Namangan xalqaro aeroportidan Rossiyaning Novosibirsk va Qozon shaharlariga aviaparvozlar yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar bermoqda.
Aeroport matbuot xizmati rahbari Sitora Abdug‘aniyevaning ma’lum qilishicha, Novosibirsk—Namangan—Novosibirsk yo‘nalishidagi aviaqatnovlar 2021-yil 9-sentabrdan yo‘lga qo‘yiladi. Parvozlar haftaning payshanba kuni Boeing 757 samolyotida amalga oshiriladi. Chipta narxi 3 million 925 ming so‘mdan boshlanadi.
Qozon—Namangan—Qozon yo‘nalishidagi aviaqatnovlar 2021-yil 10-sentabrdan yo‘lga qo‘yiladi. Parvozlar haftaning juma kuni Boeing 767 samolyotida amalga oshiriladi. Chipta narxi 3 million 335 ming so‘mdan boshlanadi.
Ushbu aviaqatnovlar Uzbekistan Airways aviakompaniyasi tomonidan yo‘lga qo‘yilmoqda.
Ma’lumot uchun, hozirgi kunda Namangan xalqaro aeroportidan Toshkent, Samarqand va Moskvaga parvozlar amalga oshirilmoqda.
Izoh (0)