘zbek Maradonasi” deb nom berilgan Mirjalol Qosimov bugun, 17-sentabr kuni 51 yoshni qarshi oldi. Shu munosabat bilan “Daryo” o‘zbek futbolining yaqin o‘tmishidagi eng yorqin yulduzi haqida hikoya qiladi.

Futboldagi ilk qadamlar va g‘alabalar

Qosimov 10 yoshidan boshlab futbol bilan shug‘ullanishni boshlagan. Qosimovning otasi uni Chig‘atoydagi futbol maktabiga olib boradi. U yerda uni ilk murabbiyi Yuriy Gospadarchuk qabul qilib oladi. Qosimovning o‘zi futbolga kirib kelishi haqida shunday deydi:

“Har bir bolakayga o‘xshab mahallada oyoqyalang, bir futbolkada to‘p tepib yurganmiz. Aynan o‘sha paytdayoq futbolga qiziqish paydo bo‘lgan. O‘sha paytda yurtimizda faqat “Paxtakor” jamoasi bor edi. Barchamiz birdek ushbu jamoaga muxlislik qilardik. Har bir bolakay yoshligida aynan “Paxtakor” libosida futbol o‘ynashni orzu qilgan. Futbolga qiziqishim va muhabbatimni payqagan otam 10 yoshimda, aniqrog‘i, 1980-yili 5-yanvar kuni Qoraqamishdagi Chig‘atoy futbol maktabiga olib borganlar. Aynan o‘sha kundan futboldagi ilk qadamim boshlangan”, – degandi Qosimov “Championat.asia” saytiga bergan intervyusida.

Foto: Google Images

Qosimov yoshlik yillaridayoq maydondagi harakatlari bilan boshqalardan ajralib turgan va yetakchilikni o‘z qo‘liga olishdan cho‘chimagan. Shu tariqa u 14 yoshida sobiq ittifoq o‘smirlar terma jamoasiga chaqiriladi. 1985–1986-yillarda Moskva oliy futbol akademiyasida tahsil oladi. 1986-yilda 16 yoshlilar o‘rtasida Jahon, 1987-yilda esa 18 yoshlilar o‘rtasida Yevropa chempionatida g‘olib chiqadi. Shu tariqa yosh Qosimov futbol jamoatchiligiga o‘zini tanitib qo‘yadi.

Klublardagi faoliyat

17 yoshga to‘lganida “Paxtakor” safida debyut qilib, bolalikdagi orzusini amalga oshirgan Qosimov faoliyati davomida poytaxt klubidan tashqari “Alaniya”, “Dinamo Minsk”, “Krilya Sovetov, “Ash-Shabob” va “Mash’al” kabi klublarda to‘p suradi. Ushbu ro‘yxatda Qosimov uchun “Paxtakor” va “Alaniya” klublari ancha qadrdon sanaladi. “Paxtakor” safida katta futbolga kirib kelgan bo‘lsa, “Alaniya”da uning legioner sifatidagi eng yaxshi yillari o‘tgan.

1994-yilda Qosimov “Alaniya”ga yo‘l oladi.  Qosimovning so‘zlariga ko‘ra, Vladikavkaz klubi o‘shanda transfer uchun “Paxtakor”ga 150 ming AQSh dollar to‘lagan.

Foto: Google Images

“Aniq esimda. Taklif kelgan paytda “Paxtakor” bilan shartnomam muddati tugagan bo‘lgandi. Ammo klubning o‘sha paytdagi moliyaviy holati yomonlashgani tufayli, yangi shartnomaga imzo chekkanman va “Alaniya” transferimni 150 ming AQSh dollariga sotib olishga majbur bo‘lgandi. O‘shanda “Paxtakor”da futbolchilar 6 oylab maosh ham olmaganmiz. Bu berkitadigan narsa emas. Shuningdek, bu gaplarni maqtanish uchun ham aytmayapman. Shunchaki o‘sha paytdagi holat va sharoitdan kelib chiqib jamoaga sal bo‘lsa-da, nafim tegishini istaganman. Agarda hozirgi kunga taqqoslaydigan bo‘lsak, o‘sha paytdagi 150 ming AQSh dollari 1,5–2 million dollar bo‘lishi mumkin. Chunki o‘sha paytda 1–2 xonali uylar, menimcha, 500–700 dollar turardi. Undan tashqari “Paxtakor”ga ikki komplekt to‘liq yangi o‘yin liboslarini olib kelganman”.

