Islom Karimov vafotidan bir hafta o‘tar-o‘tmas, 2016-yilning 8-sentabr kuni O‘zbekiston parlamenti palatalarining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tgan edi. Unda mamlakatning o‘sha vaqtdagi bosh vaziri hisoblangan Shavkat Mirziyoyevga O‘zbekiston prezidenti vazifa va vakolatlarini vaqtincha yuklatish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan. Ushbu tarixiy majlis haqida “O‘zbekiston” telekanali salkam ikki soatlik reportaj tayyorlagan — unda majlisda so‘z olgan arboblarning chiqishlaridan lavhalar ko‘rish, bo‘lajak prezidentning nutqi bilan tanishish mumkin.

“Daryo” mazkur sana munosabati bilan “O‘zbekiston” telekanalining ushbu reportajini to‘liq matnlashtirdi. Quyida sariq fonda berilgan matnlar — “O‘zbekiston” telekanali boshlovchisining kadr ortidan o‘qiganlari, qolgan matnlar — ismi ko‘rsatilgan arboblardan iqtiboslardir.

Toshkentda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolari, taklif etilgan Vazirlar Mahkamasi a’zolari, vazirliklar va idoralar rahbarlari, boshqa tashkilotlarning, ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirokida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov olib bordi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov.

Kadr: “O‘zbekiston” telekanali

Nurdinjon Ismoilov: Assalomu alaykum, qadrli deputatlar, senatorlar va qo‘shma majlis ishtirokchilari. Bugun butun O‘zbekiston xalqi chuqur qayg‘uda. Kuni kecha biz hammamiz uchun qadrli va e’zozli bo‘lgan, xalqimizning cheksiz mehr-muhabbatini qozongan buyuk inson, mustaqil mamlakatimizning birinchi prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov bilan vidolashdik. Mana shu qayg‘uli kunlar davomida yurtboshimiz butun O‘zbekiston ahlining eng sevimli insoniga, rahnamosiga aylanganini yurakdan his etmoqdamiz. Xalqimizning birdamligiga, bizni tanlagan yo‘limizdan hech kim hech qachon qaytara olmasligiga yana bir bor amin bo‘ldik.

Majlis boshlangan vaqtdagi axborot. Soat 11:26.

Kadr: “O‘zbekiston” telekanali

Shu bilan birga Islom Abdug‘aniyevich nafaqat bizning mamlakatimizda, balki butun dunyo hamjamiyatida tinchlik, barqarorlik, farovonlik va taraqqiyot timsoli sifatida o‘chmas iz qoldirganligiga guvoh bo‘ldik. Muhtaram prezidentimiz o‘tgan 25 yil mobaynida milliy parlamentimiz rivoji, uning faoliyatini takomillashtirish, samaradorligini oshirish borasidagi masalalarni ham o‘z nazarlaridan chetda qoldirmadilar. Islom Abdug‘aniyevich o‘zining matonati, jasorati, sadoqati bilan O‘zbekistonni istiqlol yo‘liga olib chiqdi va xalqining, Vatanining barqarorligi, osoyishtaligi va farovonligi uchun butun hayotini, o‘z jonini ayamadi.

Aziz do‘stlar! Qadrdon prezidentimizning o‘chmas xotirasini yod etib, bir daqiqa sukut saqlashinglarni so‘raymiz. Rahmat.

Majlis qatnashchilari Islom Karimov xotirasi uchun sukut saqlamoqda.

Kadr: “O‘zbekiston” telekanali

Majlis qatnashchilari Islom Karimov xotirasi uchun sukut saqlamoqda.

Kadr: “O‘zbekiston” telekanali

Qadrli deputatlar, senatorlar va qo‘shma majlis ishtirokchilari. Kecha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashi va Senati Kengashining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda O‘zbekiston Respublikasi prezidentining vazifa va vakolatlarini vaqtincha yuklatish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqilib, Oliy Majlis palatalari Kengashlarining qarori qabul qilindi. Shu asosda bugungi qo‘shma majlisning kun tartibi loyihasi belgilab olindi. Kun tartibiga O‘zbekiston Respublikasi prezidentining vazifa va vakolatlarini vaqtincha yuklatish to‘g‘risidagi masala kiritilgan.

Kun tartibi loyihasi bo‘yicha Oliy Majlis Senatining raisi Nig‘matilla To‘lqinovich Yo‘ldoshev so‘z so‘rayaptilar. Marhamat, so‘z Nig‘matilla To‘lqinovichga.

Nig‘matilla Yo‘ldoshev: Qadrli deputatlar, Senat a’zolari va majlis qatnashchilari. O‘zbekiston Respublikasining birinchi prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning bevaqt vafoti butun xalqimiz, qolaversa, jahon jamoatchiligi uchun katta yo‘qotish bo‘ldi. Shak-shubhasiz, mamlakatimizning mustaqillikka erishgani, tarixan qisqa muddatda shiddat bilan rivojlanayotgan davlatga aylangani buyuk tarixiy shaxs, qat’iyat va shijoat sohibi Islom Karimov nomi bilan chambarchas bog‘liqdir. Zotan butun dunyoda o‘zbek modeli sifatida tan olingan taraqqiyot strategiyasiga ega yangi davlat va jamiyat shaxsan prezidentimiz rahnamoligida barpo etildi. Bosqichma-bosqich, tadrijiy yo‘l bilan amalga oshirilgan islohotlar natijasida barcha sohalarda mamlakatimiz ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritdi. O‘zbekiston tanlagan rivojlanish yo‘lining muqobili yo‘qligini, uning to‘g‘ri va hayotiy ekanligini davrning o‘zi tasdiqlab berdi. Bu haqiqatni dunyo ham tan oldi. Butun xalqimiz tomonidan prezidentimiz vafoti munosabati bilan bildirilgan ta’ziya izhorlari va qilingan samimiy duolar ushbu yo‘lning naqadar oqilona ekanligini takror va takror isbotladi.

Senat raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev.

Kadr: “O‘zbekiston” telekanali

Motam kunlarida fuqarolarimiz ko‘zlaridan oqqan yoshlar 32 millionli xalqning o‘z rahnamosiga bo‘lgan cheksiz mehr-muhabbati ifodasidir. Bunday ehtirom buyuk davlat arbobi rahbarligida olib borilgan xalqparvar, odil va oqil siyosatning e’tirofi, timsoli ham desak aslo xato qilmaymiz. O‘z navbatida, aynan shunday siyosat eng buyuk maqsadlar sari xalq va davlatni jipslashtirgani yana bir karra ayon bo‘ldi. Xalq va davlatning bunday birdamligi birinchi prezidentimiz butun umrini, jonini baxshida qilgan g‘oyalar albatta ro‘yobga chiqishining va ezgu ishlar davom etishining muhim garovidir. Bugun bizning oldimizda turgan ustuvor vazifamiz, ta’bir joiz bo‘lsa, muqaddas burchimiz, avvalo, mamlakatda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik hamda taraqqiyotning bardavomligini ta’minlashdan iborat. Ishonchimiz komilki, xalqimizning mehnati, aqlu zakovati va qat’iy irodasi bilan oliy maqsadlarimizni albatta ro‘yobga chiqarishga erishamiz.

Hurmatli parlament a’zolari. Konstitutsiyamizning 96-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining amaldagi prezidenti o‘z vazifalarini bajara olmaydigan holatlarda uning vazifa va vakolatlari vaqtincha Oliy Majlis Senati raisining zimmasiga yuklatiladi. Bunda uch oy muddat ichida “O‘zbekiston Respublikasi prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq prezident saylovi o‘tkaziladi. Biroq, shunga e’tiboringizni qaratmoqchimanki, prezident vazifalarini yuklatish to‘g‘risida qaror qabul qilish jiddiy mas’uliyatni talab etadi. U rasmiyatchilik emas, balki har tomonlama puxta o‘ylangan to‘laqonli siyosiy yondashuvni talab etadi. Ayniqsa, bugungi o‘ta murakkab xalqaro sharoitda davlatimiz, jamiyatimiz oldidagi vazifalar ko‘lamini inobatga olishimiz lozim. Eng asosiysi, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasiga muvofiq, prezident vazifalarini bajaruvchi shaxs respublika suvereniteti, xavfsizligi va hududiy yaxlitligini muhofaza etish, oliy hokimiyat va boshqaruv organlarining bahamjihat ishlashini ta’minlash, mamlakat ichkarisida va xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasi nomidan ish ko‘rish, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Oliy bosh qo‘mondoni sifatida qator jiddiy masalalarni hal etish hamda Konstitutsiyamiz va qonunlarimizda nazarda tutilgan boshqa o‘ta mas’uliyatli vazifalarni bajarish uchun yetarli bilim va amaliy tajribaga ega bo‘lishi zarur.

Men mehnat faoliyatim davomida asosan prokuratura va adliya organlarida ishlaganman, biroq davlat hokimiyati va boshqaruvining boshqa idoralaridagi rahbarlik lavozimlarida yetarli tajribaga ega emasman. Bir yarim yil mobaynida Senat raisi lavozimida orttirgan tajribam mamlakatning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishiga, jamoat xavfsizligini ta’minlashga doir muhim masalalarni hal etish uchun yetarli emas deb o‘ylayman. Yuqoridagilarga asosan va O‘zbekiston Respublikasi prezidentining vazifalarini vaqtincha bajarib turish qanchalik katta mas’uliyat ekanligini to‘liq va chuqur anglagan holda, sizlardan bu vazifa va vakolatlarni bajarishni menga yuklamasliklaringizni iltimos qilaman.

Sizlarga yaxshi ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining bosh vaziri Shavkat Miromonovich Mirziyoyev mustaqillik yillarida barcha sohalarda amalga oshirilgan islohotlar jarayonida birinchi prezidentimizga yelkadosh bo‘ldi. Shavkat Miromonovich 1992—2003-yillarda Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani, Jizzax va Samarqand viloyatlari hokimi lavozimlarida, 2003-yildan buyon esa O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri lavozimida faoliyat yuritib, katta mahorat maktabini o‘tadi. O‘tgan yillarda mamlakatimizda amalga oshirilgan yirik tadbirlar, dasturlar va boshqa loyihalarning ro‘yobga chiqarilishida bevosita rahbarlik qilgan va hamda o‘zini mohir tashkilotchi sifatida namoyon etgan Shavkat Miromonovich butun xalqimiz o‘rtasida samimiy hurmat qozondi. Shuningdek, u xorijiy davlatlar hukumat rahbarlari orasida ham katta obro‘ga ega. Binobarin, prezidentning vazifa va vakolatlarini vaqtincha bajarishga Shavkat Miromonovich har tomonlama munosib, deb hisoblayman.

Hurmatli deputatlar va senatorlar! Yuqoridagilarni inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining vazifa va vakolatlarini O‘zbekiston Respublikasining bosh vaziri Shavkat Miromonovich Mirziyoyev zimmasiga vaqtincha yuklash to‘g‘risidagi taklifimni qo‘llab-quvvatlashingizni so‘rayman. Mening mazkur taklifim Senat Kengashining bugun bo‘lib o‘tgan majlisida ko‘rib chiqildi va uni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida alohida qaror ham qabul qilindi. Ushbu qarorning sizlar tomoningizdan ham e’tiborga olinishi yurtimiz ravnaqi, Vatanimiz taraqqiyoti hamda xalqimiz farovonligiga xizmat qilishiga ishonaman.

Kun tartibidagi masala bo‘yicha, shuningdek,

  • Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari, O‘zLiDeP Siyosiy kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Sodiqjon Turdiyev,
  • Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Sarvar Otamurotov,
  • Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari, Xalq demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi Hotamjon Ketmonov,
  • Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Siyosiy kengashi raisi Narimon Umarov,
  • Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari, O‘zbekiston Ekologik harakati Markaziy kengashi raisi Boriy Alixonov,
  • Oliy Majlis Senatining qo‘mita raisi Sodiq Safoyev,
  • Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi — O‘zbekiston Senati raisi o‘rinbosari Musa Yerniyazov,
  • Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mitasi raisi Akmal Saidov,
  • Fanlar akademiyasi prezidenti, Senat a’zosi Shavkat Solihov,
  • Samarqand viloyati hokimi, Senat a’zosi Zoir Mirzayev,
  • “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy kengashi raisi Bahodir G‘aniyev,
  • Toshkent axborot texnologiyalari kasb-hunar kolleji direktori, Senat a’zosi Agrippina Shin,
  • Toshkent viloyati Bo‘ka tumani “Yoqutxon Said” fermer xo‘jaligi rahbari Saidislom Saydullayev,
  • Andijon viloyati hokimi, Senat a’zosi Shuhratbek Abdurahmonov,
  • O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi o‘rinbosari, Senat a’zosi Iqbol Mirzo,
  • Toshkent shahar hokimi, Senat a’zosi Rahmonbek Usmonov,
  • “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi — bosh direktori, Senat a’zosi Aleksandr Farmonov,
  • Buxoro viloyati hokimi, Senat a’zosi Muhiddin Esonov,
  • Qashqadaryo viloyati hokimi, Senat a’zosi Zafar Ro‘ziyev,
  • Navoiy viloyati hokimi, Senat a’zosi Erkinjon Turdimov,
  • “Qoraqalpog‘iston tongi” gazetasi bosh muharriri, Senat a’zosi Guliston Annaqilicheva,
  • Surxondaryo viloyati hokimi, Senat a’zosi Tojimurod Mamarayimov,
  • O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Farg‘ona viloyat bo‘limi rahbari, Senat a’zosi Enaxon Siddiqova,
  • Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Abduqodir Toshqulov,
  • Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Mavludaxon Xo‘jayeva,
  • O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — moliya vaziri Rustam Azimov

so‘zga chiqib, hozirgi sharoitda barqarorlikni saqlash, jamoat xavfsizligi va huquq-tartibotni ta’minlash, mamlakatni rivojlantirishning eng muhim siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy masalalarini samarali hal etish zarurligini e’tiborga olib, Oliy Majlis Senati raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshevning taklifini qo‘llab-quvvatladilar.

