O‘zbekiston tarixidagi eng muhim voqealardan biri — Shavkat Mirziyoyev mamlakat prezidenti vazifasini bajarishga kirishganiga 8-sentabr kuni besh yil to‘ldi. Ko‘pchilik ushbu jarayon haqida “O‘zbekiston” telekanalining salkam ikki soatlik reportaji orqali yaxshi tanish. Ammo ushbu tarixiy jarayonda bevosita ishtirok etgan, voqealar markazida bo‘lgan kishilarning xotiralari alohida e’tiborga molik.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev “Daryo” muxbiri bilan suhbatda O‘zbekiston parlamenti palatalarining 2016-yil 8-sentabrdagi tarixiy qo‘shma majlisi qanday kechgani haqida so‘zlab berdi.

Rasul Kusherbayev.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Qo‘shma majlisgacha

Har yili Mustaqillik bayrami arafasida biz — deputatlar joylarga xalq bilan uchrashuvlarga chiqamiz. 2016-yili hududlarga chiqishimiz biroz cho‘zildi. To‘g‘risi, o‘sha yil avgusti oxirida nimalar bo‘layotganini biz ham aniq bilmaganmiz.

28-avgust kuni O‘zAda Islom Karimov betobligi, shifoxonada davolanayotgani haqida qisqa axborot e’lon qilingan. Ungacha ham turli gap-so‘zlar tarqalgan, ammo ishonchli, aniq bir rasmiy axborot berilmagan edi. Men O‘zAda chiqqan o‘sha axborotga ishonganman. Prezidentning ahvoli og‘irligi haqida o‘qigach, biz deputatlarni ham Toshkentga chaqirib, favqulodda yig‘ilish o‘tkazib, nimalar bo‘layotganini bizga ham tushuntirishsa kerak, deb o‘ylaganman. Lekin bunday bo‘lmagan.

Prezidentning dafn marosimi o‘tkazilgach, menda: “Davlatni kim boshqaradi, endi nima bo‘ladi?”, degan savollar tug‘ilgan. O‘sha payt hammada turli taxminlar bor edi, ammo bir aniq ma’lumotga ega emasdik. Kim muvaqqat prezident bo‘lishi haqida hech kim hech narsani bilmasdi — prezidentlik lavozimini kim egallaydi, degan savol hammani qiziqtirar, Senat raisi o‘z zimmasiga oladimi yoki boshqacha o‘zgarish bo‘ladimi, degan masala hammani o‘ylantirardi.

Qo‘shma majlisda

8-sentabr kuni Oliy Majlisda senatorlar bilan birga qo‘shma majlis bo‘lishini aytib, chaqirishdi. Odatda davlat rahbari keladigan yig‘ilishlarda tekshiruv qattiq bo‘lardi, ammo bu safar tez o‘tdik. Zalga kirib borgunimcha hech narsani bilmaganman, ichkarida qanday jarayon bo‘lishidan bexabar edim. Yalpi majlis kun tartibi haqida ham menda hech qanday ma’lumot bo‘lmagan. Ba’zan muhim hujjatlarni qabul qilish yoki katta tadbirlar oldidan fraksiya yig‘ilishlarida rahbarlar “shu masalaga bunday yondashilsa yaxshi bo‘lardi” deb maslahat solardi, ammo bu majlis oldidan hech narsa deyilmagandi.

Rasul Kusherbayev Oliy Majlis palatalarining 2016-yil 8-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan qo‘shma majlisida.

Kadr: “O‘zbekiston” telekanali

Qo‘shma majlis boshlanganidan keyin ham bizda mavhumlik bor edi, nima bo‘lishi haqida aniq tasavvurimiz yo‘q edi. Zaldagilarning bir qismi Senat raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev qonundan kelib chiqib, vakolatni o‘z zimmasiga oladi, deb o‘ylayotgandi. Nig‘matilla Yo‘ldoshevni biz yurist sifatida bilardik, lekin ijro masalasi qanday bo‘ladi, degan savol bor edi. Ikkinchi variant — o‘sha vaqtda bosh vazir lavozimida ishlagan Shavkat Mirziyoyev edi. Uchinchi variant sifatida, to‘g‘risi, bosh vazir o‘rinbosarlari taxmin qilingandi.

