Garchi mustaqillikka erishilganidan keyin biror marta ham Jahon Chempionatiga (kattalar o‘rtasida) chiqmagan bo‘lsa ham, o‘zbek futbolida deyarli barcha davrlarda iste’dodlar bo‘lgan. Ammo doimo klublarimizdan tortib to turli yoshdagi terma jamoalarimizgacha nimadir yetishmaydi. Yulduz bo‘lishi kutilgan va futbolimizni yangi bosqichga olib chiqishiga umid qilingan o‘yinchilarimiz esa shunchaki ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi (nari borsa Superliga yoki Pro Liganing autsayder jamoalarida o‘rtamiyona futbolchi sifatida to‘p suradi). Vaholanki, muxlislar ulardan juda katta narsalarni kutgan bo‘ladi. Ehtimol, yosh o‘yinchilarni yulduzlik kasali qiynar va qaysidir ma’noda bunda futbol jamoatchiligining ham aybi bor. Agar ushbu muammoga yechim topilmas ekan, hali yana ko‘plab mundiallardan quruq qolishimiz aniq. Hozir esa mavzudan uzoqlashmagan holda o‘zbek futbolining erta so‘ngan yulduzlari haqida fikr yuritamiz.

Sherzod Karimov

Foto: “Championat.asia”

Ahmad Ubaydullayev boshchiligidagi yoshlar terma jamoasi sardori bo‘lgan Sherzod Karimovga Misrda o‘tkazilgan yoshlar o‘rtasidagi 2009-yilgi mundialdan keyin shu qadar katta umid bildirilgandiki, uning nafaqat O‘zbekiston birinchiliklarida, balki Yevropa maydonlarida ham mamlakat futboli dong‘ini ko‘klarga ko‘tarishi lozim edi. Biroq uning borgan eng uzoq joyi Xitoyning “Sindao Chjunnen” klubi bo‘ldi (shu ham “Paxtakor”dan ijara asosida yarim yilga). O‘zbekistonda “Qizilqum”, “Paxtakor” “Lokomotiv”, “Navbahor”, “Surxon” kabi jamoalarda o‘ynagan 32 yoshli yarim himoyachi hozirda “Neftchi” sharafini himoya qilmoqda.

Kenja To‘rayev

Foto: “Championat.asia”

Kenja To‘rayev ham Karimov singari Misrdagi yoshlar o‘rtasidagi mundialda qatnashgan va keyinchalik Vadim Abramov boshchiligidagi Olimpiya termasida (London—2012 yo‘llanmasi uchun kurash olib borgan) ham yorqin o‘yinlar ko‘rsatgandi. Ammo shundan so‘ng u na milliy jamoada va na klublarda nimadir ko‘rsata oldi. 32 yoshli Kenja faoliyati davomida faqat Qashqadaryo klublarida to‘p tepgan — “Nasaf”, “Sho‘rtan” va “Mash’al”. Ammo u bu klublarning birortasida aytarli hech nimaga erishmagan.

Bobur Davlatov

Foto: “Nasaf” FK

Katta futbolga “Mash’al” orqali kirib kelgan Bobur Davlatovdan ham katta natijalar kutilgandi. 2011-yili Meksika maydonlarida o‘tkazilgan o‘smirlar o‘rtasidagi Jahon birinchiligida ham Bobur jamoaning qolgan a’zolari singari juda yaxshi o‘yin ko‘rsatgan. O‘shanda muxlislar bilan bir qatorda mutaxassislar ham Davlatovning kelajakda yetuk futbolchi bo‘lib yetishishini taxmin qilgandi. Buning o‘rniga Davlatov Qozog‘iston va Rossiyaning quyi ligalarida to‘p surish bilan cheklandi. Uning hozirgi jamoasi “Nefteximik” Rossiya quyi ligasida 27-turdan keyin 43 ochko jamg‘argan holda 7-pog‘onani band etib turibdi.

San’at Shixov

Foto: Google Images

Professional faoliyatini “Paxtakor”da boshlagan San’atga nisbatan sobiq bo‘lajak yulduz iborasini ham ishlatish mumkin. Boisi u deyarli har mavsum avvalida jamoasini almashtiradi. Klublar ham har safar undan qandaydir bir mo‘jizaviy o‘yin kutadi. Ammo yakunda tomonlar do‘stona munosabatda xayrlashishdan nariga o‘tmaydi. 31 yoshli San’at shu paytga qadar “Paxtakor”dan tashqari “Qizilqum”, “Dinamo”, “Navbahor”, “Buxoro”, OKMK va “So‘g‘diyona” singari jamoalarda to‘p surishga ulgurgan. Biroq tan olish kerakki, Shixov ularning hech biridagi faoliyati bilan maqtana olmaydi.

Jasur Hasanov

Foto: Getty Images

Jasur Hasanov deganda ko‘pchilikning xayoliga “Bunyodkor” va O‘zbekiston milliy terma jamoasida yorqin o‘yin namoyish etgan jizzaxlik katta Jasur Hasanov keladi. Ammo o‘zbek futbolida buxorolik Jasur ham bo‘lib, uning rezyumesidan “Buxoro”, “Qizilqum”, “Lokomotiv”, “Neftchi”, “Metallurg”, “Qo‘qon-1921”, “Dinamo” kabi jamoalar o‘rin olgan. Bir vaqtlar uning kelajagiga ham juda katta umid bildirilgandi. Ammo u jilla qursa mahalliy jamoalarning birortasidan ham muqim joy ololmadi.