Akmal Saidov: Bugun prezidentning vazifa va vakolatlarini vaqtincha yuklash masalasini Konstitutsiyamiz va qonunlarimiz asosida hal qilishimiz kerak. Senatimiz raisi Nig‘matilla To‘lqinovich respublika prezidentiga qo‘yiladigan talablarning eng asosiylarini sanab o‘tdilar. Konstitutsiyamizning 93-moddasida prezident vakolatlarining 24 ta yo‘nalishi sanab, ko‘rsatib o‘tilgan. Bu mamlakatning ham ichki, ham tashqi siyosatining turli jabhalarini qamrab oladi. Mana shunday mas’uliyatli vazifani kim bajara oladi, degan savolni Nig‘matilla To‘lqinovich o‘zlariga berib turib, javob beryaptilar: “Mening davlat boshqaruvidagi tajribam yetarli emas. Meni to‘g‘ri tushunsanglar, shuning uchun mana shunday mas’uliyatli vazifani bajarishni O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Shavkat Miromonovich Mirziyoyevga yuklasak”, degan iltimos bilan chiqdilar.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Akmal Saidov.

Kadr: “O‘zbekiston” telekanali

Mana shu iltimosni qondirish mumkinmi-yo‘qmi, degan tabiiy savol tug‘iladi. Mana shunday qaror qabul qilish uchun bizga huquqiy-konstitutsiyaviy asoslar bormi? Men yurist sifatida aytmoqchimanki, mana shunday asoslar bor. Birinchi mana shunday asos — Konstitutsiyamizning 81-moddasi 9-qismiga muvofiq hamda “Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun, “Oliy Majlisning Senati to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonunning 11-moddasiga asosan, Oliy Majlis palatalarining kelishuviga binoan biz ko‘rayotgan masala, ya’ni, prezident vakolatlarini vaqtincha berish masalasida qo‘shma majlis o‘tkazish mumkin. Shunday masalani qo‘shma majlisda ko‘rish mumkin. Bu ham Konstitutsiya, ham konstitutsiyaviy qonunlarga ko‘ra mumkin bo‘lgan birinchi asos.

Ikkinchi asos — Konstitutsiyamizning 82-moddasi 1-qismiga ko‘ra, Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisda biz ko‘rayotgan masala bo‘yicha qaror qabul qilish vakolatiga ega. Endi, palatalar qabul qilgan qaror “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunning 6-moddasiga muvofiq, qonun maqomiga ega. Bizning qarorimiz qonun sifatida bo‘ladi. Yana bitta, uchinchi asos — Senat raisi prezidentning vazifa va vakolatlarini vaqtincha o‘z zimmasiga olmasligini taqiqlovchi biror bir na konstitutsiyaviy, na huquqiy cheklov yoki norma yo‘q. Bu — Senat raisining erkin kasb tanlash huquqidir. Bu Asosiy qonunimizning 37-moddasida mustahkamlab qo‘yilgan.

Lekin mana shu yerda bu huquqiy asoslar bilan birga yana bir nihoyatda davr taqozosi bo‘lgan muhim siyosiy, axloqiy, ma’naviy bir asos bor. Men buni quyidagicha ifodalagan bo‘lardim. Prezidentning vazifa va vakolatlari vaqtincha zimmasiga yuklatiladigan shaxs konstitutsiyamiz va qonunlarimiz talablariga, qolaversa, bugungi kun taqozosiga ko‘ra, albatta, har tomonlama keng fikrlash qobiliyatiga ega bo‘lgan, hayotning turli sinovlarida toblangan, ko‘pni ko‘rgan, mamlakatimizni rivojlantirishda, yirik loyihalarni amalga oshirishda tashabbuskor va talabchan, tashkilotchi va jonkuyar, mas’uliyatli va javobgarlikni o‘z zimmasiga oladigan, eng muhimi, har qanday vaziyatda ham odamlar bilan til topishishga, obro‘ qozonishga qodir bo‘lgan, o‘zining yetakchilik va rahnamolik jihatlari bilan ajralib turadigan, eng muhimi, Vatanimizning chinakam vatanparvari, millatparvari, yurtboshimizning izdoshi, bardavom davomchisi bo‘ladigan shaxs bo‘lishi mumkin.

Oliy Majlis Senati raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev (o‘ngda) va Qonunchilik palatasi raisi Nurdinjon Ismoilov deputat Akmal Saidov keltirayotgan huquqiy asoslarni diqqat bilan tinglamoqda.

Kadr: “O‘zbekiston” telekanali

Shu nuqtai nazardan Shavkat Miromonovichni prezidentning vazifa va vakolatlarini vaqtincha bajarishga qodir bo‘lgan munosib nomzod, deb hisoblayman. Bunga o‘zimning shaxsiy asoslarim ham bor. Men Shavkat Miromonovichni qariyb 30 yildan ko‘proq vaqtdan beri — hali oliy o‘quv yurtidagi domlalik vaqtlaridan bilaman. Lekin 1990-yildan boshlab Shavkat Miromonovich salkam 15 yil milliy parlamentning a’zosi bo‘lgan, Mandat komissiyasiga rais bo‘lgan. O‘sha vaqtda xalq deputatlarining xalq saylagandan keyingi vakolatini kim berardi desangiz, Mandat komissiyasi tasdiqlardi — u vaqtda Saylov komissiyasi yo‘q edi. Masalan, men 10 dan ortiq, dastlab Oliy Sovet, keyin Oliy Majlis deputatlarining vakolatlarini tanlash bo‘yicha ma’ruzalarini eshitganman Shavkat Miromonovichning. Shu nuqtai nazardan Shavkat Miromonovich qonun ijodkorligining ikir-chikirlarini — qonunni qanday tayyorlash, qanday qabul qilishning hammasini biladi.

Ikkinchidan, Shavkat Miromonovich yurtboshimiz boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasini yaratish jarayonida bevosita ishtirok etgan edilar. O‘sha vaqtda Konstitutsiyaviy komissiyaning eng faol a’zolaridan biri bo‘lganlar. Uchinchidan, Shavkat Miromonovich ijro hokimiyatining eng quyi pog‘onasi — tuman hokimi, viloyat hokimidan to eng oliy — bosh vazir lavozimigacha faoliyat ko‘rsatganlar. Va, to‘rtinchidan, Shavkat Miromonovich mustaqillik yillarida yurtboshimizning olamshumul bunyodkorlik siyosatini ro‘yobga chiqarishda, butun mamlakatimizda amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlarining boshida turibdilar. Uzoqqa borib o‘tirmaylik, mana shunday bitta misol. Men hamqishloqlarimning fikrini aytaman — Hazrati Zangi ota ziyoratgohini tubdan o‘zgarganligi. Hozir Samarqandga ketayotgan ko‘p sayyohlar ham “E, bu nima ekan?” desa, “Bu Amir Temur bilan Mirzo Ulug‘bek qurdirgan ziyoratgoh, bu yangi chiroy ochgan ko‘rinishi”, deyishadi.

Shavkat Miromonovich, mana shu minbardan turib, yurtboshimiz sizni xalq vakillariga to‘rt marta tavsiya etganlar. 2003-yil, 2005-yil, 2010-yil, 2015-yilda sizning nomzodingizni deputatlar va senatorlardan qo‘llab-quvvatlashni iltimos qilib, mana shu yerda aytgan edilar. To‘rt marotaba xalq vakillari sizga ishonch berib, qo‘lladi. Bugun, afsuski, yurtboshimiz yo‘q. Lekin xalq vakillari — ham deputatlar, ham senatorlar sizdan bir narsani iltimos qilishyapti: yurtboshimiz boshlagan islohotlarni bardavom davomchi sifatida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti vakolatlarini vaqtincha bajarish vazifasini olishni iltimos qilishyapti. Agar shu vazifani olsangiz, men o‘ylaymanki, yurtboshimizning ham ruhlari shod bo‘lardi. Ular aytardilarki, “mening boshlagan ishlarim ishonchli qo‘llarga yetib borganiga”.., ishongan bo‘lardilar. Undan tashqari, aytardimki, shunday mas’uliyatli ishlarda Allohning o‘zi sizni qo‘llasin! Aziz avliyolarimizning ruhlari qo‘llasin!

Shavkat Miromonovich Mirziyoyev zimmasiga prezidentning vazifa va vakolatlarini vaqtincha yuklash to‘g‘risida bildirilgan taklifni qo‘llab-quvvatlashingizni iltimos qilaman.

O‘zLiDeP rahbari Sodiqjon Turdiyev.

Kadr: “O‘zbekiston” telekanali

Sodiqjon Turdiyev: Hurmatli qo‘shma majlis ishtirokchilari, aziz Vatandoshlar. Bugun O‘zbekiston xalqi barchamiz uchun birdek qadrli bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi birinchi prezidenti, mustaqilligimiz va milliy davlatchiligimiz asoschisi Islom Abdug‘aniyevich Karimovning vafotidan keyin chuqur qayg‘u bilan yashamoqda. Shubhasiz, O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning nomi qalblarimizda mangu yashaydi.

Hurmatli majlis ishtirokchilari! Kun tartibiga kiritilgan masalani muhokama qilishga kirishar ekanmiz, Oliy Majlis Senati raisi Yo‘ldoshev Nig‘matilla To‘lqinovichning taklifini mamlakatimiz manfaatidan kelib chiqib, chuqur o‘ylangan qaror deb qabul qilishimiz lozim. Hech kimga sir emaski, bugun jahondagi qaltis vaziyat, ayrim davlatlarda yuz berayotgan notinchliklar, iqtisodiy va ijtimoiy beqarorliklarni barchamiz ko‘rib, bilib turibmiz. Ana shunday bir paytda jonajon Vatanimizning mustaqillik yillarida erishilgan tinchlik-farovonligini, ilgari tasavvur ham qilish qiyin bo‘lgan beqiyos yutuqlarimizni ko‘z qorachig‘idek asrash va uning salmog‘ini yanada ko‘paytirishimiz uchun bugun juda katta salohiyatga ega bo‘lgan, har qanday sharoitda ham oqilona qarorlar qabul qila oladigan, davlat va xalq manfaatini har narsadan ustun qo‘yadigan yetakchini tanlab olishimizga ko‘p narsa bog‘liq.

O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning yo‘lboshchilarga xos fazilatlarga ega ekanligini hisobga olib, u kishining zimmasiga O‘zbekiston Respublikasi prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarishni vaqtincha yuklatishni bugungi kundagi eng to‘g‘ri yo‘l, deb hisoblaydi.

O‘zbekiston Ekologik harakati rahbari Boriy Alixonov.

Kadr: “O‘zbekiston” telekanali

Boriy Alixonov: Mana hozir Oliy Majlis Senati raisi Nig‘matilla To‘lqinovich Yo‘ldoshevning murojaatini va Senat Kengashining qarorini eshitdik. Va bu taklifni to‘g‘ri deb qabul qilamiz. Darhaqiqat, dunyoda kechayotgan shunday tahlikali davrda jonajon O‘zbekistonimizga rahbarlik qiluvchi uning mustaqilligini asrab-avaylovchi, tinchlik-osoyishtaligi, farovonligini ta’minlovchi, iqtisodiyotini, ijtimoiy hayotini barqaror rivojlanishiga boshchilik qiluvchi, tinchliksevar siyosatni olib boruvchi inson bo‘lishi darkor. Boz ustiga, har tomonlama chuqur bilim, keng fikrlash qobiliyati, katta hayot tajribasiga ega bo‘lgan, turli sinovlarda toblangan, talabchan va jonkuyar, javobgarlikni o‘z zimmasiga oladigan shaxs bo‘lishi lozim.

Mana shunday inson — Shavkat Miromonovich Mirziyoyev o‘zining shijoati, fidoyiligi, qat’iyligi, katta tajribasi bilan iste’dodli rahbar sifatida hammamizga tanilgan va xalqimiz o‘rtasida katta obro‘ qozongan. Bosh vazirimiz uchun katta-kichik masalaning o‘zi yo‘q. U qayerda bo‘lmasin, vujudga kelgan muammoning ikir-chikirlarigacha yetib borib, oxirigacha hal etib keladi. Shu jumladan, ziddiyatli bo‘lgan mintaqaviy ekologik muammolarni hal etishda, bu borada turli tahdid va xavflarning oldini olishda doimo bosh-qosh bo‘lib kelmoqda. So‘nggi yillarda hukumatimiz tomonidan atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasiga ajratilgan mablag‘lar miqdori yetti martaga o‘sdi. Chunonchi, o‘tgan yili Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan qiymati 4,2 milliard AQSh dollarini tashkil etadigan 500 dan ziyod loyihani qamrab olgan Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish, tiklash va Orolbo‘yi hududini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha majmuaviy dasturining jahonda andozasi yo‘q.

