O‘zbekiston terma jamoasida har doim himoya borasida muammolar bo‘lgani hech kimga sir emas. “Oq bo‘rilar” (O‘zbekiston terma jamoasining laqabi shunaqa) aksariyat hollarda aynan himoya chizig‘idagi kamchiliklar tufayli o‘z maqsadiga erisholmay qoladi. Ammo oldingi chiziq vakillari haqida bunday deyish biroz mushkul. Boisi jamoada barcha davrlarda hech bo‘lmaganda bitta yuqori darajali hujumchi bo‘lgan va ular ozmi, ko‘pmi ishonchni oqlagan. “Daryo” quyida O‘zbekiston terma jamoasi tarixidagi eng yaxshi to‘purarlar haqida hikoya qiladi.

Ulug‘bek Baqoyev

Foto: Getty Images

Faoliyatining katta qismini chet elda, asosan, Qozog‘iston chempionatida o‘tkazgan Ulug‘bek Baqoyev terma jamoada 52 o‘yin o‘tkazib, 14 ta gol uradi. Uning esda qolarli gollari sifatida 2011-yilgi Osiyo chempionatida Iordaniyaga qarshi o‘yindagi dubli va 2014-yilgi Jahon Chempionati saralashi doirasida Eron darvozasiga kiritgan g‘alaba to‘pini eslash mumkin.

Jafar Irismetov

Foto: Google Images

Irismetov ham Baqoyev singari uzoq vaqt davomida Qozog‘iston va Rossiya klublari sharafini himoya qilgan. Jafar maydonda tezligi, kuchli zarbasi va kurashdan qochmasligi bilan ajralib turardi. U terma jamoa libosida 36 o‘yinda maydonga tushib, 15 marta raqib darvozabonlarini ranjitgan.

Igor Sergeyev

Foto: O‘FA

O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi va “Paxtakor”dagi o‘yinlari orqali milliy jamoaga jalb etilgan Igor Sergeyev vaqtida juda ko‘p tanqid qilinganiga qaramay, terma safida yaxshi harakat qilgan deb aytish mumkin. Buni uning statistikasi ham isbotlashi mumkin — 53 o‘yin, 17 ta gol. Igor ushbu ro‘yxatda faoliyatini davom ettirayotgan kam sonli futbolchilardan biridir, u hozirda Qozog‘istonning “Tobol” klubi safida harakat qilmoqda va o‘zi maydonga tushgan deyarli har uchrashuvda gol urmoqda.

Igor Shkvirin

Foto: Getty Images

Hozirda “Turon”ni Superligada olib qolish uchun kurashayotgan Shkvirin o‘z vaqtida O‘zbekiston terma jamoasining asosiy hujumchisi bo‘lgan, 1994-yilgi Osiyo o‘yinlarda g‘alaba qozongan jamoaning yetakchilaridan biri edi. Shkvirin faoliyatining katta qismini “Paxtakor”da o‘tkazgan, shuningdek, u Isroil, Malayziya va Hindiston chempionatlarida ham to‘p surishga muvaffaq bo‘lgan. Uning terma jamoadagi statistikasi quyidagicha: 31 o‘yin, 20 ta gol.

Odil Ahmedov

Foto: O‘FA

2007-yildan 2021-yilgacha, 14 yil davomida terma jamoada harakat qilgan Odil Ahmedov jamoaning haqiqiy jonkuyar o‘yinchilaridan bo‘lgan. Odil kurashlardan qochmasligi va ularda o‘zini ayamasligi bilan tahsinga loyiq edi. 2011-yildan beri legioner sifatida harakat qiladigan Ahmedov terma jamoada 105 o‘yinda maydonga tushib, 20 ta golni o‘z nomiga yozdirib qo‘ygan. Hozirda u Xitoyning “Sanchjou Mayti Layons” klubida faoliyatini davom ettirmoqda.

Eldor Shomurodov

Foto: Getty Images

Shomurodov milliy jamoadagi debyutini 2015-yilda Samvel Babayan qo‘l ostida o‘tkazgan. O‘tgan vaqt oralig‘ida Eldor terma jamoa libosida 44 o‘yin o‘tkazib, 21 ta gol urgan. Uning terma jamoadagi eng yorqin o‘yinlari 2019-yilgi Osiyo chempionatiga to‘g‘ri keladi. O‘sha musobaqada Eldor Ektor Kuper tomonidan markaziy hujumchi sifatida kashf etiladi va umumiy hisobda 4 ta gol uradi. “Roma” futbolchisi hozirda terma jamoaning asosiy futbolchisi hisoblanadi. O‘FA bilan shartnoma imzolashi kutilayotgan Srechko Katanes ham o‘yinni Eldorning atrofida qursa ajab emas.

Server Jeparov

Foto: Getty Images

2002-yilda terma jamoada debyut qilgan Server Jeparov uzoq yillar davomida jamoaning eng muhim o‘yinchilaridan biri bo‘lgan. Ikki bor Osiyoning eng yaxshi futbolchisi (2008 va 2011-yillarda) deb topilgan Jeparov maydon markazida o‘yinning borishini nazorat qilardi va aqlli paslari bilan hujumchilarni qulay vaziyatlarga olib chiqardi. Bugungi kunda O‘zbekiston U-14 terma jamoasiga murabbiylik qilayotgan Jeparov 126 ta bahsda maydonga tushib, 25 bor raqiblar darvozasini ishg‘ol qilgan. Qayd etish joiz, Jeparov 126 ta o‘yini bilan terma jamoa safida eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi hisoblanadi.

Mirjalol Qosimov

Foto: “Championat.asia”

Mirjalol Qosimov 1992—2005-yillarda O‘zbekiston terma jamoasida harakat qilgan. 1994-yilgi Osiyo o‘yinlaridagi g‘alabaning qo‘lga kiritilishida ham Qosimovning xizmatlari beqiyos bo‘lgan. Qosimov gol urishdan ham ko‘ra ko‘proq zargarona uzatmalarni berishni afzal bilardi. Shunga qaramay, “O‘zbek Maradonasi” 66 o‘yinda 31 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan.

Aleksandr Geynrix

Foto: Twitter

Tan olish kerak, O‘zbekiston terma jamoasi tarixida kreativ o‘yinchilar ko‘p bo‘lmagan, biroq mabodo shunday o‘yinchilar haqida gap ketsa, aksariyat muxlislar birinchi bo‘lib Geynrixni eslaydi. “Sehrli tayoqcha” deb nom berilgan Aleksandr 2002-yilda O‘zbekiston termasidagi ilk o‘yinini o‘tkazadi va 2017-yilgacha 98 o‘yin o‘tkazib, 32 marta raqib darvozabonlarini “xafa” qiladi.

Maksim Shatskix

Foto: Google Photos

Faoliyatining deyarli butun qismini Rossiya va Ukrainada o‘tkazgan Shatskix 1999-yilda, 20 yoshida terma jamoaga chaqiriladi. U O‘zbekiston milliy jamoasi tarixidagi eng yaxshi to‘purar hisoblanadi. Shatskix umumiy hisobda 61 o‘yin o‘tkazib, 34 ta gol urgan. Uning maydondagi ustun tomonlari sifatida gol sezish qobiliyati va ikkinchi qavatda yaxshi o‘ynay olishini ko‘rsatish mumkin edi.

Muallif:Bilol Erkin