“Tolibon” Panjsherni — Afg‘onistondagi toliblar tomonidan nazorat qilinmayotgan so‘nggi viloyatni egalladi. Yuqori tog‘li hududda joylashgan Panjsher vodiysini to‘liq egallash uchun ularga uch kun yetarli bo‘ldi. Shu bilan toliblarning hali mustahkamlanib ulgurmagan hokimiyatini ag‘darib tashlab, Afg‘onistonda demokratiya qurish orzusidagi afg‘on qarshilik harakati hikoyasi amalda tugadi. Meduza nashri mazkur harakat tarixi va endi nima bo‘lishi mumkinligi haqida material tayyorladi.

Panjsher gubernatori qarorgohiga kirish joyi, viloyat toliblar tomonidan egallanganidan so‘ng. 2021-yil, 6-sentabr.

Foto: Reuters / Meduza

Qarshilik harakati yetakchilari nimaga ishongandi? Darvoqe, ular kim o‘zi?

15-avgust kuni Kobul qulagach, faqat Panjsher (Afg‘onistonning 34 viloyatidan biri) va Bog‘lon viloyatining unga qo‘shni tumanlari toliblar hokimiyatidan chetda qolayotgandi. Mamlakat shimoli-sharqidagi ushbu viloyatda asosan tojiklar yashaydi (tojiklar Afg‘oniston jami aholisining, taxminan, to‘rtdan birini tashkil qiladi).

Panjsher va uning atroflarida 1975-yildan beri butun Afg‘oniston siyosatiga ta’sir o‘tkazishi mumkin bo‘lgan keng muxtoriyat uchun harakat qiluvchi harbiylashtirilgan milliy-diniy harakat faoliyat ko‘rsatadi. Dastlab harakatga panjsherlik Ahmad Shoh Mas’ud rahbarlik qilgan. 1980-yillarda u afg‘onlarning eng mashhur dala qo‘mondonlaridan biriga aylangandi. Mas’ud o‘zining bir necha ming jangchici bilan birga Afg‘onistonning kommunistik hukumati va sovet qo‘shinlariga qarshi muvaffaqiyatli qarshilik ko‘rsata olgan. Sovet qo‘shinlari olib chiqilib, 1992-yili mamlakatning sovetparast hukumati ag‘darilgach, u Afg‘oniston fuqarolar urushidagi boshqa dala qo‘mondonlariga qarshi samarali kurashgan.

Ahmad Shoh Mas’ud Panjsherda sovet armiyasiga qarshi janglar orasidagi tanaffus vaqtida, 1984-yil.

Foto: Jean-Luc Bremont / Associated Press / Meduza

1990-yillarning o‘rtalarida tashkil etilganiga hali ko‘p bo‘lmagan va asosan radikal kayfiyatdagi pushtunlardan iborat “Tolibon” harakati mamlakat janubida hokimiyatni qo‘lga olgach, Mas’ud ushbu harakatning eng asosiy dushmanlaridan biriga aylangan. Oqibatda 1996-yilga kelib qariyb butun Afg‘onistonni bosib olgan toliblar Panjsherni baribir taslim eta olmagan.

2001-yilning 9-sentabr kuni Mas’ud hudkush tomonidan o‘ldirilgan — u o‘zini taniqli qo‘mondondan intervyu olish niyatidagi jurnalist sifatida tanishtirgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Mas’udning oldiga videokamerasiga bomba yashirilgan qotil Usama bin Laden tomonidan yuborilgan. Oradan bir necha hafta o‘tib — AQShdagi 11-sentabr teraktlaridan so‘ng — Afg‘onistonga Amerika qo‘shinlari kirgan. Ularni, jumladan, Mas’udning safdoshlari ham qo‘llab-quvvatlagan.

2021-yili Amerika qo‘shinlari olib chiqib ketilgach, toliblar Panjsherdan boshqa barcha viloyatlarda tezda egallab oldi. 15-avgustdan so‘ng, Kobul qulagach, Panjsher darasiga Ahmad Mas’ud (Ahmad Shoh Mas’udning o‘g‘li, bungacha u G‘arbda yashab kelayotgan edi) va Afg‘oniston vitse-prezidenti Amrulla Solih (Ahmad Shoh Mas’udning sobiq safdoshi) yetib keldi. Ular Panjsher vodiysini — 1980- va 1990-yillarda Ahmad Shoh Mas’ud uddalagani kabi — o‘tib bo‘lmas qal’aga aylantirishlari, so‘ng qarshilik harakatini butun Afg‘onistonga yoyishlari haqida bayonot berdi.

Qarshilik harakatidan ko‘zlangan bosh maqsad esa, kichik Mas’ud The Washington Post gazetasi uchun yozgan maqolasida ta’kidlanishicha, inson huquqlari hurmat qilinadigan, barcha millatlar esa o‘z muxtoriyatiga ega bo‘lgan va davlat boshqaruvida ishtirok etadigan yangi Afg‘onistonni qurish edi.

Kobul qulaganidan so‘ng, Afg‘oniston armiyasining omon qolgan bo‘linmalari Panjsher darasiga kirib kelmoqda. 2021-yil, 15-avgust.

Foto: Ahmad Sahel Arman / AFP / Meduza

Bazarak manzilgohida toliblarga qarshi bo‘lajak jang oldidan qarshilik harakati kuchlarini ko‘rikdan o‘tkazish jarayoni. 2021-yil, 19-avgust.

Foto: Ahmad Sahel Arman / AFP / Meduza

Kichkina Ahmad Mas’ud.

Foto: Mohammad Ismail / Reuters / Meduza

Qarshilik harakati nimalar qilishga ulgurdi?

Qarshilik harakati yetakchilari mahalliy aholi va Afg‘oniston armiyasining toliblarga taslim bo‘lishni istamagan qolgan-qutgan maxsus bo‘linmalaridan jangga shay kuchlarni tashkil etishga urindi.

Bundan tashqari, ular boshqa mamlakatlardan ko‘mak olishga harakat qildi: avvalo, Tojikistondan, Hindistondan (hindlar yangi Afg‘onistonda Pokiston ta’siri kuchayib ketmasligidan umidvor), Erondan va G‘arb mamlakatlaridan. Ular, shuningdek, ko‘pchiligi qarshilik harakatini qo‘llab-quvvatlagan afg‘on diasporasining ta’sir doirasidan ham foydalanishni niyat qilgandi.

Va nihoyat, ular G‘arb OAVlariga butun boshli maqolalar yo‘llab, ijtimoiy tarmoqlardagi behisob akkauntlarda “yangi Afg‘oniston” va “Panjsherning o‘tib bo‘lmas qal’asi”ni targ‘ib qilib, faol media-tashviqot olib bordi.

Shu bilan birga, qarshilik harakati yetakchilari — oqsoqollar, ulamolar orqali hamda bevosita — toliblarning o‘zi bilan ham muzokaralar olib bordi. Aynan nimalar muhokama qilingani batafsil ma’lum emas. Ammo “Tolibon”ga yaqin odamlar va Afg‘oniston bo‘yicha ekspertlarning yozishicha, muzokaralar vaqtida gap panjsherliklar mamlakatning yangi hukumatidan qanday o‘rin egallashi mumkinligi va ularnin muxtoriyati qanchalik keng bo‘lishi haqida borgan. Bunday muzokaralarning har bir raundi bir tomon ikkinchisining taklifini rad etgani haqidagi xabar bilan yakunlandi.

Qarshilik harakatining bosh spikeri (matbuot kotibi) Fotih Dashtiy “TASS” agentligiga bergan intervyusida asosiy kelishmovchilik toliblar Mas’udga aniq bir lavozim taklif etayotgani, u esa mamlakat kelajagi va hukumat detsentralizatsiyasini muhokama qilishni talab qilayotgani bilan bog‘liqligini ma’lum qilgandi. O‘z navbatida, “Tolibon”ga yaqin odamlar Mas’ud o‘zini Afg‘onistondagi barcha tojiklar vakili sifatida tan olinishini talab qilayotganini ta’kidlayotgandi.

Toliblar qanday qilib Panjsherni bunchalik tez qo‘lga kiritdi?

Avgust oxirida Panjsher va qo‘shni viloyatlardagi militsiya bo‘linmalari Bog‘londagi bir necha tumanni egallab, strategik jihatdan muhim hisoblangan Salang dovoni tomoni harakatlana boshladi. Toliblar tomonidan egallangan markaz va ularga bo‘ysunmayotgan Afg‘oniston shimolini bog‘lovchi yagona tunnel shu yerdan o‘tgan. Bu 1980-yillarda Kobuldagi sovet armiyasi ta’minotini uzib qo‘yish uchun bir necha bor tunnelga hujum qilgan Ahmad Shoh Mas’udning klassik operatsiyalarini yodga solayotgandi.

Toliblar darhol qarshi hujumga o‘tdi — Bog‘londa buning uchun ularning yetarlicha kuchi bor edi; qarshilik kuchlari Panjsherga chekindi. Shu vaqtdan boshlab “Tolibon” Panjsherni egallash bo‘yicha keng miqyosli operatsiyaga tayyorgarlik ko‘ra boshladi.

Operatsiya 2-sentabr kuni, toliblar vodiyga bir vaqtning o‘zida ham shimoldan — Hindikushning o‘tish qiyin bo‘lgan yuqori tog‘liklaridan — va janubdan, Kobul tarafdan kirib borishidan boshlandi. Shundan so‘ng jangovar harakatlar hududidan dezinformatsiya oqimi otilib chiqdi: toliblar 3-sentabrdayoq g‘alabani bayram qilishni boshlab yubordi (havoga bayramona o‘t ochish hatto Kobulda o‘limlarga sabab bo‘ldi, shundan so‘ng harakat o‘z tarafdorlariga hissiyotlarni bu yo‘sinda ifoda etishni taqiqlab qo‘ydi).

Toliblarga yaqin OAV va blogerlar viloyat to‘liq egallangani, qarshilikning yetakchilari esa vertolyotlarda Tojikistonga qochib ketgani haqida xabar berdi. Bunga javoban qarshilik harakati toliblar daraning ham shimoliy, ham janubiy darvozasida qurshab olingani, ularning minglab a’zolari yo‘q qilingani, ko‘plari asir olinganini ma’lum qildi. Biroq bu xabarlarga boshqa mamlakatlar (masalan, Yaman)dagi janglarning foto va videolari yoki Afg‘onistondagi urushning boshqa davrlariga taalluqli roliklar ilova qilindi.

Panjsher shimolidagi qarshilik kuchlari jangchilari. 2021-yil, 2-sentabr.

Foto: Ahmad Sahel Arman / AFP / Meduza

Panjsher darasiga kirish joyida nazorat tadbirini o‘tkazayotgan toliblar. 2021-yil, 6-sentabr.

Foto: Sayed Khodaiberdi Sadat / Anadolu Agency / Meduza

Panjsher gubernatori qarorgohi oldida bayroq ko‘tarayotgan toliblar. 2021-yil, 6-sentabr.

Foto: @umar313afg / Twitter

Haqiqiy burilish 4-sentabr kuni yuz berdi. Geolokatsiya bo‘yicha mutaxassislar “Tolibon” tarafdorlari tomonidan e’lon qilingan kamsonli videolarga tayanib, qarshilik harakati a’zolari dushman yurishini daraning janubiy darvozasi yaqinida, asosiy yo‘l ustidagi qoyalarni portlatish orqali to‘xtatib qo‘yganini aniqladi (xarita va videoni ko‘ring).

Biroq toliblar shu kunning o‘zida tog‘ cho‘qqilariga olib boruvchi yo‘ldagi toshlar uyumi va yo‘ldagi mina maydonlarini aylanib o‘tib, bir necha tank va zirhli avtomobillar bilan daraning markaziy qismiga chiqib borgan. Shundan so‘ng qarshilik harakatining mudofaasi tamom bo‘lgan. 5-sentabr oqshomiga kelib toliblar Mas’udlar urug‘ining vatani va viloyat ma’muriy markazi hisoblangan Bazarakka yetib borgan.

Qarshilik harakatini saqlab qolish yo‘lidagi so‘nggi urinish Kobulda bo‘ldi. U yerda to‘plangan ulamolar har ikki tomondan urushni to‘xtatib, kelishib olishni, toliblardan esa dara qamalini to‘xtatishni talab qildi. Kichkina Mas’ud bu g‘oyani darhol ilib ketdi: u Facebook’dagi sahifasida agar toliblar Panjsherdan ketsa, jangovar harakatlarni darhol to‘xtatishga tayyorligini bildirdi. Vodiy markaziga kirib ulgurgan toliblar, tabiiyki, urushni to‘xtatish haqida o‘ylamayotgandi.

5-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan jangda qarshilik harakati spikeri Fotih Dashtiy (u Ahmad Shoh Mas’udning qo‘lida ham ishlagan, 2001-yilgi suiqasd vaqtida qo‘mondon bilan bir xonada bo‘lgan va portlash oqibatida og‘ir yaralangan edi), mahalliy militsiyaning bir necha qo‘mondoni va afg‘on armiyasi generallari halok bo‘ldi. Toliblar kichkina Mas’ud va Amrulla Solihni Bazarakdan topa olmagan.

6-sentabrga kelib Mas’ud noma’lum joyda yozilgan audioni e’lon qildi; u o‘z murojaatida afg‘onlarni umumiy isyonga chaqirgan.

Nima uchun qarshilik harakati bu qadar tez mag‘lub bo‘ldi? Endi toliblar xotirjam hukmronlik qila oladimi?

Panjsher 2021-yilda isyon ko‘targan sharoitda muvaffaqiyatga erishish imkoniyati, aftidan, boshidan yo‘q edi.