Biz O‘zbekiston Respublikasi prezidenti vazifasi va vakolatlarini vaqtincha bajarishni Shavkat Miromonovich Mirziyoyevga yuklatilishini to‘la qo‘llab-quvvatlaymiz.

Xalq demokratik partiyasi rahbari Hotamjon Ketmonov.

Kadr: “O‘zbekiston” telekanali

Hotamjon Ketmonov: Hurmatli majlis ishtirokchilari. Hozirgi vaziyatda bizning oldimizda muhim vazifa turibdi. U ham bo‘lsa, qanchadan qancha mashaqqat va qiyinchiliklar bilan qo‘lga kiritilgan mustaqilligimizni yanada mustahkamlash, huquqiy demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, taraqqiy topgan davlatlar qatoriga kirishga erishishdir. Tez sur’atlar bilan o‘zgarib borayotgan bugungi davr mamlakatimizni demokratik yangilash, modernizatsiya qilish, uning iqtisodiyoti raqobatbardoshligini oshirish yo‘lida boshlagan islohotlarimizni tizimli va izchil davom ettirishni talab etadi.

Shu nuqtai nazardan fraksiyamiz O‘zbekiston Respublikasi Senati raisining taklifi va Senat Kengashining O‘zbekiston Respublikasi prezidenti vazifa va vakolatlarini vaqtincha O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Shavkat Miromonovich Mirziyoyev zimmasiga yuklash to‘g‘risidagi qarorini oqilona yondashilgan, deb hisoblaydi. O‘tgan davr mobaynida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda, davlat dasturlarining, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan qabul qilingan qaror va farmonlarning o‘z vaqtida samarali ijrosini ta’minlashda Shavkat Miromonovichning o‘zlari bosh-qosh bo‘lib turganliklarini bugungi kunda hammamiz yaxshi bilamiz.

U kishi har bir masalaga o‘ta mas’uliyat bilan qaraydigan, talabchan, fidoyi rahbar sifatida tanilgan. Shuni alohida ta’kidlashni xohlar edimki, Shavkat Miromonovich boshchiligida hukumat tomonidan ijtimoiy sohaga, bu soha oldida turgan muammolarni o‘z vaqtida yechishga, ayniqsa, ijtimoiy yordamga muhtoj bo‘lgan aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga birinchi galdagi vazifalardan deb qarab kelinmoqda. Buni bizning joylardagi elektoratlarimiz doimiy e’tirof etib keladi. Barcha yo‘nalishlarda hukumatimiz tomonidan amalga oshirilgan va davom ettirilayotgan islohotlar o‘z natijasini berayotganiga bugun barchamiz guvohi bo‘lib turibmiz.

Shu bois O‘zbekiston Respublikasi prezidenti vazifa va vakolatlarini vaqtincha O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Shavkat Miromonovich Mirziyoyev zimmasiga yuklatilishini O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi qo‘llab-quvvatlaydi va sizlarni ham ma’qullab, ovoz berishga chaqiradi.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi yetakchisi Sarvar Otamurotov.

Kadr: “O‘zbekiston” telekanali

Sarvar Otamurotov: Kun tartibidagi masala yuzasidan, partiyamizning dasturi nuqtai nazaridan ba’zi fikr-mulohazalarni aytmoqchiman.

O‘zbekiston Respublikasi qonunlarini, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti qaror va farmonlarini samarali amalga oshirishda ijro hokimiyatining hissasi juda katta. Xususan, mamlakatimiz hududida joylashgan 7345 ta moddiy-madaniy meros obyektlarini asrab-avaylashda, Samarqand, Xiva, Buxoro, Toshkent va boshqa qadimiy shaharlarimizni yubileylarini YuNESKO shafeligida xalqaro miqyosda nishonlashda, nomoddiy meros obyektlarini muhofaza qilishda, saqlash va targ‘ib qilishda hukumatimizning, bosh vazir Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning hissasi beqiyos. Joylarga chiqqanda, amalga oshirilgan ishlarni ko‘rganda elektoratimiz vakillari bilan uchrashganda bunga guvoh bo‘lyapmiz.

Shu bilan birga, global ahamiyatga ega bo‘lgan oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalasi ham Vazirlar Mahkamasi va bosh vazirimizning doimo diqqat-e’tiborida bo‘lib kelmoqda. Dunyo bozorlarida narxlar beqarorligiga qaramasdan, ko‘pgina chet davlatlarda doimiy tarzda aksariyat mahsulotlarga narxlar o‘sib borishi holatida bozorlarimizda oziq-ovqat mahsulotlarining narxlari barqaror saqlanib turibdi. Va bu ishlarni tashkil etayotgan bosh vazirimizning faoliyati aholimiz tomonidan alohida e’tirof etilmoqda.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, bildirilgan fikrlarga qo‘shilgan holda, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi Senat raisi taklifini qo‘llab-quvvatlaydi va hurmatli deputatlar va senatorlar, sizlarni fraksiyamiz nomidan ushbu taklifni ma’qullab, ovoz berishga chaqiramiz.

“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi rahbari Narimon Umarov.

Kadr: “O‘zbekiston” telekanali

Narimon Umarov: Barchamizga ma’lumki, mamlakatimiz rivojlanishining asosiy yo‘nalishlari prezidentimizning farmonlari, qarorlari hamda ko‘rsatmalari asosida belgilanadigan bo‘lsa, ularni bevosita hayotga samarali tatbiq etishda bosh vazirimiz Shavkat Miromonovichning o‘rni naqadar beqiyos ekanligini barchamiz yaxshi anglaymiz.

Men shaxsan o‘zim Shavkat Miromonovichni ko‘p yillardan beri yaqindan bilaman. U kishini turli lavozimlarda ishlash davrlarida kuzatganman, bevosita u kishining rahbarliklarida faoliyat ham yuritganman. Shavkat Miromonovich har qanday vaziyatda ham adolatli, to‘g‘ri qaror qabul qilish xususiyatiga ega rahbardirlar.

Shundan kelib chiqqan holda, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari O‘zbekiston Respublikasi prezidenti vazifasi va vakolatlarini vaqtincha bajarishni Shavkat Miromonovich Mirziyoyevga zimmasiga yuklash taklifini qo‘llab-quvvatlaydi va barchangizni shunday qaror qabul qilishga da’vat etadi.

Senator Sodiq Safoyev.

Kadr: “O‘zbekiston” telekanali

Sodiq Safoyev: Mustaqil taraqqiyot yillarida yaratilgan mustahkam davlat boshqaruvi, demokratik institutlar va milliy qonunchilikning puxta tizimi kelajakka komil ishonch bilan qarashga bizga imkon bermoqda. Barchamiz va har birimizning muqaddas burchimiz — O‘zbekistondagi tinchlik, barqarorlik va osoyishtalikni saqlash, taraqqiy topgan jamiyat qurish yo‘lidagi harakatimizni dadil, uzluksiz davom ettirishdir. Bu birinchi navbatda davlatimiz va jamiyatimiz rivojida davomiylikni ta’minlashi lozim.

Barchamiz tushunamizki, oldimizda turgan kechiktirib bo‘lmaydigan masala — davlat rahbari vazifa va vakolatlarini yuklatishdir. Bu nihoyatda katta mas’uliyat. Har tomonlama o‘ylangan, ko‘r-ko‘rona rasmiyatchilik asnosida emas, balki to‘laqonli siyosiy yondashuvni talab qiladi. Bugungi o‘ta murakkab xalqaro sharoitda jahonda va atrof tevaragimizda ahvol nihoyatda qaltis bo‘lib, vaziyat tobora keskinlashib, ziddiyatlar avj olayotgan bir vaqtda, aminmanki, prezidentimiz vakolatlari har sohada, shu jumladan, tashqi siyosat va tashqi iqtisodiy aloqalar bobida chuqur bilim va amaliy tajribaga ega bo‘lgan, xalqaro munosabatlarni har tomonlama anglagan va O‘zbekistonga hamkor bo‘lgan davlatlar rahbarlari orasida obro‘ga ega bo‘lgan shaxs zimmasiga yuklatilishi kerak. Buni davrning o‘zi talab qiladi. Bu xalqimiz taqdiri oldidagi yuksak mas’uliyatimizni anglatadi.

Shundan kelib chiqqan holda, davlatimiz prezidenti vazifasi va vakolatlarini yuqorida qayd etilgan barcha fazilatlarga ega bo‘lgan, mustaqillikning birinchi kunlaridanoq prezidentimiz Islom Karimovga yonma-yon yelkadosh bo‘lib, turli darajadagi hokimiyat idoralarida ishlab kelgan Islom aka Karimovning sodiq shogirdi, O‘zbekiston Respublikasining bosh vaziri Shavkat Miromonovich Mirziyoyevga vaqtincha yuklanishi yagona to‘g‘ri qaror bo‘ladi. Shavkat Miromonovichni butun xalqimiz taniydi. Uning fazilatlarini har bir fuqaro biladi, desam hech mubolag‘a bo‘lmaydi. Mamlakatning barcha qatlamlari — ziyolilar, ishchilar, o‘quvchilar, dehqonlar orasidan, barcha hududlarda, eng uzoq tumanlarda Shavkat Miromonovich o‘zining jo‘shqin g‘ayrati, shijoati, vatanparvarligi, milliy qadriyatlarimiz va e’tiqodimizga samimiy, dilidan, yuragidan sadoqatliligi evaziga katta hurmat va el-yurt ehtiromiga asosli ravishda sazovor bo‘ldi.

Men shuni aytmoqchimanki, bu kishiga genetik, qon-qoniga singib ketgan — namoyishkorona emas — samimiy mardlik xos va buni sezmay bo‘lmaydi. Men o‘zimning shaxsiy tajribamdan kelib chiqqan holda shuni qayd etmoqchimanki, Shavkat Miromonovichni uzoqdagi va yaqin qo‘shni davlatlar orasida chinakam xalqaro obro‘ qozongan, tajribali, yirik arbob sifatida e’tirof etilgan. U eng katta xorijiy davlat va hukumat rahbarlari bilan, eng nufuzli iqtisodiy tuzilmalar bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda — biz buni ko‘p marotaba ko‘rganmiz — Vatanimiz milliy manfaatlarini ilgari surish, kerak bo‘lgan paytda qat’iyatlik bilan himoya qilish qobiliyati namoyon bo‘lganiga guvohi bo‘lganmiz.

Hurmatli do‘stlar, bir narsani qayd etishni o‘zimning insoniy burchim deb bilaman. O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom aka Karimov bilan vidolashuvning og‘ir, qayg‘uli kunlarida xalqimizni yanada jipslashtirishda, barchamizning bir tanu bir jon bo‘lib, Vatanimizning buyuk farzandiga oxirgi ehtiromni bekamu ko‘st bildirishni tashkil qilishda yana bir bor Shavkat Miromonovichning nafaqat katta tashkilotchilik iqtidori sohibi ekanligi, balki o‘z ustoziga o‘z otasidek chin dildan qayg‘urib xizmat qilganligini, uning chinakam insoniy munosabatini ko‘rdik. Buni xalqimiz, hammamiz qadrlamay, e’zozlamay iloji yo‘q.

Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Musa Yerniyazov.

Kadr: “O‘zbekiston” telekanali

Musa Yerniyazov: Muhtaram prezidentimiz Islom Abdug‘aniyevich Karimov O‘zbekistondek go‘zal mamlakatimizning asoschisidir. Bu inson mamlakatni barpo etib, rivojlangan davlatlar qatoriga olib chiqdilar. Iqtisodiyotda bo‘ladimi, ijtimoiy-madaniy sohada bo‘ladimi, yurtboshimiz rahbarligida 25 yilda amalga oshirilgan ishlarning salmog‘i 100 yillarga tatiydi.

Musa Yerniyazov so‘zga chiqqan vaqtda tabloda berilgan e’lon. Soat 12:14.

Kadr: “O‘zbekiston” telekanali

Hurmatli majlis qatnashuvchilari. Qoraqalpog‘iston xalqi Shavkat Miromonovichni juda yaxshi biladi. Nega deganda, Qoraqalpog‘istonda Shavkat Miromonovich kirib bormagan birorta ovul, birorta qishloq yo‘q. Uni bilmaydigan, tanimaydigan fermer ham, dehqon ham yo‘q. Qoraqalpog‘istonning barcha sohalardagi muammolarini hal qilib, shahar va ovullarimizning chiroy ochishida, xalqimiz dasturxoni to‘kin bo‘lishida o‘zining katta hissasini qo‘shib kelayotganini Qoraqalpog‘iston xalqi yuqori baholaydi.

Yaxshi bilamizki, har qanday qaror ijrosi bilan qadrli. Shavkat Miromonovichning Vatan oldidagi xizmatlari shundan iboratki, bu inson prezidentimiz tomonidan imzolangan har bir hujjat ijrosi o‘z vaqtida to‘liq ta’minlanishi uchun kuyib-yonib ishlamoqda va bizdan ham shuni talab qilmoqda. Shu bois men barcha deputatlardan va Senat a’zolaridan O‘zbekiston Respublikasi prezidenti vakolatini vaqtincha bajarishni O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Shavkat Miromonovich Mirziyoyevga vaqtincha yuklash to‘g‘risidagi taklifni qo‘llab-quvvatlashni iltimos qilardim.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti Shavkat Solihov.