Qosimov Rossiya klubida tom ma’noda o‘zining nimalarga qodirligini namoyish etadi. Muxlis va mutaxassislar uning maydonni ko‘ra olish qobiliyati, zargarona uzatmalari va aqlbovar qilmas darajada aniq hamda nafis tarzda amalga oshiriladigan jarima zarbalaridan hayratga tushardi. Shuningdek, Qosimovning burchak zarbalari ham u o‘ynagan jamoalarning asosiy ustunliklaridan biri bo‘lgan

Qosimov “Alaniya” bilan birgalikda 1995-yilda Rossiya chempioni bo‘ladi, 1996-yilda esa birinchilikning kumush medaliga ega chiqadi. 1995-yilda jamoa “Liverpul” bilan bahs yuritadi, uchrashuvda Qosimov jarima zarbasidan to‘p kiritib, UEFA tasnifidagi musobaqalarda gol urgan birinchi o‘zbekistonlik futbolchiga aylanadi.

Shundan so‘ng u yana qisqa muddatdan (1997-1999-yillarda) “Paxtakor” va “Alaniya” safida harakat qiladi. 2000-yilda esa Rossiyaning boshqa bir klubi “Krilya Sovetov”ga o‘tadi, biroq u yerda ko‘p ushlanib qolmaydi va bir yildan so‘ng BAAning “Ash-Shabob”iga o‘tadi. “Ash-Shabob”dagi sarguzashtlar ham uzoqqa cho‘zilmaydi. Qosimov keyinchalik arab jamoasidan ketishiga jamoada o‘zini baxtli his qilmagani sabab bo‘lganini aytgandi.

Shundan keyin u yana bir mavsumdan “Paxtakor” va “Alaniya”da harakat qilib, 2005-yilga kelib, Muborakning “Mash’al” klubida butsilarini mixga iladi.

Garchi Qosimov jamoalarini tez-tez almashtirib turgan bo‘lsa ham, u haqli ravishda “Paxtakor” va “Alaniya” afsonasi hisoblanadi. Aynan mana shu klublar safida u mavsum to‘purari, mavsumning eng yaxshi futbolchisi kabi sovrinlarni qo‘lga kiritgan.

Terma jamoadagi faoliyat

Foto: “Championat.asia”

Mirjalol Qosimovning O‘zbekiston terma jamoasidagi faoliyati 1992–2005-yillarga to‘g‘ri keladi. Mana shu yillarda Qosimov terma jamoaning haqiqiy yetakchisi bo‘lgan va jamoadoshlarini o‘z ortidan ergashtira olgan. Katta va o‘rta yoshdagi istalgan futbol muxlisidan terma jamoa hamda Mirjalol Qosimov haqida so‘ralsa, ular Yaponiyaning Xirosima shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo o‘yinlarini yodga oladi. Haqiqatan ham terma jamoa tarixidagi yagona g‘alabaning qo‘lga kiritilishida Qosimovning hissasini so‘z bilan ta’riflash shunchaki imkonsiz. U markazdan turib, jamoa o‘yinini boshqarishdan tashqari, guruh bosqichining har uchala o‘yinda (Saudiya Arabistoni, Malayziya va Tailandga qarshi) gol uradi. Keyingi yillarda ham Qosimov terma jamoaning asosiy lideri sifatida harakat qilib kelgan. Qosimov uch bor terma jamoa bilan (1998, 2002 va 2006-yilgi) Jahon chempionatiga borishga urinib ko‘rgan, biroq har safar muvaffaqiyatsizlikka uchragan.

2005-yilda, 35 yoshida terma jamoadagi faoliyatini yakunlagan Qosimov “oq bo‘rilar” safida 67 ta o‘yinda maydonga tushib, 31 marta raqib darvozasini ishg‘ol qilgan. O‘zbekiston terma jamoasida harakat qilgan va qilayotgan futbolchilarga to‘liq hurmatni saqlagan holda aytish mumkinki, milliy jamoada Qosimov darajasidagi o‘yinchi bo‘lmagan.