Majlis boshlangach, Senat raisi nutq so‘zladi va: “Bu vazifani bajarish menga og‘irlik qiladi, men xohlamayman”, degan ma’noda gapirdi. Uning ma’ruzasi yakuniga yetib boryapti, biz esa: “Endi kim vaqtincha prezident bo‘ladi?”, deb o‘ylanib o‘tiribmiz. Har xil variantlar kela boshladi, o‘zaro pichirlashib: “Kim bo‘larkan, kimni tavsiya qilarkan?” deb gaplashdik ham. Shunda Senat raisi ham, boshqa so‘zga chiqqanlar ham bosh vazir Shavkat Mirziyoyev nomzodini vaqtincha prezidentlikka tavsiya qildi.

O‘nlab tavsiyalardan so‘ng, deputatlarda ham Shavkat Mirziyoyev nomzodiga nisbatan tasavvur shakllangan. O‘shanda bu kishining tarjimayi holi haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lgandik. Darvoqe, so‘zga chiquvchilar orasida “bitta odam” — o‘sha vaqtdagi moliya vaziri Rustam Azimov ham bo‘larmikin degan masalani bir-ikki deputatlar pichirlashib muhokama qilganmiz. Har holda, u bosh vazirdan keyin butun mamlakatning moliyasini boshqarib turgan, hukumatda katta obro‘ga ega shaxs edi. So‘zga chiqarmikin, kimning nomzodini qo‘llaydi, degan fikr bo‘lgan. U ham Shavkat Mirziyoyevning nomzodini qo‘llagan. Yaqindan bilarkan, qilgan ishlari haqida gapirib bergan.

Rustam Azimov Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolarini O‘zbekiston prezidenti vazifa va vakolatlarini Shavkat Mirziyoyevga yuklash to‘g‘risidagi taklifni ma’qullab ovoz berishga chaqirmoqda. 2016-yil, 8-sentabr.

Kadr: “O‘zbekiston” telekanali

Shavkat Miromonovichning nomi u kishi birinchi prezident davrida — bosh vazir lavozimida ishlab yurganida ham xalqqa ma’lum edi. Ko‘p ishlar, farmon va qarorlar ijrosini ta’minlash u kishiga yuklatilishini bilardik. Shu bois Shavkat Mirziyoyevning nomzodi tavsiya etilganida, bu men uchun favqulodda yangilik bo‘lmagan, xursand bo‘lganman. “Bu odam birinchi prezidentning yonida yurib, u boshlagan shuncha ishlarning ijrosini nazorat qilgan, issiq-sovuqni biladi, hozirgi vaziyatda tavsiya etilayotgan to‘g‘ri nomzod”, degan fikrda bo‘lganman.

Onam uchun Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashmoqchi bo‘lganman...

Shavkat Miromonovich bilan bosh vazirlik davrlarida ko‘rishmaganman. 2015-yilgi prezident sayloviga tayyorgarlik jarayonida O‘zLiDeP Siyosiy kengashi a’zosi sifatida kelib-ketganlarida so‘rashganmiz xolos — u kishi odatda hamma bilan so‘rashib chiqardilar. Ammo hech qanday muloqot bo‘lmagan. O‘shanda, deputatlikka birinchi marta saylangan vaqtim, u kishi bilan ko‘rishmoqchi bo‘lganman, buni juda xohlaganman — onam og‘ir kasallikka yo‘liqib, kasallik sababini topolmay qolgandik.

Adashmasam, shifokorlar yarim yil tashxis qo‘yolmagan. Kirmagan eshigim qolmagan, ham moliyaviy, ham boshqa tarafdan qiynalganman. Oxiri o‘zimizning rahbariyatga kirib, bosh vazirning yoniga borib, yordam so‘rayman, deputatman, lekin kuchim yetmayapti, na kasalliklarini topolyapman, na davolanishlariga imkonim yetyapti, menga yordam bering, yo‘l ko‘rsating, degan ma’noda kirib boraman deb aytganman. Odam shunday paytlarda har narsaga tayyor bo‘lib qolarkan.

Qiynalgan, og‘ir vaziyatda qolgan odam agar u kishining oldigacha yetib borolsa, shunchaki tashlab qo‘ymasligi haqida ham eshitgandim. Shuning uchun boraman deb, umid bilan harakat qilganman. Lekin borolmaganman, qaytarishgan — u davr shunaqa edi, bunday xatti-harakatlar salbiy qabul qilinardi. Ochig‘ini aytganda, u vaqtda deputatlar uchun juda ko‘p eshiklar yopiq edi, hatto vazirlarga qo‘ng‘iroq qilishga ham cho‘chirdik. Shunday qilsangiz, ertasiga alohida xonalarga chaqirilardingiz.