Kadr: “O‘zbekiston” telekanali

Shavkat Solihov: XXI asr va keyingi asrlar — ilm va texnologiyalar asri. Buni Islom Abdug‘aniyevich juda chuqur bilardilar. 1992-yili, o‘sha og‘ir vaqtda 1,5 million dollar berilgan, 300 million so‘m berilgan, yangi institut — Genetika instituti barpo qilingan. Gen muhandisligi bo‘yicha ishlarni boshlanglar, deb masalani qo‘yganlar. Islom Abdug‘aniyevich gapirganlaridan keyin, Shavkat Miromonovich shuni tepasida turib, ro‘yobga chiqaradigan odamlardan bittasi edilar.

Gen muhandisligida biz gen-nokaut texnologiyasini qo‘llab, paxta texnologiyasini yaratdik. Bu narsa dunyo bo‘yicha birinchi marta qilindi. Hozir bu 140 davlatda patentlangan. Agar Shavkat Miromonovich o‘shanda aralashmasa, shu narsalar hech qachon bo‘lmas edi. Bu narsalarni nihoyatda sezish kerak, bilish kerak. Bu fazilatlarning hammasi Shavkat Miromonovichda bor.

Shavkat Miromonovichda juda ham ajoyib fazilatlar bor. Men o‘ylaymanki, agar biz bir ovozdan, men sizlardan iltimos qilardim, prezidentning vakolatlari vaqtincha beriladigan bo‘lsa, bu juda ham to‘g‘ri bo‘ladi.

Samarqand viloyati hokimi Zoir Mirzayev.

Kadr: “O‘zbekiston” telekanali

Zoir Mirzayev: Hurmatli bosh vazirimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning biz Samarqand xalqi juda ham yaxshi eslaydi. 2001-yilda og‘ir ahvolda qolgan viloyatni qanday qilib rivojlanish yo‘liga qo‘yganliklari, qanday qilib viloyat xalqini uyg‘otganliklarini haligacha Samarqandning butun xalqi eslaydi.

Albatta, O‘zbekistonning o‘tgan davrdagi olib borgan bunyodkorlik ishlari haqida mendan avval so‘zga chiqqanlar ham ko‘plab misollarni keltirishdi. Gap bunyodkorlik ishlari, qurilishlar, obodonlashtirish ishlari to‘g‘risida ketarkan, buni joyiga borib nazorat qilish, har bir obyektni muddatida sifatli qilib topshirishda hurmatli bosh vazirimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning sa’y-harakatlari borligini bu yerda izohlab, alohida ta’riflab o‘tirishning hojati yo‘q, deb o‘ylayman.

Butun dunyoda ro‘y berayotgan notinchlik, xunrezlik, aholi noroziligining tagida, birinchi navbatda, siyosatchilarning tahlili shunday bo‘lyaptiki, rahbariyatning pastdagi holatdan xabardor emasligi, aholining dardini eshitmasligi yotadi, asosan. Mana shu nuqtai nazardan ham Shavkat Miromonovich ikkinchi yo‘nalishni aytadilar: “Biz, ijro organi, kabinetda mebelga qorovullik qiladigan mansabdor emasmiz, biz xalqning xizmatkorimiz, pastga tushinglar, rahbarlar”, degan narsani aytadi. Va bu narsani oddiy so‘z bilan emas, yuraklaridan chiqarib, pastdagi xalqning ahvolini haqiqatda bilgan, ko‘zi bilan ko‘rgan, o‘sha bilan yashayotgan fidoiy rahbar sifatida bizga uqtiradilar. Shavkat Miromonovich 27 yil muhtaram yurtboshimizning yonlarida yelkama-yelka yurib, mana shu narsani to‘laqonli uddaladilar va bu narsaga biz guvohmiz.

Hozir Nig‘matilla To‘lqinovich o‘rinli taklifni o‘rtaga tashladilar. Eng to‘g‘ri taklif, deb o‘ylayman. Haqiqatan ham bugungi kunda xalqimizni, davlatimizni ulug‘ prezidentimiz Islom Abdug‘aniyevich Karimov yaratib bergan to‘g‘ri yo‘ldan hech qanday uzilishlarsiz boshlab boradigan insonni men faqat Shavkat Miromonovich timsollarida ko‘ryapman.

“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati rahbari Bahodir G‘aniyev.

Kadr: “O‘zbekiston” telekanali

Bahodir G‘aniyev: Har yili 1 millionga yaqin ish joylarini yaratish, 500 mingga yaqin kollej bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash dasturlari hukumat rahbarining e’tiborlari markazida bo‘lgan. O‘sha dasturlarning haqqoniyligini ta’minlash maqsadida to‘rt tomonlama shartnomalarni tashkil qilishni joriy qilish, dunyoda tajriba bo‘lmagan 19-20 yashar bolalarga, kollej bitiruvchilariga tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun kreditni ishonib berish, bundan tashqari, olti oy davomida soliqdan ozod qilish kabi tashabbuslarni Vazirlar Mahkamasida qabul qilib, joriy etganlar.

O‘tgan yillar davomida uyushmagan yoshlar bilan ishlashga ham juda katta e’tibor berib kelganlar. Uyushmagan yoshlarni qamrab olish, ularning turli noma’qul yo‘llarga kirib ketishining oldini olish maqsadida, ham bizning “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatini ular bilan ishlashga hamda mahalla fuqarolar yig‘inlari qoshidagi Voyaga yetmagan, yoshlar va sport masalalari bo‘yicha komissiyalarni ham jonlantirdilar. Hukumat rahbari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2014-yilning 6-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga doir davlat siyosatini amalga oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ham hamda ushbu qarorda 1-band bo‘lib turgan “O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonuni ham tashabbus qilib kiritilgan edi.

Ushbu qarordan keyin har yili mamlakatimizda yoshlarni komil inson qilib tarbiyalashga qaratilgan 100 ga yaqin yirik tanlovlar, loyihalar va chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Qonunni gapiradigan bo‘lsak, yaqindagina Qonunchilik palatasi deputatlari bilan shu zalda, bundan so‘ng 24-avgust kuni Senatning yig‘ilishida ushbu qonun ma’qullandi. E’tiborga molik tomoni shundan iboratki, ushbu qonunning ishlab chiqilishida hurmatli bosh vazirimiz o‘zlari shaxsan ishtirok etganlar va Vazirlar Mahkamasida bir necha marta muhokama bo‘lgan va butun respublikadan yig‘ilgan yoshlarning takliflarini biz ularga taqdim qilganmiz, o‘zlari ham ko‘plab takliflarini berganlar. Hurmatli bosh vazirimizning eshiklari har doim yoshlar tashkilotimizga ochiq bo‘lgan va ular doim mehnat faoliyatlari davomida yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlab kelganlar.

Hammamizga ma’lum, Jizzax viloyatiga hokimlik vaqtlarida respublikada birinchi bo‘lib yoshlarning yirik markazini, byudjetda mablag‘ yetarli bo‘lmagan, taqchillik bo‘lgan, hashar yo‘li bilan birinchi yoshlar markazini tashkil qilganlar. Bosh vazir etib tayinlanganlaridan so‘ng, butun mamlakat bo‘ylab shinam, zamonaviy yoshlar markazlarini barpo qilish jarayoniga o‘zlariga boshchilik qilib kelyaptilar. Ularning tashabbuslari bilan Andijon va Namangan viloyatlarida Yoshlar bog‘lari, Urganch shahrida Yoshlar ko‘li, O‘zbekistonning eng olis hududlaridan biri — Surxondaryoning Termiz shahrida zamonaviy 3D-kinoteatr tashkil qilingan. Bugun o‘sha 3D-kinoteatrga har oy 4 mingga yaqin yoshlarimiz tashrif buyurishmoqda. O‘sha Yoshlar markazida tashkil etilgan 20 ga yaqin to‘garaklarda bir vaqtning o‘zida 300 dan ziyod yoshlarimiz bilim va ko‘nikmalarini shakllantirmoqda.

Yana bir misol keltirmoqchiman — 2014-yil yanvar oyida yoshlar siyosatiga bag‘ishlangan selektor bo‘lgandi. Shu selektorda Shavkat Miromonovich bir g‘oya bergandilar — yoshlarimiz uchun oldindan badal to‘lovisiz imtiyozli kredit evaziga bitta oyligi bilan to‘lab bora oladigan uylar barpo etamiz, degan g‘oyani oldinga surgandilar. Biz 2014-yili bu loyiha ancha vaqt talab qiladi, ikki-uch yilda bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandik. 2014-yilning o‘zida birinchi 50 ta uy topshirilgan. Bugungi qadar 4 mingga yaqin yosh oilalar, iqtidorli, ijtimoiy faol yosh oilalar shunday uylarga ko‘chib kirishga muvaffaq bo‘ldi. Bu albatta barcha yoshlarimizni yuqori marralarni zabt etishga, cho‘qqilarni qo‘lga kiritishga, o‘z sohasida yuksak natijalarni qo‘lga kiritishga undash bilan bir vaqtda, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining yoshlar tashkiloti sifatida nufuzini oshirishga ham juda katta xizmat qildi.

Toshkent shahar hokimi Rahmonbek Usmonov.

Kadr: “O‘zbekiston” telekanali

Rahmonbek Usmonov: Hurmatli yig‘ilish qatnashchilari. Hozir O‘zbekiston prezidenti vakolatlarini vaqtincha bajarish vazifasini Shavkat Miromonovich Mirziyoyevga yuklash to‘g‘risida taklif kiritildi. Bu o‘z vaqtida kiritilgan juda to‘g‘ri taklif va men bu taklifni to‘la qo‘llab-quvvatlayman.

O‘zingiz ham guvohsiz, bozorlarimizdagi ahvol oldinlari qanaqa edi? Kuz bilan bahordagi bozor keskin farq qilardi. Bahor payti bozorlarimizning yarmi bo‘m-bo‘sh bo‘lardi. Bahor payti narx-navo uch-to‘rt, ba’zi mahsulotlarniki besh barobar oshib ketardi. Hozir ahvolni o‘zingiz ko‘ryapsiz — hozir qaysi paytda kirishingizdan qat’i nazar, yoz bo‘ladimi, qish bo‘ladimi, bahor bo‘ladimi, mahsulotlarning mo‘l-ko‘lligi, ularning turi, eng muhimi, narxi bo‘yicha hech qachon bir-biridan keskin farq qilmayapti. Buning asosiy sababi, o‘ylashimcha, hurmatli Shavkat Miromonovichning fermerlar ishini to‘g‘ri tashkil qilib, shuni qo‘llab-quvvatlashlari bo‘lsa, ikkinchisi, nafaqat viloyatlarda, Toshkent shahrida ham, respublikamizda ham ko‘p sig‘imli sovutkichli omborxonalar qurilishi natijasi, deb o‘ylayman. Oxirgi paytda, uch yilda Toshkent shahrida go‘shtning narxi o‘zgargani yo‘q, hurmatli deputatlar, senatorlar. Hozir kartoshka va piyozning narxi 2012-yilda qanday bo‘lgan bo‘lsa, hozir ham o‘sha narx turibdi.

Tag‘in bir soha, shahardagi eng muhim, xalqning kayfiyatiga ta’sir qiladigan soha deb o‘ylayman — kommunal soha. Esingizda bo‘lsa, mustaqillik davri endi boshlangan paytda va undan keyingi davrlarda tizimimiz yo‘q edi. Ko‘pgina shaharlarimizda, uyat bo‘lsa ham aytamiz, uylarimizning tomlari oqib yotardi, podyezdlariga qaralmas edi, is bosib yotardi, yerto‘lalar suv bo‘lardi. Mana o‘sha narsalarning hammasini bosqichma-bosqich, shoshmasdan, hamma kamchiliklarini bir sidra, sekin-sekin, o‘zlari bosh bo‘lib, kamaytirib kelinmoqda. Uzoqqa bormaylik, bu yerda o‘tirganlarning ko‘pchiligi ko‘p qavatli uylarda turasiz — o‘z uylaringiz misolida mana shu bo‘layotgan ishlarga guvohi bo‘lishingiz mumkin. Prezidentimizning yo‘l-yo‘riqlari, Shavkat Miromonovichning tashkilotchiliklari evaziga Toshkent shahri tubdan o‘zgartirib yuborildi. Bugungi kunda Toshkent dunyoda yashash eng qulay, eng zo‘r maskanlardan biriga aylandi.

Yuqoridagilarni inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti vakolatini vaqtincha bajarishni Shavkat Miromonovich Mirziyoyevga yuklash to‘g‘risidagi taklifni qo‘llab-quvvatlashingizni so‘rayman.

Bo‘ka tumanidagi “Yoqutxon Said” fermer xo‘jaligi raisi Saidislom Saydullayev.

Kadr: “O‘zbekiston” telekanali

Saidislom Saydullayev: Biz, butun xalqimiz kabi, fermerlar ham elim deb, yurtim deb yonib yashashni, muqaddas Vatanimizni sevishni muhtaram yurtboshimiz Islom Abdug‘aniyevich Karimovdan o‘rganganmiz. Yurtimizda fermerlar harakatini keng yo‘lga qo‘yish, qishloqda mulkdorlar, fermerlar sinfini tashkil etish borasida, yerni haqiqiy egasiga topshirish yo‘lida jonbozligini hech qachon unutmaymiz.