Murabbiylik faoliyati

Muborak klubida katta sport bilan xayrlashgan Qosimov klubning o‘zida murabbiylik faoliyatini boshlab yuboradi. 2006-yilda esa O‘zbekiston milliy va olimpiya terma jamoasida Rauf Inileyevga yordamchi etib tayinlanadi. Bunda uning ko‘p yillar davomida terma jamoaga sardorlik qilgani va kelajakda yetuk murabbiy bo‘lib yetishishi ham hisobga olingandi. 2007-yilga kelib, Qosimov yosh “Quruvchi”ga (hozirgi “Bunyodkor”) bosh murabbiy bo‘ladi, 2008-yilda esa jamoa Qosimov qo‘l ostida mamlakat chempionligini qo‘lga kiritadi. Bungacha Toshkentning boshqa bir klubi “Paxtakor” ketma-ket yetti mavsumdan beri chempion bo‘lib kelayotgandi. Shuningdek, o‘sha yili Qosimov jamoasi Osiyo Chempionlar Ligasidagi debyut mavsumida yarim finalga qadar yetib borib, ko‘pchilikning e’tirofiga sazovor bo‘ladi.

Foto: Google Images

2008-yilning sentabr oyida Qosimovga O‘zbekiston terma jamoasiga ustozlik qilish yuklanadi. U saralash bosqichida bir nechta o‘yinlarda muvaffaqiyatsizlikka uchragan Inileyevning o‘rnini egallaydi. 2010-yilgi Jahon Chempionatiga chiqish vazifasi uddalanmagach, u 2010-yilda termadan bo‘shatiladi.

2012-yilning sentabr oyiga kelib, Qosimov yana termaga qaytariladi. Uning qaytishiga Toshkentda Erondan qabul qilingan mag‘lubiyat sabab bo‘ladi. Shu tariqa Qosimov bir vaqtning o‘zida ham terma jamoa, ham “Bunyodkor”ni boshqaradi. Biroq 2014-yilgi Jahon chempionati yo‘llanmasi ham qo‘ldan chiqariladi. Guruhda Eron va Janubiy Koreyadan keyin 3-o‘rinni egallagan terma jamoa 2013-yilning sentabrida o‘tish o‘yinida Toshkentda Iordaniya terma jamoasiga penaltilar seriyasi bo‘yicha imkoniyatni boy berib qo‘yadi. Garchi o‘sha o‘yindan keyinoq iste’fo so‘ragan bo‘lsa-da, Qosimov 2015-yilga kelibgina o‘z lavozimidan ozod etiladi.

Tan olish lozim, Qosimov har safar terma jamoani qiyin vaziyatlarda o‘z qo‘liga olgan. Uning qo‘liga “tishlangan non” taqdim etilgan. Birinchi safar Inileyevning kemtiklarini to‘ldirishga majbur bo‘ladi, kelasi safar esa Vadim Abramovning ishini davom ettirishi kerak edi. Har ikki vaziyatda ham jamoani o‘zi shakllantirmaydi va shoshilinch tarzda boshqaruvni qo‘liga oladi. Qosimovning (murabbiy sifatidagi) terma jamoadagi umumiy statistikasi quyidagicha bo‘lgan: 54 o‘yin, 22 g‘alaba, 15 durang, 17 mag‘lubiyat.

Ammo ushbu vaqt oralig‘ida Qosimovni “Bunyodkor” bilan ijobiy natijalarga erishgan deyish mumkin. Bunga “Bunyodkor”ning 2010, 2011 va 2013-yillarda O‘zbekiston chempioni bo‘lgani ham misol bo‘la oladi. “Bunyodkor”dan ham, termadan ham ketgan Qosimov 2015–2017-yillar oralig‘ida ishsiz ham yurgan. 2017-yilda 3-marta “Bunyodkor”ga bosh murabbiy bo‘ladi, biroq bir yildan so‘ng jamoa bilan hamkorlikni to‘xtatadi.

Foto: OKMK FK

2019-yildan esa “OKMK” klubiga ustozlik qilmoqda. Ortda qoldirgan yillar Qosimovni ancha tajribali qildi va u endilikda futbol sohasida o‘z falsafasiga ega. Olmaliq klubining o‘zbek futboli afsonasi qo‘l ostida Superligada (18-turdan keyin 32 ochko bilan (“Paxtakor” – 48 ochko va “So‘g‘diyona” – 34 dan keyin) 3-o‘rinda borayotgani ham bunga dalil bo‘lishi mumkin.

                                                                                                        Muallif: Bilol Erkin