Rasul Kusherbayev.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Onam qanday kasallikka chalinganliklari aniqlanganidan keyin ham yana oldilariga kirmoqchi bo‘lganman. Onamning umrlarini uzaytirishga harakat qilganman, ammo oxirigacha dorilarini topib bera olmadim. O‘shanda qo‘rqmay oldilariga kirsam bo‘larkan, degan armon qoldi. Shunday kasalliklar borki, dori-darmonini olishga oddiy odamning imkoniyati yetmaydi. Juda qimmat, yillar davomida ichib yurish kerak. Manaman deganni ham bukib qo‘yadi.

Qo‘ldan kelgancha harakat qilganmiz, hukumat a’zolari, boshqalar ham imkon doirasida yordam qilishga intilgan. Lekin qonuniy tomonlari to‘g‘ri kelmay qolib, “mana shunaqa ekan” deb, “to‘g‘ri tushuntirib” yuborishgan. Oxiri dori topolmay qoldik, onam o‘tib ketdilar... O‘shanda Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvga xohish bo‘lgan, ammo nasib qilmagan ekan. Ammo, bir narsaga ishonchim komilki, uchrashish nasib qilganida edi, nimadir bo‘lgan bo‘lishi mumkin edi.

Shavkat Mirziyoyev haqiqatan ham odamlarni bezovta qilgan masalalarni ko‘taryaptilar. Gemotologiya, ya’ni qon va suyak saratoni kasalliklarini davolash va oldini olish bo‘yicha qilgan ishlari ham aynan men uchun muhim. Gemotologik kasalliklarga taalluqli alohida qaror qabul qilindi. Masalan, bu narsa mening orzum edi. Sababi — onam ham shu kasallik bilan olamdan o‘tdilar.

Kasalxonadagi byurokratiya va sharoitni ko‘rsangiz, yig‘lab yuborardingiz. Shunday kasalliklar diagnostikasini, kasalxonalarini yaxshilaylik, davlat dori-darmon xarajatining bir qismini zimmasiga olsin, degan takliflarim bor edi. Prezident ham shu tashabbus bilan chiqdi — shunaqa joylarida juda xursand bo‘lib ketaman. Kasalxonaga borganlari haqidagi reportajlarni yig‘lab ko‘rdim. O‘sha kasalxonalarga ikki-uch yil qatnaganman. Eh dedim, qani edi shu imkoniyatlar ikki-uch yil avval... Mayli, shunday bo‘lsa ham, bu ishlar birin-ketin amalga oshyapti.

Qolgan ehtimoliy nomzodlar haqida ko‘p narsa bilmasdim, ammo Shavkat Miromonovich haqida, uning o‘zini kam ko‘rsak-da, qilgan ishlari haqida ko‘p eshitardik. U viloyat hokimi bo‘lib ishlaganida qishloq joylarda oddiy etik kiyib, xalq ichida yurganini ham, bosh vazirlik davrida ham pastga tushib, aholi orasida bo‘lganini ham eshitganman. Viloyatlarda yurganimizda “bosh vazir chekka hududlarga kelibdi, dalaga kiribdi”, degan gaplarni eshitardim. Quyi Chirchiq tumanidagi kollejlarning biridagi uchrashuvda o‘quvchilarga yaxshiliklar qilib ketganini ko‘rganman.

Deputat Rasul Kusherbayev prezident Shavkat Mirziyoyevdan unga bag‘ishlangan maqtovlarni eshitayotgan vaqti. Davlat rahbari o‘shanda Kusherbayev haqida iliq fikrlar bildirib: “Sen hammaga ham yoqmaysan, lekin menga yoqasan”, degandi. 2020-yil, 20-yanvar.

Kadr: “O‘zbekiston 24” telekanali

Kerak bo‘lsa, galstukni ham yechib, oddiy etikda dalama-dala, odamlar orasida yurgan inson bizga yaqin tuyulgan. Odamlar xalq ichida yuradigan kishini rahbar sifatida ko‘rishni xohlaydi. O‘zim ham qishloqdan chiqqanman, shu bois men ham rahbar odam xalq ichida bo‘lishi, aholiga yaqin yurishi, odamlar dardini tushunishi kerak, deb tasavvur qilaman. Xullas, qo‘shma majlisda Shavkat Mirziyoyevning nomzodini senator va deputatlar ovoz berib, qo‘llab-quvvatlagan. Adashmasam, qarshi ovoz bo‘lmagandi.

Qo‘shma majlisda ishtirok etgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining bari, jumladan, Rasul Kusherbayev ham O‘zbekiston prezidentining vazifa va vakolatlarini vaqtincha bosh vazir Shavkat Mirziyoyevga yuklash to‘g‘risidagi taklifni ma’qullab ovoz bergan. 2016-yil, 8-sentabr.