2012-yili O‘zbekiston Respublikasida fermerlik harakatini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi muhtaram yurtboshimizning PF-4478 farmonlarini amalga tatbiq etish maqsadida hukumat rahbari Shavkat Miromonovich Mirziyoyev respublikamizning barcha hududlaridagi fermerlar bilan Toshkentdagi “Turkiston” saroyida uch kun suhbatlashdilar. Bugungi fermerlik harakatini yanada tubdan o‘zgartirish, uni haqiqiy ma’noda ko‘p tarmoqli qilish, endi faqat g‘allachilik, paxtachilik yo‘nalishida emas, shular qatorida chorvachilikni, bog‘dorchilikni, asalarichilikni va aholiga servis xizmati ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yib, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligiga aylantirishga o‘zlarining ulkan xizmatlarini qo‘shdilar.

Men qishloq xo‘jaligi sohasi vakili, mulkdor tadbirkor fermer sifatida muhtaram deputatlarimiz va senatorlarimizdan mana shu qarorni qo‘llab-quvvatlab berishlaringizga da’vat qilaman.

Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov.

Kadr: “O‘zbekiston” telekanali

Shuhratbek Abdurahmonov: Men o‘z prezidentiga, xalqiga, Vataniga fidoiylikni Shavkat Miromonovichda ko‘raman. Bu fidoiylik prezidentga, xalqqa, Vatanga bo‘lgan cheksiz muhabbatdan deb bilaman. Hurmatli majlis qatnashchilari, ruxsatingiz bilan, Shavkat Miromonovichning qilgan ishlaridan minglab misollar keltirish mumkin, uchta misolni aytib o‘tmoqchiman.

Birinchisi, 2000-yillarda muhtaram yurtboshimizning fermerlik harakati bo‘yicha g‘oyalarini Andijon viloyatidagi ayrim rahbarlar paysalga solib turgan bir paytda, 2003-yili bosh vazir bo‘lib kelganidan keyin qat’iyat bilan fermerlik harakatini Andijon viloyatida amalga oshirib, mana bugun qanday natijalarga erishayotganini hammamiz ko‘rib, bilib-turibmiz.

Ikkinchisi, hukumatimizning davlatimiz sarhadlarini mustahkamlash, chegaralarimiz mustahkamligini ta’minlash bo‘yicha olib borayotgan ishlarini hammamiz yaxshi bilamiz. Shavkat Miromonovichning 2014-yilda chegara hududlarimizda 16 kilometr Qoradaryosini suv yuvib ketgan. 150 mingdan ortiq aholiga xavf solib turgan hududda o‘zi shaxsan borib, salkam 11 kilometr joyni piyoda xonadonma-xonadon yurib, dambani 28 kunda qayta tiklab, aholimizni xavfsiz hududlarga ko‘chirishda qilgan mehnatini andijonliklar qahramonlik deb baholashadi.

Bundan tashqari, o‘tgan yili kuzda bosh vazirimiz Andijonga borganlarida viloyat markazining Eski shahar qismini birma-bir ko‘zdan kechirib, natijada Eski shaharda ikkita zamonaviy ko‘cha — ya’ni, Mustaqillik shoh ko‘chasi va Yoshlar shoh ko‘chasini tashkil etish bo‘yicha bergan topshiriqlarini o‘zi shaxsan nazoratiga olib, barcha muammolarni hal qilib, bugun Andijondagi Eski shaharga borgan aholimiz o‘tgan yilgi, bir yil davomida qilingan ishlarni taniyolmaydi. Bu ko‘chalarda ko‘plab ko‘p qavatli uylar, “Kamolot” uylari hamda zamonaviy kommunikatsiyaga ega bo‘lgan juda chiroyli ko‘chalar barpo etilib, Andijon shahar ahli juda minnatdor.

Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Barcha deputatlar, senatorlarni O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Shavkat Miromonovichga O‘zbekiston Respublikasi prezidenti vakolatlarini vaqtincha bajarishni yuklash to‘g‘risidagi taklifni to‘la qo‘llab-quvvatlashga da’vat etaman.

O‘zbekiston bosh vaziri birinchi o‘rinbosari — moliya vaziri Rustam Azimov.

Kadr: “O‘zbekiston” telekanali

Rustam Azimov: Hurmatli rais, hurmatli Senat a’zolari, hurmatli deputatlar. Bugun og‘ir kunlarda turibmiz. Kuni kecha muhtaram yurtboshimizdan judo bo‘ldik va butun xalqimizga juda katta, og‘ir musibat keltirdi. Albatta, Islom Abdug‘aniyevich to‘g‘risida ko‘p gapirildi va hali ko‘p gapiramiz. Bu inson O‘zbekistonni eng og‘ir davrida boshqarib, O‘zbekistonni eng xonavayron bo‘lgan respublikadan rivojlangan, tinch-totuv, barqaror, xalqi baxtli hayot kechiradigan davlatga aylantirdilar.

Lekin afsuski bugun Islom Abdug‘aniyevich bizni tark etdilar va hozir butun xalqimiz, 32 million qayg‘urgan xalqimiz katta savol beryapti — nima bo‘ladi ertaga? Davlatimiz qayerga boradi? Muhtaram prezidentimiz yaratgan zaminni davomi qanday bo‘ladi, degan savolga shu kunlarda, avvalambor, senatorlar, deputatlar, hukumat a’zolari — javob topishimiz kerak.

Shu nuqtai nazardan qaraganda bugun Senatimiz raisi Nig‘matilla To‘lqinovich Yo‘ldoshevning hamda Senat Kengashining taklifini, o‘ylaymanki, davlatchiligimizning rivojlanishi, eng yuqori pog‘onaga chiqishining dalolati bo‘ladi. Chunki ular nafaqat rasmiy nuqtai nazardan, balki chuqur anglagan tarzda, hozirgi og‘ir, tahlikali davrda 32 millionli xalqning taqdirini o‘ylagan tarzda shu taklif bilan chiqishdi. Va, o‘ylaymizki, hammamiz shu taklif bilan chiqishgani uchun, avvalambor, Senat a’zolariga, Yo‘ldoshev Nig‘matilla akaga minnatdorchiligimizni bildirishimiz kerak.

Hozir taklif bo‘ldiki, Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning zimmalariga O‘zbekiston davlatining prezidentlik vakolatini hamda vazifalarini yuklatish. O‘ylaymanki, hozirgi davrda bu eng muhim va yakka-yu yagona to‘g‘ri taklif bo‘ladi va buni mendan oldin so‘zga chiqqanlar to‘liq tasdiqlab berdi. Shavkat Miromonovichning ko‘p fazilatlari bor, ko‘p hislatlari bor. Lekin ko‘p fazilatlarining ichida birinchisi nima deb so‘rasangiz, men o‘ylaymanki, birinchi fazilatlari — Vatanni sevish fazilati.

Davlatning rahbari har bir masalani — bizga buni yurtboshimiz Islom Abdug‘aniyevich o‘rgatganlar — tagiga yetib, keyin aniq qaror berish juda muhim va shu nuqtai nazardan Shavkat Miromonovichni, mana, ko‘p odamlar so‘zga chiqdi, qishloq xo‘jaligi bo‘ladimi, fan bo‘ladimi, sanoat bo‘ladimi, ta’lim tizimi, tibbiyot tizimi, har bir sohaning ichiga, tagiga yetib, uni chuqur bilib, anglab o‘zlarining yondashuvlarini belgilab, keyin qaror beradilar.

Uchinchisi, bu ishchanlik. Hukumat a’zosi sifatida aytishim mumkin, kechasi soat 2:00 da ham telefon qiladilar, topshiriqlar berib. Ertalab biz ishga kelganda, savollar bo‘ladi, “ulab beringlar” deb so‘raganimizda, “yo‘q” deyishadi — ertalab soat 6:00 dan selektor o‘tkazyaptilar. Kechasi 2:00 da topshiriq, ertalab soat 6:00 dan qishloq xo‘jaligi yoki boshqa masalalar bo‘yicha selektor o‘tkazadilar. Bunaqangi ishchanlikni nafaqat bizning davlatimizda, balki dunyoda ham kamdan-kam ko‘rish mumkin.

Va eng muhimi, men o‘ylaymanki, har bitta qarorlarida Shavkat Miromonovich birinchi galda oddiy odamlarning manfaatlarini o‘ylaydilar. Oddiy odamlarning manfaati qay darajada bajarilyapti? Qog‘ozda emas, chiroyli shiorlarda emas, amalda. Aytmoqchimanki, Shavkat Miromonovich yurtboshimizning haqiqiy, sodiq shogirdi bo‘lganlar va bo‘lib qolyaptilar. Shavkat Miromonovich yurtboshimizning siyosiy farzandi deb aytsak, menimcha, to‘g‘ri bo‘ladi. Shavkat Miromonovich yurtboshimizning siyosiy merosxo‘ri deb aytsak ham, to‘g‘ri bo‘ladi.

Shuning uchun men hukumat vakili sifatida, ijro hokimiyati vakili sifatida hurmatli senatorlarni va deputatlarni Shavkat Miromonovich Mirziyoyev zimmalariga O‘zbekiston Respublikasi prezidenti vazifasi va vakolatlarini yuklatishga da’vat qilaman va shu uchun sizlarni ovoz berishga iltimos qilaman. Rahmat.

O‘zbekiston xalq shoiri, senator Iqbol Mirzo.

Kadr: “O‘zbekiston” telekanali

Iqbol Mirzo: Shavkat Miromonovich bevosita yurtboshimizning tarbiyalarini olib, ularning boshqaruv san’ati dorilfununi bitkazgan yetuk rahbar, yetuk nomzod deb aytishga bemalol haqimiz bor.

Ko‘pchilik Shavkat Miromonovichni bilganlar gohida so‘rashadiki, bu kishi shuncha energiyani, shuncha kuch-qudratni, shuncha kuchni qayerdan oladilar, hech tinib-tinchimaydilar. Men o‘ylaymanki, Shavkat Miromonovich bu kuch-qudratni Vatanga bo‘lgan muhabbatdan, xalqqa bo‘lgan muhabbatdan, prezidentga bo‘lgan sadoqatidan, istiqlolga, yurtimiz kelajagiga bo‘lgan ishonchidan olganlar. O‘tgan yili, esingizda bo‘lsa, xuddi mana shu minbardan turib, Shavkat Miromonovich muhtaram yurtboshimizga qarab, “Biz Vatanni sevishni sizdan o‘rganganmiz, Islom Abdug‘aniyevich!” degan gapni aytgan edingiz. Haqiqatan ham, muhtaram yurtboshimizning munosib shogirdi sifatida Shavkat Miromonovichni biz yaxshi bilamiz.

20 yillar oldin Zominda siz tashkil qilgan yosh ijodkorlar seminarida qatnashganmiz, biz o‘zimiz ham shu seminardan juda katta kuch olganmiz, juda katta ilhom olganmiz. Keyin mana shu ijodkorlarga bergan e’tiboringizni, mehringizni ko‘rib turib, aytamanki — avvalboshdan boshlanib kelgan bu e’tibor, deyman. Bizning ustozlarimiz ham, oqsoqol shoirlarimiz ham, adiblarimiz ham aytishardiki, siz haqingizda adabiyotni, san’atni tushunadigan, uni qadrlaydigan, ma’naviyati butun rahbar deb gapirishardi. Do‘rmon ijodiy uyi qanday ahvolga kelib qolgandi, uni chiroyli qilib, odamlarning havasi keladigan daraja ta’mirlanishiga bosh bo‘ldingiz. “Ijod” fondini tuzib, uning faoliyatini yo‘lga qo‘yishda jonbozlik qildingiz.

Shavkat Miromonovich uzoq yillar yurtboshimizning yonida faoliyat olib borib, u kishining rejalarini, orzularini, kerak bo‘lsa, armonlarini ham yaxshi biladilar. Va mana shu armonlari, orzularini ham qanday qilib ushaltirish mumkinligini ham bu kishidan yaxshi biladigan odam yo‘q.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati rahbari Aleksandr Farmonov.

Kadr: “O‘zbekiston” telekanali

Aleksandr Farmonov: U istalgan ishlab chiqarishni juda nozik tushunadi va masalalarni zudlik bilan hal qiladi. Bugun buni tasdiqlovchi faktlar, katta natijalar bor. Jahonda davom etayotgan uzoq muddatli inqirozga qaramay, har yili respublikamiz har holda ishlab chiqarishda, umuman olganda, yalpi ichki mahsulot hajmi bo‘yicha ham kamida 8 foizlik o‘sishni qayd etmoqda. Bu juda katta natija, bunday natijaga ega davlatlar barmoq bilan sanoqli. Hozir ko‘plab mamlakatlarda retsessiya kuzatilmoqda.

Men Shavkat Miromonovichni taxminan 1980-yillardan beri bilaman. Biz u vaqtlarda hali O‘zbekiston Oliy Kengashi deputatlari edik. U o‘shanda Mandat komissiyasi raisi edi. Yosh, kuch-quvvatga to‘la edi, umuman olganda, u hozir ham shunday — bu masalada u o‘zgarmaydi. O‘shanda u mamlakatimiz mustaqilligi uchun harakat qilgan eng faol deputatlardan biri edi. Vaholanki, u vaqtlarda ikkilanuvchilar ham ko‘p edi — men unaqalarni “kulrang odamlar” deyman, ular na bizniki, na ularniki. Undan ko‘ra yo oq bo‘l, yo qora, lekin ular mana shunaqa — kulrang. Qoralar ham bor edi lekin.

Aleksandr Farmonov so‘zga chiqqan vaqtda tabloda berilgan e’lon. Soat 13:19.