Oybek Qilichev

Foto: Transfermarkt

O‘z vaqtida maydon markazida o‘yinni o‘ziga olishdan iymanmaydigan va bir nechta raqiblarni ko‘rdim demay aldab o‘toladigan Oybek Qilichevga Odil Ahmedovning vorisi sifatida qaralardi. Oybek dastavval bu taxminlarni oz bo‘lsa-da oqlagandi ham. “Paxtakor” safidagi ishonchli o‘yinlaridan so‘ng qisqa vaqt BAA va Eron chempionatlarida o‘ynab keldi. Shunga qaramay Qilichevni o‘z potensialini to‘laligicha ko‘rsatdi deyish mushkul. Boisi legionerlikdan so‘ng Oybek deyarli hech bir jamoada barqaror o‘ynab keta olgani yo‘q. O‘zbekiston jamoalaridan u “Paxtakor”, “Navbahor”, “Andijon”, OKMK va “Lokomotiv” jamoalarida o‘ynagan. Hozirda 32 yoshli futbolchi “Qizilqum” sharafini himoya qilmoqda.

Ivan Nagayev

Foto: “Championat.asia”

Yuqorida eslangan Misrdagi 2009-yilgi Jahon Chempionatida ishtirok etgan Ivan Nagayevning ham yetuk hujumchi bo‘lib yetishi va o‘zbek futbolidagi hujumchilar tanqisligiga barham berishi kutilgandi. Yakunda? Mamlakat futboli yana bir darbadar futbolchiga ega bo‘ldi, qo‘ydi. Tezkor va texnikasi yuqori bo‘lgan hujumchi shu vaqtga qadar “Nasaf”, “Metallurg”, “Navbahor”, “Bunyodkor”, “Dinamo”, “Lokomotiv”, “Al-Qodisiya” (Quvayt), “Buxoro”, “Ordabasi” (Qozog‘iston), “Qizilqum” va “So‘g‘diyona” kabi jamoalarda to‘p tepgan. Yuqoridagi jamoalarning hech birida o‘ynab keta olmagan Ivan hozirda yana Bekobod jamoasi sharafini himoya qilmoqda.

Timur Hakimov

Foto: FIFA

2010-yilda Toshkentda o‘tkazilgan o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati va 2011-yilda Meksika mezbonlik qilgan mundialda porlagan Timur Hakimov va undan kutilgan natijalar haqida yaxshisi gapirmagan ma’qul. 26 yoshni qarshi olgan Timur 16-17 yoshlarida butun O‘zbekistonga tanilib bo‘lgandi. Ammo oradan hech qancha vaqt o‘tmay uning o‘yini chiqmay qoladi. Hakimovning o‘zi intervyularidan birida bunga quyidagicha izoh bergandi:

“Men o‘sha paytlari chindan ham yulduzlik kasaliga uchragandim. Ko‘cha-ko‘yda sizni hamma taniydi. Odamlar doim maqtaydi. O‘zimni boshqacha his qilardim. Lekin hech qachon besabab birorta mashg‘ulotni o‘tkazib yubormaganman. Men o‘shanda ancha yosh edim va hamma tanigani uchunmi o‘zimni zo‘r futbolchi bo‘ldim deb hisoblardim. Afsus, xato qilgan ekanman. Yosh edim, mashinam bor edi, terma jamoada o‘ynardim, o‘zimcha osmonlarda yurardim. Meni chetga jo‘natishadi deb o‘ylardim va shunday bo‘lishiga bir baxya qolgandi. Ammo Samvel Babayan meni qo‘yib yubormagan va shunga yarasha bu yerda ham o‘ynatmagan. Ko‘p vaqtimni o‘rinbosarlar safida o‘tkazdim. “Paxtakor”ning asosiy tarkibida faqat 45 daqiqa to‘p tepganim esimda, qolgan o‘yinlarda esa 3-4 daqiqa o‘ynaganman. Endi 3-4 daqiqa o‘ynab, qanaqasiga shakllanish mumkin?”

Timur ham O‘zbekistonning ko‘plab klublaridagi faoliyati bilan “maqtana” oladi. Bular orasida “Paxtakor”dan tashqari “Andijon”, “Oqtepa”, “So‘g‘diyona”, “Obod”, “Neftchi”, “Qo‘qon-1912” va “Dinamo” kabi klublar bor. Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra Hakimov hozirda aynan Samarqand klubi ixtiyorida bo‘lib turibdi.

Abbos Maxstaliyev

Foto: FIFA

Abbos Maxstaliyevga nisbatan ham Timur Hakimovga berilgan ta’riflarni qo‘llash mumkin. Bu ikki futbolchi tandemi o‘z davrida shu darajada porlagandiki, ular ovozi butun Osiyoni titratgandi. Maxstaliyevga hatto bir vaqtlar Fransiya klublaridan ham qiziqish bo‘lgandi. Ammo Abbos ham so‘nish borasida Timurdan aslo qolishmadi. Asta-sekinlik bilan oddiy o‘yinchiga aylanib qolgan Maxstaliyev “Paxtakor”, “Navbahor”, “Neftchi”, “Surxon” va “Yangiyer” kabi jamoalarda harakat qildi. Hozirda u Farg‘onaning “Istiqlol” klubi ixtiyorida bo‘lib turibdi.

Bilol Erkin

Boshqa maqolalar: