Pxenyanda 8-sentabr kuni kechqurun KXDR tashkil etilganining navbatdagi yilligiga bag‘ishlangan harbiy parad bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Janubiy Koreyaning Yonhap axborot agentligi xalq respublikasidagi manbalariga tayanib xabar berdi.
Shu bilan birga, Amerikaning Daily NK axborot portali manbalariga tayanib xabar berishicha, Pxenyanda jangovar samolyotlar dvigatellarining shovqini eshitilgan, bu esa samolyotlarning harbiy paraddagi ishtirokidan dalolat beradi. Nashr suhbatdoshi, shuningdek, Pxenyan osmonida rang-barang mushaklar ko‘ringanini aytdi.
2020-yil oktabr oyida KXDR hukumati Pxenyanda Koreya Mehnat partiyasi tashkil etilganining 75 yilligiga bag‘ishlangan yirik harbiy parad o‘tkazgandi. Unda yangi qit’alararo ballistik raketa, suvosti ballistik raketasi va boshqa ilg‘or harbiy texnikalar ishtirok etgan.
KXDR tashkil etilgan rasmiy sana 1948-yil 9-sentabr hisoblanadi, 2021-yilda xalq respublikasi e’lon qilinganining 73 yilligi nishonlanmoqda.
Iyul oyida Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In dushman kuchlarini “tajovuzkorlik maqsadida shiddatli va qat’iy harbiy mashqlar” olib borayotganlikda ayblab, o‘z armiyasini jangovar samaradorlikni oshirish uchun bor imkoniyatlarni ishga solishga chaqirgandi.
Avgust boshida esa Shimoliy Koreyada oziq-ovqat tanqisligi tufayli aholiga armiya zaxiralaridan guruch tarqatilayotgani haqida xabar berildi. Janubiy Koreya razvedkasi KXDRdagi oziq-ovqat inqirozi haqida xabar topdi. Mamlakatda tartibsizliklar sodir etilmagan, ammo issiqlik va qurg‘oqchilik chorva mollarini, shuningdek, sholi va makkajo‘xori hosilini nobud qilgan.
Mavzuga doir:
- KXDR yadro reaktorini qayta ishga tushirdi. Bu tashqi siyosatda Baydenning shundoq ham chigal ishini yanada murakkablashtirib yuborishi mumkin
- Ozib ketgan Kim Chen Inning videotasvirlari uning sog‘lig‘i haqida yangi muhokamalarga sabab bo‘ldi (foto va video)
- Shimoliy Koreyada Tokio Olimpiadasi o‘yinlari uch hafta kech efirga uzatildi