Kadr: “O‘zbekiston” telekanali

Qo‘shma majlisdan so‘ng

Qo‘shma majlis o‘tdi. Hammamiz bildikki, davlat boshsiz qolib ketmadi. Bungacha bo‘layotgan har xil taxminlar, chalg‘ituvchi axborotlar taqa-taq to‘xtadi. Hamma o‘z ishida davom eta boshladi. Hissiyotlar hammada har xil bo‘lgandir ehtimol, shaxsan men shu kishi prezident vazifasini bajarishga kirishganidan xursand bo‘ldim. Prezident etib saylansa ham kerak, saylansin, degan fikr paydo bo‘ldi. Bu paxta qo‘yish emas. O‘sha sharoitda, to‘g‘risini aytganda, bu kishidan ortig‘ini biz bilmasdik, ko‘rmasdik ham. Boshqa nomzod biz uchun ustingizdan muzdek suv quygandek ta’sir qilgan bo‘lardi.

Shavkat Mirziyoyevga O‘zbekiston prezidentining vazifa va vakolatlari ham vaqtincha yuklatilganidan so‘ng. 2016-yil, 8-sentabr.

Kadr: “O‘zbekiston” telekanali

Yig‘ilish yakuniga yetgach, Shavkat Mirziyoyev minbardan tushib, minnatdorchilik bildirib, pastki qatorlarda o‘tirgan ko‘pchilik bilan birma-bir so‘rashib chiqib, ular bilan bir-ikki og‘iz gaplashdi — u kishida shunday xususiyat bor ekan. Ilgarilari biz bunaqasini ko‘rmagandik — Islom Karimov davrida u kishi minbardan tushib, har doim ham deputatlar so‘rashmasdi-ku. Mabodo davlat rahbari kim bilandir so‘rashishi, gaplashishi kerak bo‘lsa, hammasi oldindan ma’lum bo‘lardi. Kutilmaganda shunday bo‘lib ketdi, balki o‘sha payt bu shunday yaqin muloqotlarning boshlanishi bo‘lgandir.

Yig‘ilishdan chiqib, xonaga kirib birinchi ko‘rganim — Islom Karimovning devordagi portreti edi. Bu kishi o‘tib ketdi, boshqa boshqaruv kelyapti, qanday o‘zgarishlar bo‘larkan, deb o‘ylaganman. O‘sha kuni xayolimga kelgan birinchi masala — parlament ishida o‘zgarish bo‘larmikin? Parlament davlat boshqaruvida chetga surib qo‘yiladigan yoki hukumat qilayotgan ishlarni targ‘ib qiladigan, “e, shu to‘g‘ri ish bo‘ldi, qoyil sizga, biz bilmagandik” deb gapirib o‘tiradigan joy emas, u lokomotiv bo‘lishi, kamchiliklarni ko‘rsatib, yo‘nalishlarni to‘g‘rilab turishi kerak, deb o‘ylayman.

Dunyo o‘tkinchi, shaxslarni ideallashtirish kerak emas. Ideallik insonga emas, Allohga xos. Hammada kamchilik bo‘ladi. Ideal shaxs yaratishga intilish chalg‘itishga kiradi. Til haqida maqola yozayotgan odam ham, qishloq xo‘jaligi bo‘yicha yozayotgan odam ham prezidentning jumlasini ishlatib yozardi. Yoki fizika haqida fikrlayotgan odam ham prezidentdan jumla olaman deb o‘ylardi.

Rasul Kusherbayev.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Bu juda yomon, noto‘g‘ri qarash edi-da, tushunyapsizmi? Ya’ni, bir odam hamma sohaning ideal sohibi bo‘lmaydi-ku, to‘g‘rimi? Bu eng katta xato. Faqat biz, odamlar ularga xato baho berishga shoshilishimiz kerak emas. Kamchilik ham, yutuq ham bo‘lishi mumkin. Bor vaqtda kamchilikni ham aytaverish kerak. Buni keyinchalik, vaqt o‘tgach tushunishni boshladik. Shu fikrlarni o‘sha payt aytishning o‘zi qo‘rqinchli bo‘lgandir.

2-sentabr (o‘lim) ham, 8-sentabr (bo‘shagan o‘rinning sovimasligi) ham hammaning boshida bor. Bunga shubha qilish kerak emas. Bizdan faqat qilgan ishlarimizgina qoladi. Toki dunyoda tug‘ilish, o‘lim bor ekan, bunday sentabrlar takrorlanaveradi.

Muallif:Musulmonbek Ibrohimov