Toshkent—O‘sh yo‘lida ikkita Isuzu yuk mashinasi to‘qnashishi oqibatida haydovchilardan biri halok bo‘ldi. Bu haqda Namangan viloyati IIB matbuot xizmati xabar berdi.

Voqea 10-sentabr kuni soat 04:00 larda, Toshkent—O‘sh yo‘lining 250-kilometrida, Pop tumani “Qo‘shminor” MFY hududida yuz bergan. Surxondaryo viloyatida yashagan, 1979-yilda tug‘ilgan fuqaro MChJga tegishli Isuzu yuk avtomashinasini Toshkent—Vodiy yo‘nalishi bo‘yicha boshqarib borayotib, harakat xavfsizligini ta’minlay olmay, shu yo‘nalishda o‘zidan oldinda harakatlanib ketayotgan boshqa Isuzu yuk mashinasiga to‘qnashib, yo‘lning o‘rta qismidagi temir to‘siqqa urilib, ag‘darilib ketgan.

Oqibatda Isuzu yuk avtomashinasining 1979-yilda tug‘ilgan haydovchisi tan jarohati olib, voqea joyida vafot etgan.

Ushbu holat bo‘yicha Pop tuman IIB huzuridagi TB tomonidan 10-sentabr kuni Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘limiga sabab bo‘lishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.