Kadr: “O‘zbekiston” telekanali

Men Shavkat Miromonovichning xarakterida, avvalo, qat’iyatlilik har doim lol qoldiradi. U mas’uliyatni o‘ziga olishdan qo‘rqmaydi. Afsuski, ko‘plab rahbarlarda qandaydir byurokratik qiliqlar bor, lekin u hech qachon qo‘rqmaydi, har doim javobgarlikni o‘ziga olib, amalda har qanday masalani hal qiladi. Uning uzoqni ko‘ra bilishi, odamlar bilan til topisha olishi ko‘p narsadan darak, lekin uning xarakteridagi eng asosiy fazilat — uning odamgarchiligi. Mana, bugun uning butun tarjimai holini aytib berishdi, men buni takrorlamoqchi emasman. Lekin har yerda uning eng asosiy maqsadi — odamlarga yaxshi bo‘lsin, deydi. Ya’ni, uning maqsadi — odamlarning farovonligi.

Ishonchim komil, Shavkat Miromonovichdek boy xo‘jalik, kasbiy, hayotiy tajribaga ega rahbar bizning avlodimiz baxtiyor mamlakatda yashashi uchun mamlakatimizni rivojlantirish ishini davom ettira oladi. Men respublika sanoati vakili sifatida O‘zbekiston prezidenti vazifa va vakolatlarini O‘zbekiston bosh vaziri Mirziyoyev Shavkat Miromovichga yuklash to‘g‘risidagi Senat raisining adolatli qarori va taklifini to‘la qo‘llab-quvvatlayman.

Toshkent axborot texnologiyalari kasb-hunar kolleji direktori Agrippina Shin.

Kadr: “O‘zbekiston” telekanali

Agrippina Shin: Jamiyatning muhim jabhalaridagi barcha islohot va vazifalar ijrosini ta’minlashda hurmatli bosh vazirimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev ishtirok etadi va ularga boshchilik qiladi. Bugun biz qiyosi yo‘q 9+3 ta’lim tizimining natijalarini olmoqdamiz — bular kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarning sifatli, yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan va bugun o‘z qobiliyatlarini nafaqat O‘zbekistonning ichki bozorida muvaffaqiyatli ro‘yobga chiqarayotgan, balki xalqaro iqtisodiy bozorda raqobatlasha olayotgan yuz minglab bitiruvchilaridir.

Haddan tashqari bandligiga qaramay, hukumatimiz rahbari ta’lim muassasalariga tashrif buyurishga har doim vaqt topadi. U har yili muassasalarimizga kelgani bois, har bir kasb-hunar kolleji, har bir akademik litseyning ahvoli haqida yaxshi biladi va uning tashrifi natijasi o‘laroq har doim amaliy, haqiqiy yordam ko‘rsatiladi: ta’mir, yangi uskunalar, mebel, zamonaviy adabiyotlar.

Shavkat Miromonovich selektorlarda har doim bizni erishilgan natijalarda to‘xtab qolmaslikka chaqirib, boshlangan islohotlarni davom ettirish kerakligini, inson kapitaliga o‘z qo‘yilma va investitsiyalarni kiritishda davom etishimiz kerakligini uqtiradi. Chunki mamlakatimiz kelajagi — bu o‘qigan, zehni o‘tkir yoshlardir.

Albatta, Shavkat Miromonovich o‘z mehnat faoliyatini pedagoglik faoliyatidan boshlagani biz pedagoglarni ilhomlantiradi. Demak, bu yo‘nalish unga yaqin va qadrli.

Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyev.

Kadr: “O‘zbekiston” telekanali

Zafar Ro‘ziyev: Davlatimiz rahbari 2015-yil 1-iyul kuni tashriflari chog‘ida vayrona bo‘lib o‘tgan Qashqadaryo sohilini obod qilib, to‘g‘onlar qurib, aholi dam olish maskaniga aylantirish ishlarini bajarishga 1,5 yil vaqt berdilar. Ochig‘ini aytsam, biz bunday keng ko‘lamli ishlar qarshisida hayratga tushib qolgandik.

Shundan ikki kun o‘tib, hurmatli bosh vazirimiz Shavkat Miromonovich viloyatimizga yetib keldilar va menga: “Qo‘rqma, prezidentimiz topshiriq berdilarmi, bu topshiriq so‘zsiz bajarilishi kerak”, deb aytdilar. Va biz Qashqadaryo daryosi ustidagi ko‘prikka bordik. Shavkat Miromonovich mendan: “Prezidentimiz qayerda va qanday qilib topshiriq berdilar?”, deb so‘radilar. Men umumiy qilib, “Mana bu yerdan turib ko‘rsatdilar”, degan edim, u kishi: “Aynan qaysi nuqtada turgan edilar?”, deb, o‘sha joyda turib: “Qo‘llari bilan qaysi tomonni ko‘rsatdilar? Aynan shu gapni gapirganda qaysi qirg‘oqqa — chap qirg‘oqqami, o‘ng qirg‘oqqa nigohlari tushgan edi?”, deb, bo‘lgan muloqotni mendan aniq qilib so‘rab oldilar.

Shundan so‘ng o‘sha maydonda tuproq va chang ichida 6 soatu 20 minut piyoda yurib, karta chizib, ish hajmini hisob-kitob qildilar. Qarshi va Shahrisabz shaharlarida obodonchilik va qurilish ishlarini har kuni, har bir g‘ishtni qayerga va qanday qo‘yilishini o‘zlari nazoratga olib turdilar. Roppa-rosa bir yildan so‘ng davlat rahbari yana viloyatga kelib, “Men aynan mana shu manzarani nazarda tutgan edim”, deb, juda kayfiyatlari ko‘tarildi. Men shunda prezidentni hukumat rahbarimiz naqadar chuqur tushunishlarini anglab yetdim. Mustaqillik g‘oyalari va talablarini chuqur tushunadigan yagona rahbar Shavkat Miromonovich deb bilaman. U kishi prezidentimiz boshlagan ulug‘ ishlarni yuksak darajada davom ettirishlariga to‘lig‘icha ishonaman.

Hurmatli yig‘ilish qatnashchilari. 3 million aholisi bo‘lgan Qashqadaryo viloyati ahlining nomidan barcha deputatlar va Senat a’zolaridan O‘zbekiston Respublikasi prezidenti vazifa va vakolatlarini vaqtincha bajarishni O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Shavkat Miromonovich Mirziyoyevga yuklash to‘g‘risidagi taklifni qo‘llab-quvvatlashingizni so‘rayman.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev so‘zga chiqdi.

Shavkat Mirziyoyev: Hurmatli spiker, hurmatli Senat raisi, muhtaram deputatlar va senatorlar, qadrli qo‘shma majlis ishtirokchilari. Shu kunlarda barchamiz birgalikda yuragimizda chuqur dard bilan, o‘rnini to‘ldirib bo‘lmaydigan og‘ir judolikni boshimizdan kechirmoqdamiz. Nuroniy oqsoqollarimiz, mo‘tabar onalarimiz va opa-singillarimiz, yosh yigit va qizlarimiz, 32 millionli butun O‘zbekiston xalqi, xorijiy mamlakatlardagi ko‘psonli do‘stlarimiz buyuk davlat va siyosat arbobi, mamlakatimizning birinchi prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovni cheksiz qayg‘u bilan so‘nggi yo‘lga kuzatdilar.

Shu fursatdan foydalanib, aziz Islom Abdug‘aniyevichning rafiqalari — hurmatli Tatyana Akbarovnaga, aziz singlimiz Lola Islomovna va yaqinlariga barchamizning nomimizdan yana bir bor chuqur ta’ziya bildirishga ruxsat bergaysiz.

O‘zbekiston bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlamoqda.

Kadr: “O‘zbekiston” telekanali

Vaqt va hayotning o‘zi Islom Abdug‘aniyevich Karimovning zamonamizning ulug‘ siyosatchisi, uzoqni ko‘radigan va strategik fikr yuritadigan shaxs, dunyoda va turli mintaqalarda yuz berayotgan o‘ta murakkab voqea-hodisalarning mohiyatini davlatchilik nuqtai nazaridan ko‘ra bilish qobiliyatiga ega bo‘lgan, o‘z yurti va xalqi uchun, har bir Vatandoshimizning taqdiri uchun ulkan mas’uliyat tuyg‘usini chuqur his qiladigan atoqli rahbar ekanligini har tomonlama tasdiqladi.

Milliy tariximizning eng keskin va tahlikali davrida, millatlararo to‘qnashuvlar va boshqa ziddiyatlar avj olgan, mamlakatimizda fuqarolar urushi xavfi yuzaga kelgan, iqtisodiyot chuqur inqirozga uchragan, bir so‘z bilan aytganda, eski zamonning umri tugab, yangi zamon boshlanayotgan bir paytda Islom Abdug‘aniyevichning respublika rahbari etib saylanishi Yaratganning xalqimizga bebaho marhamati bo‘lgan edi.

Islom Abdug‘aniyevichga xos bo‘lgan bukilmas iroda — hech qachon bukilmaganlar, fidoyilik, mardlik va vatanparvarlik, insoniylik va adolatparvarlik, samimiylik va mehribonlik kabi olijanob fazilatlar barchamiz uchun yorqin ibrat namunasi bo‘lib qoldi.

Zamonaviy O‘zbekistonning tarixi — bu mamlakatimizning haqiqiy mustaqillikka erishish yo‘lida Islom Abdug‘aniyevich Karimov rahnamoligida olib borilgan o‘ta murakkab va og‘ir kurashlar tarixidir. 25 yillik tariximiz. Agar ko‘z oldimizga keltirsak — mingdan ming rahmat, shaxsan men haqimda gapirganlaringiz uchun o‘z minnatdorchiligimni bildiraman — mana shu zalda, oldingi Oliy Majlis zallarida, qanday-qanday kurashlar bo‘lardi, qanday-qanday fikrlar bo‘lardi. Lekin o‘sha paytlarda ham, o‘zim guvohman, mana shu kurashlar zamini bir narsa ediki — jonajon Vatanimizning, xalqimizning ertangi kuni va birinchi kundan O‘zbekiston kelajagi buyuk davlat deganlarini, o‘sha buyuklikka har kuni 24 soat ishontirish, inontirish, xalqimizni ham, dunyoni ham shunga ishontirdilar. Mana shu ishonch, haqiqatan ham, hammamizga g‘urur, iftixor bo‘lib, mana shungacha kelib, yashab, mana shuni tushuntirdilar va hamma buni tan oldi.

Buyuk yo‘lboshchimiz haqli ravishda demokratik talablar va xalqaro mezonlarga to‘liq javob beradigan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ham asosiy muallifi edilar. Men ham mana shu Konstitutsiyani tayyorlash guruhi a’zosi edim. Juda katta kurashlar, ko‘p-ko‘p o‘yinlar bo‘lgan. Agar qattiq turib qilmaganlarida, bugungi 25 yillik, bunday tarix, bunday tizim, bunday intizom, bunday e’tirof, dunyo e’tirof qilmas edi. Hozirgidek esimda, SK (O‘zbekiston Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi) binosida o‘z qo‘llari bilan yozib, 24 varaqni olib kelib bersangiz, 26 varaq qilib, o‘z qo‘llari bilan yozib kelardilar. Bir marta emas, ikki marta emas, o‘n martalab Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashib, shularga ishontirgan. U paytda o‘tirganlarning 80 foizi shu Konstitutsiyaga ishonmas edi, kechirasizlaru, ertangi kunimizga ham ishonmas edi.

Mamlakatimiz totalitar tizimdan voz kechib, mustaqil taraqqiyot yo‘lini tanladi, ko‘plab qiyinchilik va sinovlardan o‘tib, tarixan qisqa davrda jahon hamjamiyatida o‘ziga munosib o‘rin egalladi.

Konstitutsiya va uning negizida yaratilgan puxta qonunlar, shuningdek, Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi hokimiyat institutlarini shakllantirishni va ularning to‘laqonli faoliyat ko‘rsatishini, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, mulkchilikning barcha turlarini, fuqarolarning davlat boshqaruvidagi faol ishtirokini ta’minladi.

Islom Abdug‘aniyevich “Iqtisodiy mustaqillikka erishmasdan siyosiy mustaqillikni ta’minlab bo‘lmaydi” degan tamoyil va eng muhim ustuvor vazifani amalga oshirishni strategik masala deb hisoblar edilar.

Davlatimiz rahbari tomonidan ishlab chiqilgan iqtisodiy dasturlarning amalga oshirilishi mamlakatimizning izchil va barqaror rivojlanishini ta’minladi.

Mustaqillik yillarida O‘zbekiston iqtisodiyoti qariyb 6 marta o‘sdi. Unda sanoatning ulushi 14 foizdan 34 foizga oshdi. Oxirgi 11 yil davomida yalpi ichki mahsulotning o‘rtacha yillik o‘sish sur’ati 8 foizdan kam bo‘lmagan darajada saqlanmoqda. Faol investitsiya siyosati amalga oshirilmoqda.

Mutlaqo yangi, yuqori texnologiyalarga asoslangan sanoat tarmoqlari, xususan, neft-kimyo, kimyo, avtomobilsozlik sanoati, qishloq xo‘jaligi va temir yo‘l mashinasozligi, farmatsevtika, elektrotexnika, to‘qimachilik sanoati, zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarish va boshqa sohalar izchil rivojlanmoqda.