1980- va 1990-yillarda Ahmad Shoh Mas’ud Pokiston, keyinchalik Tojikiston bilan aloqa qilish uchun (qariyb) erkin yo‘llarga ega edi. Bu yo‘llar orqali u Panjsherda qazib olingan qimmatbaho toshlar bilan savdo qilishi va qo‘shni mamlakatlar unga bajonidil sotadigan qurollarni xarid qilishi mumkin edi. Uning o‘g‘li esa 2021-yili tashqi dunyodan — Bazarakdan uchadigan bir necha Mi-17 vertolyotlari yordamidagi havo aloqasini hisobga olmasa — butkul uzilib qolgandi. Tojikiston va Pokiston bilan chegaradagi barcha viloyatlar toliblar nazorati ostida qolayotgandi.

Aftidan, kichkina Mas’ud va uning safdoshlarini dunyoning biror mamlakati na ochiqchasiga, va na maxfiy tarzda qo‘llab-quvvatladi. Afg‘oniston vitse-prezidenti Amrulla Solih AQSh uning yordam haqidagi iltimoslariga javob bermaganiga ishora qilgandi. Tojik va o‘zbek milliy ozchiliklarining boshqa yetakchilari 15-avgust kuniyoq mamlakatdan qochgan, keyinroq esa ularning vakillari hech qanaqasiga yordam berolmasliklarini, buni ularga Eron, Turkiya va O‘zbekiston hukumatlaridagi hamkorlari taqiqlaganini ma’lum qilgandi.

Milliy masala esa (“Tolibon” asosini tashkil etuvchi tojiklar va pushtunlar o‘rtasidagi an’anaviy raqobatga umid qilish) bu safar unchalik ham kuchli ahamiyatga ega bo‘lmadi. “Tolibon”ning amaldagi rahbariyatida tojiklar ham bor (xuddi qarshilik harakatida sobiq afg‘on harbiylari — pushtunlar ishtirok etayotgani kabi). Toliblarning Panjsherga yurishiga Afg‘onistondagi mashhur tojik toliblaridan biri Qori Fosixuddin rahbarlik qildi.

Mintaqadagi eng asosiy kuch — Pokiston kichkina Mas’udning raqiblarini ochiqchasiga qo‘llab-quvvatladi. To‘g‘ri, qarshilik harakati pokistonliklarning mojarodagi ishtirokiga ortiqcha baho berib yubordi: 5-sentabr kuni darani go‘yoki Pokiston samolyotlari va dronlari bombardimon qilgani, Bazarakka Pokiston maxsus xizmat kuchlari hujum qilgani, operatsiyaga esa ataylab Kobulga uchib kelgan Pokiston razvedkasi boshlig‘i rahbarlik qilgani haqidagi da’volar hech qanday tasdig‘ini topmadi (masalan, qulagan F-16 samolyotining surati Panjsherda emas, Uelsda olingan). Shuni ham qayd etish joiz — shturm arafasida Pokistonning ISI razvedkasi boshlig‘i Fayz Hamid haqiqatan ham Kobulga kelgandi.

Ammo Mas’ud va uning safdoshlari mag‘lubiyatining eng asosiy sababi — Kobul egallangach, “Tolibon” tomonidan afg‘onlarga taklif etilayotgan loyihaning ommabopligidir. Ushbu loyihaning asosiy ikki jihati — urushning tugashi va harakatning o‘zi qoidalarini biroz yumshatishidir. Ko‘plab afg‘onlar Panjsherdagi qarshilikni yangi adoqsiz fuqarolar urushi xavfidek qabul qilayotgandi. Bundan tashqari, ko‘pchilik “Tolibon”ning panjsherliklar ham “tanimizning bir qismi, Afg‘onistonning boshqa aholisi kabi huquqlarga ega bo‘lgan birodarlarimiz” ekani haqidagi tinchlikparvar bayonotlariga ishondi.

Bu endi “Tolibon” mamlakatdagi hokimiyatni mustahkam egallaganini bildiradimi? Bunga hozircha ishonch yo‘q: hokimiyatni ushlab turish qiyin bo‘ladi. G‘arbning moliyaviy yordam ko‘rsatishni rad etish haqidagi qaroridan so‘ng, Afg‘onistonning iqtisodiy ahvoli mutlaq fojiali holatga kelib qolgan. Toliblar Xitoyning yordamidan umidvor bo‘lib turibdi, biroq bu yordam ham tez kelishi dargumon. Eron Panjsherdagi qarshilikni to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘llab-quvvatlamagan bo‘lsa-da, endi rasman ushbu viloyatning bosib olinganidan noroziligini bildiryapti. Milliy ozchiliklarning Afg‘onistondan tashqaridagi yetakchilari yana faollashib qolgan (to‘g‘ri, hozircha faqat so‘zda). Bularning bari qarshilikning yangi o‘choqlari paydo bo‘lishi faqat vaqt bilan bog‘liq masala bo‘lishi mumkinligi, afg‘onlarning adoqsiz urushning oxiri haqidagi umidlari esa xayoliy puch xayol ekanini anglatishi mumkin.