Bugun O‘zbekiston iqtisodiyoti jadal rivojlanayotgan dunyodagi beshta davlat qatoriga kiradi. Buning yaqqol isboti sifatida mamlakatimizda qurilgan va o‘z ko‘lami bo‘yicha jahon miqyosida ham yirik va noyob hisoblangan sanoat ob’ektlari, xususan, Ustyurt va Sho‘rtan gaz-kimyo komplekslari, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi, Qo‘ng‘irot soda zavodi, Dehqonobod kaliy o‘g‘itlari zavodi, Andijon, Samarqand, Toshkent va Xorazm viloyatlaridagi avtomobilsozlik zavodlarini misol qilib keltirish mumkin.

Respublikamizda jadal sur’atlar bilan zamonaviy yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi tashkil qilinmoqda. Jumladan, Qamchiq dovonidan o‘tadigan, noyob tog‘ tunnelini o‘z ichiga olgan Angren—Pop temir yo‘l tarmog‘i, Toshguzar—Boysun—Qumqo‘rg‘on temir yo‘li qurildi. Toshkentdan Samarqand, Qarshi va Buxoroga yo‘lovchi tashiydigan yuqori tezlikdagi temir yo‘l qatnovi ochildi. Xalqaro aeroportlar modernizatsiya qilindi, Navoiy aeroporti negizida xalqaro logistika markazi tashkil qilindi va O‘zbekiston milliy avtomagistrali barpo etildi.

Qishloq xo‘jaligida tub tarkibiy islohotlar amalga oshirildi. Barchamiz yaxshi eslaymiz, yaqin o‘tmishda O‘zbekistonni paxta monopoliyasi hukmronlik qiladigan agrar bir mamlakat deb bilishar edi. Misol uchun, 1990-yilda aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoji, asosan, chetdan olib kelinadigan import hisobidan qondirilar edi.

Islom Abdug‘aniyevich Karimovning tashabbusi bilan yer va suv resurslaridan samarali va oqilona foydalanish, ekin maydonlarini optimallashtirish va yangi, ilg‘or agrotexnologiyalarni joriy etish, qayta ishlaydigan zamonaviy korxonalarni tashkil etish bo‘yicha keng chora-tadbirlar kompleksi ishlab chiqildi va amalga oshirildi. Haqiqiy mulkdorlarning yangi sinfi bo‘lgan fermerlik harakati shakllantirildi.

Aholi jon boshiga asosiy oziq-ovqat mahsulotlarini o‘rtacha iste’mol qilish darajasi ko‘paydi: go‘sht, sut va ulardan tayyorlangan mahsulotlar — 1,5 barobar, sabzavot — 2,6 barobar, meva — 6,3 barobar oshdi.

Mamlakatimizda xususiy mulkchilik va tadbirkorlik, kichik biznesni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar va qulay shart-sharoitlar yaratildi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 56,5 foizga yetdi. Bu sohada ish bilan band aholining 78 foizi mehnat qilmoqda va ular mamlakatimizning gullab-yashnashi uchun munosib hissa qo‘shmoqda.

Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “Islohot — islohot uchun emas, avvalo inson uchun” degan ezgu g‘oyani amalga oshirish, ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini shakllantirish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar aholining hayot darajasi va sifatini sezilarli darajada yaxshilashni ta’minladi.

Bugungi kunda Davlat byudjetining qariyb 60 foizi ijtimoiy sohani rivojlantirishga yo‘naltirilmoqda. 1991-yilga taqqoslaganda, aholining real daromadlari 12 barobardan ziyod ko‘paydi, ish haqi, pensiya va ijtimoiy nafaqalar salmoqli darajada oshdi. Iste’mol tovarlari ishlab chiqarishni jadal sur’atlar bilan oshirish va aholining ularga bo‘lgan talabini qondirish ta’minlanmoqda.

Mamlakatimiz rahbari siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan strategik ahamiyatga ega bo‘lgan masalalarni yechish bilan bir qatorda, jamiyatimiz hayotini, fuqarolarimizning ongu tafakkuri va dunyoqarashini tubdan o‘zgartirishga qaratilgan ko‘pqirrali vazifalarga doimo katta e’tibor qaratar edilar.

“Farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta baxtli bo‘lishlari shart” degan chuqur ma’noli fikrlari hammamizning qalbimizda muhrlanib qolgan.

Yurtboshimiz mamlakatimizning bugungi va ertangi kunini hal qiluvchi kuch bo‘lib maydonga chiqayotgan yoshlarimizning tafakkuri va dunyoqarashini keskin o‘zgartirgan, mutlaqo yangi ta’lim va tarbiya tizimini yaratish va hayotga tatbiq qilish ishlariga bevosita mualliflik va rahbarlik qildilar.

Yurtimizda ilm-fan, sog‘liqni saqlash, madaniyat va san’at, sport kabi muhim sohalar faol tarzda rivojlanmoqda.

Davlatimiz rahbari xalqimizning ma’naviy qadriyatlariga ehtirom bilan munosabatda bo‘lish, muqaddas dinimiz, an’ana va urf-odatlarimiz, bebaho tarixiy merosimizni saqlab qolish va rivojlantirishni davlat siyosati darajasiga ko‘tardi.

Fuqarolik jamiyati institutlarini shakllantirish, ayniqsa, davlat va jamiyat boshqaruvida mahallaning nufuzini oshirish, uning huquq va vakolatlarini kengaytirish borasida ulkan ishlarni amalga oshirdi.

Yurtboshimiz keksa avlod vakillariga, muhtaram faxriylarimizga hurmat-ehtirom va amaliy g‘amxo‘rlik ko‘rsatishni o‘ta muhim vazifa deb hisoblar edilar.

Oliy Bosh Qo‘mondon sifatida Islom Abdug‘aniyevich Karimov Qurolli Kuchlarimizni tubdan isloh qilish, jangovar qobiliyatini kuchaytirish va shu asosda O‘zbekiston Respublikasining hududiy yaxlitligini va mustaqilligini himoyalash, sarhadlarining daxlsizligini, xalqimizning tinch va osuda hayotini ta’minlash uchun beqiyos xizmat ko‘rsatdilar.

U kishining tashabbuslari bilan tinchlikparvarlik, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik va yuzaga kelayotgan qarama-qarshilik va ziddiyatlarni faqat va faqat tinch, siyosiy yo‘l bilan hal etishga asoslangan O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasi ishlab chiqildi va amalga oshirilmoqda.

Hurmatli deputat va senatorlar!

Biz oxirgi 25 yil davomida juda ko‘plab muhim anjuman va yig‘ilishlarni o‘tkazdik. Ularning barchasiga muhtaram Prezidentimiz Islom Abdug‘aniyevich Karimov boshchilik qilganlaridan yaxshi xabardorsiz. Bugun esa tariximizda birinchi marta bunday muhim yig‘ilishni aziz rahbarimizning ishtirokisiz o‘tkazmoqdamiz. Go‘yoki xayolimizda u kishi hozir zalga kirib keladigandek bo‘lib turibdi. Hammamizning xayolimizda, men ham o‘tirganimda xuddi muhtaram prezidentimiz bir narsadan kechikib, kirib kelayotgandek bo‘lib turibdi. Hammamizning xayolimizda mana shu fikr desam, o‘ylaymanki, to‘g‘ri qabul qilasizlar.

O‘ylaymanki, bugungi majlisda qatnashayotgan har bir inson shu zalda buyuk yo‘lboshchimizning ruhi va nafasini sezib turibdi. O‘zbekiston Respublikasi birinchi prezidentining o‘lmas g‘oyalari, fikr, ko‘rsatmalari bizning qalbimiz va ongimizga shunday chuqur singib ketganki, ular bizning kelajak sari qat’iyat bilan borishimizda barchamizga doimo tayanch va suyanch bo‘lishi muqarrar.

Shu munosabat bilan, biz dunyodagi hozirgi murakkab va keskin sharoitni har tomonlama hisobga olgan holda, o‘zimizning birinchi darajali vazifalarimizni birgalikda belgilab olishimiz darkor.

Bugun biz xalqimizni ishontirib, baland ovoz bilan aytishimiz zarurki, buyuk ustozimizning siyosiy merosi, ya’ni, u kishi belgilab bergan taraqqiyotimizning asosiy tamoyillari, ustuvor yo‘nalishlar, maqsad va vazifalarni so‘zsiz va to‘liq amalga oshirish biz uchun ham qarz, ham farzdir.

Birinchidan, biz har doim Islom Abdug‘aniyevich Karimovning chuqur ma’noli o‘gitlarini, ayniqsa, “Bizga tinchlik va omonlik kerak!” degan so‘zlarini hech qachon esdan chiqarmasligimiz lozim.

Turli xavf-xatarlar kuchayib borayotgan bugungi tahlikali vaziyatda bebaho boyligimiz bo‘lgan tinchlik va osoyishtalikni ko‘z qorachig‘idek saqlashimiz, yurtimizdagi millatlar va dinlararo hamjihatlik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlashimiz kerak.

Shu bilan birga, jamiyatimizda qonun ustuvorligi, tartib-intizom, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlashimiz zarur. Barchamizga ma’lumki, Islom Abdug‘aniyevich Karimov “Odamlar hamma narsaga chidashi mumkin, lekin adolatsizlikka chiday olmaydi”, deb ko‘p-ko‘p ta’kidlar edilar. Biz barpo etayotgan huquqiy davlatda adolatsizlikning hech qanday shaklda ustun bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligimiz zarur. Bu hokimiyatning barcha tarmoqlari, eng avvalo, davlat boshqaruvi organlarining va ayniqsa huquqni muhofaza qilish organlarining birinchi darajali vazifasidir. Biz xalqimizning, bugungi zamonning ana shu muhim talabi so‘zsiz bajarilishini ta’minlashimiz shart.

Ikkinchidan, davlatimiz xavfsizligini har tomonlama mustahkamlashimiz, har bir fuqaroning tinchligi va osoyishtaligini ta’minlashimiz lozim. Vaziyatni izdan chiqarish, nifoq solish, dushmanlik urug‘ini sepish, turli mojarolarni keltirib chiqarish va hatto qon to‘kilishini istayotgan kuchlar ham mavjudligi hech kimga sir emas. Hammamiz buni bilishimiz shart.

Ochiq tan olish kerak, biz notinch zamonda, notinch bir mintaqada yashamoqdamiz. Shu sababli Vatanimiz himoyasini ishonchli kafolatlayotgan, mudofaa qobiliyatimizni mustahkamlayotgan va davlat chegaralarimiz daxlsizligini ta’minlayotgan tizimli chora-tadbirlar kompleksini joriy etishni qat’iyat bilan davom ettirishimiz zarur. Zamon shuni hozir talab qilyapti.

Biz Qurolli Kuchlarimiz va huquq-tartibot organlarimizni bundan keyin ham har tomonlama mustahkamlab boramiz. Hech kimda zarracha ham shubha bo‘lmasligi kerak — mamlakatimiz suvereniteti va mustaqilligiga xavf tug‘diradigan ichki va tashqi kuchlarning har qanday harakatlariga, har qanday urinishlariga qat’iy va munosib zarba beriladi.

Bizning yana bir eng muhim ustuvor vazifamiz — Islom Abdug‘aniyevich Karimov tomonidan ishlab chiqilgan “o‘zbek modeli”ning asosi bo‘lmish besh tamoyilni amalga oshirish asosida iqtisodiyotda tarkibiy o‘zgarishlarni davom ettirish va uning raqobatdoshligini ta’minlashdan iborat.

Mamlakatimizning kelgusi rivoji, xalqimiz farovonligi, uning turmush darajasi va sifatini yuksaltirish aynan shu masalaga bog‘liq.

Jahon iqtisodiyotida o‘sish sur’atlari sekinlashib, eng muhim eksport tovarlarimizga tashqi talab kamayib, dunyo bozorida ularning narxi pasayib borayotgan sharoitda Islom Abdug‘aniyevich Karimov tomonidan iqtisodiyotimizni isloh qilishni chuqurlashtirish bo‘yicha belgilab berilgan ustuvor vazifalarni bajarishga qaratilgan ishlarimizni yanada kuchaytirishimiz kerak.

Shu bilan birga, Oliy Majlis palatalarining 2015-yil yanvar oyidagi qo‘shma majlisida taklif etilgan Vazirlar Mahkamasining Harakat dasturini amalda bajarishni davom ettirish zarur. Bu borada iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishni davom ettirish, xususiy mulkni rivojlantirishni jadallashtirish, davlatning iqtisodiyotdagi ulushini kamaytirish va tarkibiy o‘zgartirishlarni jadallashtirishga qaratilgan ishlarni izchil amalga oshirish muhim ahamiyatga egadir.

Yuqorida aytilgan fikrlardan kelib chiqqan holda, asosiy diqqat-e’tiborni quyidagi ustuvor vazifalarga qaratish zarur, deb hisoblaymiz.

Birinchidan, makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash va keyingi yillardagi iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish zarur. Milliy valyutamiz barqarorligini ta’minlash, bank tizimini mustahkamlash, mamlakatimizda va mahalliy darajada byudjet barqarorligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish kerak.

Bunda chetdan qarz olish bo‘yicha konservativ yondashuv siyosatini davom ettirish, davlatning tashqi qarzi haddan ziyod oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik muhim ahamiyat kasb etadi. Bularning barchasi Islom Abdug‘aniyevich Karimovning avvalo o‘zimizning kuch va imkoniyatlarimizga tayanish zarurligi haqidagi uzoqni ko‘zlagan strategiyasini davom ettirish bilan bog‘liq.

Ikkinchidan, nodir va qimmatbaho metallarni chuqur qayta ishlash, oziq-ovqat va kimyo sanoatini rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan dasturlarni amalga oshirishimiz zarur.

Uchinchidan, tashqi bozorlarda raqobat va beqarorlik kuchayib borayotgan sharoitda iqtisodiyotning real tarmoqlari bilan bir qatorda mamlakatimiz hududlarida ham raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish va eksport salohiyatini oshirish alohida ahamiyatga ega.

Ana shu maqsadda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari, shuningdek, fermer xo‘jaliklarining eksportda ishtirok etishini yanada rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish zarur. Bu iqtisodiy o‘sish, tarmoqlar va hududlarni rivojlantirish, aholining mehnat bilan bandligini ta’minlash va moddiy farovonligini oshirishning asosiy lokomotivi bo‘lishi kerak.

To‘rtinchidan, Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xususiy tadbirkorlik va kichik biznes subyektlari manfaatlarini mustahkam himoya qilish to‘g‘risidagi talab va topshiriqlari ijrosini izchil davom ettirish darkor. Turli byurokratik to‘siqlar va asossiz tekshiruvlarni bundan keyin ham qat’iyat bilan cheklash zarur.

Beshinchidan, eng muhim ijtimoiy-iqtisodiy vazifa — Oliy Majlis palatalari tomonidan tasdiqlangan Aholining mehnat bilan bandligini oshirish dasturini bajarishdan iborat. Yil oxiriga qadar bir milliondan ziyod yangi ish o‘rinlarini tashkil etishimiz zarur. Kasb-hunar kollejlarining 480 ming nafar bitiruvchisini ishga joylashtirish masalasi alohida nazoratni talab qiladi.

Biz jamiyatning ijtimoiy tabaqalanish darajasini pasaytirish, mamlakatimizda o‘ta boylar ham, o‘ta kambag‘allar ham bo‘lmasligi bo‘yicha Islom Abdug‘aniyevich tomonidan belgilab berilgan siyosatni qat’iy davom ettiramiz.

Oltinchidan, xalqaro kommunikatsiya tarmoqlariga ulangan zamonaviy yo‘l-transport va muhandislik infratuzilmasini shakllantirish, shuningdek, milliy axborot-kommunikatsiya tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan puxta o‘ylangan va ishlab chiqilgan strategiyani amalga oshirishni davom ettiramiz.

Bugungi sharoitda eng ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Bu sohada qabul qilingan Milliy dasturga muvofiq, telekommunikatsiya texnologiyalarini, aloqa tizimlari va infratuzilmasini yanada rivojlantirish, informatsion tizimlar komplekslari va “Elektron hukumat” axborot bazasini shakllantirishimiz kerak.

Mamlakatimiz hududlarini kompleks rivojlantirish sohasidagi ishlarni davom ettirib, Qarshi, Shahrisabz, Toshkent, Termiz, Namangan va Urganch shaharlarini obodonlashtirish bo‘yicha mamlakatimiz prezidenti tomonidan qabul qilingan qarorlarning amalda bajarilishini ta’minlash kerak.

Qishloq xo‘jaligini yanada isloh qilish va rivojlantirish bo‘yicha birinchi navbatdagi vazifa — ko‘p tarmoqli fermerlikni rivojlantirish, har bir fermer xo‘jaligining iqtisodiy samaradorligi va moliyaviy barqarorligini ta’minlashdir. Bu masalani biz mamlakatimiz oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning garovi deb hisoblaymiz.

Islom Abdug‘aniyevich Karimov tashabbuskori bo‘lgan qishloqlarimiz qiyofasini tubdan o‘zgartirish, qishloq aholisi uchun shahar darajasidagi turmush sharoitini ta’minlaydigan namunaviy uy-joylarni va tegishli infratuzilmani qurish bo‘yicha dasturni faol davom ettiramiz.

Ta’lim va tarbiya, ilm-fan, sog‘liqni saqlash, madaniyat va san’at, sportni rivojlantirish masalalari, yoshlarimizning chuqur bilimga ega bo‘lishi, chet tillarini va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini puxta egallashini ta’minlash doimiy ustuvor vazifamiz bo‘lib qoladi.

Eng muhim yo‘nalishlardan yana biri — jamiyatimizda demokratik jarayonlarni chuqurlashtirish, fuqarolik institutlari rivojlanishini qo‘llab-quvatlash, siyosiy partiyalarning obro‘-e’tibori va ta’sirini oshirish, saylovchilarning ovozi uchun raqobatni kuchaytirishdan iborat.

Hurmatli do‘stlar! Biz bundan buyon ham barcha xorijiy mamlakatlar, jahon hamjamiyati bilan samarali hamkorligimizni davom ettiramiz. Bu borada O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tibori va pozitsiyasini yanada kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasi faol amalga oshiriladi.

Hech qanday harbiy-siyosiy bloklarga qo‘shilmaslik, boshqa davlatlarning harbiy bazalari va obyektlari O‘zbekiston hududida joylashishiga, shuningdek, harbiy xizmatchilarimizning mamlakatimiz hududidan tashqarida bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik, ilgarigidek, davlatimizning qat’iy siyosiy pozitsiyasi bo‘lib qoladi.

Mamlakatimizning milliy manfaatlarini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan Markaziy Osiyo mintaqasi O‘zbekiston tashqi siyosiy faoliyatining asosiy ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Biz o‘zimizning yaqin qo‘shnilarimiz Turkmaniston, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston bilan ochiq, do‘stona va pragmatik siyosat olib borishga sodiq qolamiz.

Tashqi siyosatimizning ustuvor yo‘nalishi bu — Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari bilan aloqalarimizni mustahkamlashdan iborat. Birinchi navbatda, Rossiya Federatsiyasi bilan Strategik sheriklik, Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomalar va boshqa muhim kelishuvlar asosida do‘stona aloqalarni izchil rivojlantirish va kuchaytirish ikki mamlakat manfaatlariga javob beradi va mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan o‘zaro manfaatli va konstruktiv hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish bizning tashqi siyosatimizda ustuvor ahamiyatga ega bo‘lib qoladi. O‘zbekiston mintaqadagi yaqin qo‘shnimiz hamda global va mintaqaviy muammolarni yechishda muhim rol o‘ynaydigan Xitoy Xalq Respublikasi bilan har tomonlama strategik hamkorlikni yanada mustahkamlashdan manfaatdordir.

Osiyo va Tinch okeani mintaqasida biz Yaponiya, Koreya Respublikasi va boshqa davlatlar bilan iqtisodiyot, investitsiyalar, fan va texnologiyalar, ta’lim, sog‘liqni saqlash va turizm sohalarida hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirishga ustuvor darajada ahamiyat beramiz. O‘zbekiston uchun Yevropaning yetakchi davlatlari, avvalambor Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya, Markaziy va Sharqiy Yevropa davlatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Biz Hindiston, Pokiston va Janubiy Osiyoning boshqa davlatlari bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish tarafdorimiz. O‘zbekiston Afg‘onistonga nisbatan an’anaviy ravishda yaqin qo‘shnichilik va do‘stona siyosat olib boradi. Biz Yaqin va O‘rta Sharq davlatlari bilan o‘zaro manfaatli va keng qirrali munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlashni davom ettiramiz.

Lotin Amerikasi va Karib mintaqasi, Afrika qit’asining yetakchi davlatlari bilan aloqalarni kengaytirish va mustahkamlash O‘zbekistonning milliy manfaatlariga javob beradi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan faol munosabatlar va hamkorlik olib borish O‘zbekistonning milliy manfaatlariga xizmat qiladi.

Biz Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, boshqa xalqaro moliya va iqtisodiy tashkilotlar bilan davlatimiz iqtisodiyotida amalga oshirilayotgan tarkibiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan hamkorlikni yanada rivojlantiramiz.

Hurmatli qo‘shma majlis ishtirokchilari!

Iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarning ustuvor vazifalarini muvaffaqiyatli ado etish, birinchi navbatda, Oliy Majlis palatalari, Vazirlar Mahkamasi, barcha darajadagi hokimliklar, davlat va xo‘jalik boshqaruv idoralari, butun xalqimizning O‘zbekiston Respublikasining birinchi prezidenti g‘oyalari atrofida jipslashib, bir yoqadan bosh chiqarib, hamjihatlik bilan bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etishiga bog‘liq ekanini hammamiz yaxshi tushunamiz.

Mana shu ezgu maqsad yo‘lida — Vatanimiz mustaqilligini har tomonlama mustahkamlash, mamlakatimizning barqaror iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishini, xalqimiz farovonligini ta’minlashga qaratilgan ishlarimizda buyuk yurtboshimiz Islom Abdug‘aniyevich Karimovning “Ona Vatanimiz va xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilish — oliy saodatdir” degan so‘zlari doimo bizga kuch-quvvat va g‘ayrat bag‘ishlaydi, deb ishonaman. E’tiboringiz uchun rahmat.

O‘zbekiston prezidentining vazifa va vakolatlarini bosh vazir Shavkat Mirziyoyevga vaqtincha yuklash masalasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari o‘rtasida o‘tkazilgan ovoz berish natijalari. Majlisda qatnashgan 147 deputatning bari ushbu taklifni qo‘llab-quvvatlagan.

Kadr: “O‘zbekiston” telekanali

Majlisda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarishni O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev zimmasiga vaqtincha yuklash to‘g‘risidagi qo‘shma qaror qabul qilindi. Shundan so‘ng Shavkat Mirziyoyev yana so‘zga chiqdi.

Bosh vazir Shavkat Mirziyoyevga O‘zbekiston prezidentining vazifa va vakolatlari ham vaqtincha yuklatilganidan so‘ng.

Kadr: “O‘zbekiston” telekanali

Shavkat Mirziyoyev: Muhtaram prezidentimiz aytgan hamma gaplarni amalga oshirish va eng katta narsa — hozir xalqimizni tinchlantirish. Xalqimiz bilishi kerakki, hamma narsa muhtaram prezidentimizning aytilgan, qilingan ishlari albatta davom ettiriladi.

Hurmatli Spiker, hurmatli Senat raisi, muhtaram deputat va senatorlar! Avvalo, menga bildirilgan yuksak ishonch uchun sizlarga o‘zimning samimiy minnatdorchiligimni bildirishga ruxsat bergaysiz. O‘zbekiston Respublikasi prezidenti sayloviga qadar bo‘lgan muddatda mening zimmamga bugun nihoyatda murakkab va o‘ta mas’uliyatli vazifa yuklanganini har tomonlama chuqur his qilib turibman.

O‘zbekiston Respublikasining birinchi prezidenti, buyuk yo‘lboshchimiz, qadrli Islom Abdug‘aniyevich Karimov tomonidan ishlab chiqilgan va chorak asr mobaynida samarali amalga oshirib kelingan davlatimizning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy sohalardagi hamda demokratik islohotlarni joriy etish borasidagi izchil mustaqil taraqqiyot yo‘lini davom ettirishni shu davrda o‘zimning eng asosiy vazifam deb bilaman.

Zamonamizning buyuk davlat va siyosat arbobi, uzoqni ko‘ra biladigan rahbar, olijanob ma’naviy va axloqiy fazilatlar egasi bo‘lgan bu ulug‘ inson men uchun yuksak ideal, o‘z Vatani, o‘z xalqiga fidokorona xizmat qilishning yorqin namunasidir.

Sizlarni ishontirib aytamanki, Islom Abdug‘aniyevich Karimov bizga vasiyat qilib qoldirgan barcha hayotiy tamoyillarga og‘ishmasdan, qat’iy amal qilaman. U kishining rahbar doimo odamlarning, el-yurtning dardu tashvishi bilan yashashi, ularning orzuniyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun huzur halovatdan voz kechib, o‘zini ayamasdan mehnat qilishi kerak, degan dono o‘gitlarini o‘z faoliyatim uchun asosiy mezon va talab sifatida qabul qilaman.

Bu borada mamlakatimiz fuqarolarining huquq va erkinliklarini, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga amal qilinishini ta’minlashni, O‘zbekiston Respublikasining suvereniteti, xavfsizligi va hududiy yaxlitligini muhofaza etish yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko‘rishni, respublika oliy hokimiyat va boshqaruv organlarining hamkorlikda ishlashini ta’minlashni, yaqin va uzoq qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini rivojlantirishni eng asosiy vazifa deb hisoblayman.

O‘zbekiston Respublikasining Qonunchilik palatasi va Senati a’zolari bilan, mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan siyosiy partiyalar, fuqarolik institutlari bilan birgalikda, bir yoqadan bosh chiqarib ishlashni oldimizda turgan g‘oyat muhim va ustuvor vazifalarni muvaffaqiyatli amalga oshirishning eng asosiy omili va garovi deb bilaman.

El-yurtimizning yuksak ishonchini oqlash, Vatanimiz mustaqilligini yanada mustahkamlash, mamlakatimizning barqaror taraqqiyotini ta’minlash yo‘lidagi amaliy ishlar bilan aziz yurtboshimiz Islom Abdug‘aniyevich Karimovning ruhi poklarini shod etish uchun bor bilim va tajribamni, salohiyat va kuch-g‘ayratimni safarbar etaman.

Ishonamanki, ulug‘ yurtboshimizning bizga qoldirgan bebaho merosi, o‘lmas g‘oya va dasturlari yo‘limizni nurafshon qilib, barchamizga doimo madadkor bo‘ladi!

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga O‘zbekiston Respublikasi prezidenti to‘g‘risidagi qonunga muvofiq holda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti saylovi o‘tkazilishini tashkil etish tavsiya qilindi. Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma majlisi o‘z ishini yakunladi.