15-avgustdan buyon “Tolibon” hukmronligi ostida bo‘lib kelayotgan Afg‘onistonda so‘nggi kunlarda sodir bo‘lgan yangiliklar — “Daryo” dayjestida.

Asosiy yangiliklar

Foto: AP Photo

26-avgust kuni Kobul aeroporti yaqinida ikkita portlash sodir bo‘ldi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, portlash qurbonlari soni 103 kishiga yetgan. Ularning 90 nafari Afg‘oniston fuqarolari bo‘lsa, 13 nafari amerikalik harbiylardir. Bundan tashqari, yana taxminan 150 nafar afg‘on va 15 nafar AQSh harbiy xizmatchilari yarador bo‘lgan. Teraktdan keyin bir necha soat o‘tib, IShID Kobul aeroporti yaqinidagi ikkala portlash uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi. AQSh prezidenti aeroport yaqinida hujum uyushtirgan odamlar qidirib topilishi va bunga javob berishini aytdi. “Biz kechirmaymiz. Biz unutmaymiz. Biz sizni qidirib topamiz va javob berishga majbur qilamiz”, — dedi Bayden.

Portlashlardan keyin “Tolibon” Afg‘onistondagi barcha aeroportlar atrofiga kuzatuv minoralari qurishini ma’lum qildi.

Shuningdek, Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning so‘zlariga ko‘ra, “Tolibon” Turkiyaga Kobul aeroportini boshqarishni taklif qilgan. Ammo ushbu taklif javob berilganicha yo‘q.

AQSh Kobuldagi portlashlarga “Tolibon”ning aloqasi bor deyishga asos yo‘qligini aytgan bo‘lsa-da, “Tolibon”ga ishonmasligini va ushbu guruhni o‘ziga do‘st deb hisoblamasligini bildirdi.

“Tolibon” esa Kobul aeroportida sodir bo‘lgan voqeada AQSh va uning ittifoqchilari aybi borligini ma’lum qildi. “U yerda bu tartibsizlikni yuzaga keltirganlar bugungi hujum va shunga o‘xshash hodisalar uchun javobgardir”, — dedi “Tolibon” vakili Vardak Alxanafiy.

Ta’kidlash joiz, portlashlardan avvalroq harakat aeroport atrofida IShID tomonidan ehtimoliy teraktlar xavfi haqida ogohlantirgan edi.

Foto: AP Photo

Bu orada “Tolibon” Afg‘onistonda jamoat joylarida musiqa ijro etilishini taqiqlamoqchi, chunki bu, ularning fikricha, islom dini qoidalariga zid. The New York Times ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi paytda guruh matbuot kotibi vazifasini bajarayotgan Zabihulla Mujohid axborot va madaniyat vaziri etib tayinlanishi mumkin.

“Musiqa islomda taqiqlangan, lekin biz odamlarga bosim o‘tkazmasdan, balki ularni bunday ishlarni qilmaslikka ko‘ndirishga umid qilyapmiz”, — dedi Mujohid.

Asosiy voqealar

Foto: Getty Images

G‘arb mamlakatlari Afg‘onistondan evakuatsiya qilish ishlarini yakunlamoqda. Xususan, kuni kecha Germaniya bu jarayonni yakunladi, nemis diplomatlari, harbiy xizmatchilari va politsiya xodimlari Kobulni tark etdi. Germaniya 16-avgustdan buyon 45 ta mamlakat fuqarolari bo‘lgan 5347 kishini Afg‘onistondan olib ketgan, shularning taxminan 500 nafari Germaniya fuqarolaridir.

Evakuatsiya jarayoni ko‘ngilsiz voqealarsiz o‘tmayapti. Chunonchi, Italiyaning harbiy transport samolyoti Kobul aeroportidan uchib chiqayotganida o‘qqa tutilgan. Bortda 98 nafar afg‘onistonlik bo‘lgan, hech kim jabrlanmagan. O‘qlar aeroport tashqarisidagi pozitsiyalardan otilgani taxmin qilinmoqda, shuningdek, aeroport darvozasiga yaqin kelgan olomonni tarqatish uchun havoga o‘q uzilgan bo‘lishi ham mumkin.

Ayni paytgacha Polsha, Niderlandiya, Belgiya, Kanada evakuatsiyani to‘xtatgan. AQSh esa Afg‘onistonda taxminan 1 ming nafar fuqarolari qolganini ma’lum qildi, ularning qanchasini mamlakatni tark etish niyatida ekani noaniq. Kobuldagi amerikalik amaldorlar “Tolibon” vakillariga ular Afg‘onistondan olib ketmoqchi bo‘lgan odamlar ro‘yxatini berdi, undan amerikaliklar, AQSh bilan hamkorlik qilgan afg‘onlar va grin karta egalari o‘rin olgan. “Tolibon” Afg‘onistondan tinch aholini evakuatsiya qilishga 31-avgustdan keyin ham ruxsat berishni va’da qilayotgan bo‘lsa-da, AQSh shu tariqa Kobuldan evakuatsiyani tezlashtirmoqchi. Avvalroq aeroport yaqinida sodir bo‘lgan portlashlar evakuatsiyaga xalal bermasligi ma’lum qilindi.

Kun iqtibosi

“Men prezident bo‘lganimda edi, bunday voqea bo‘lmasdi”, — deya AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp Kobuldagi portlashlar yuzasidan fikr bildirdi.

“Bu fojia yuz berishi kerak emasdi. Agar prezidentingiz men bo‘lganimda edi, yuz bermagan bo‘lardi”, — dedi u Fox News telekanali efirida.

Bundan tashqari, Tramp Jo Baydenni Afg‘onistondan qo‘shinlarni olib ketish jarayonini eplay olmaganlikda aybladi va ushbu vaziyatni qayg‘uli deb atadi.

Kun raqami

Mamlakatda hokimiyat tepasiga “Tolibon” kelganidan keyin bir hafta ichida COVID-19 ga qarshi vaksinatsiya ko‘lami 80 foizga kamayib ketdi.

“Tolibon” Kobulni egallagan 15-avgustdan 19-avgustga qadar 23 ta viloyatda 30,5 ming kishi koronavirusga qarshi emlangan. 8—12-avgust kunlari esa 30 ta viloyatda 134,6 mingdan ortiq odam vaksina olgandi.

YuNISEF ma’lumotlariga ko‘ra, Afg‘onistonda Johnson &Johnson kompaniyasining 2 million doza vaksinasi bor, ularning yaroqlilik muddati 2021-yil noyabrgacha.

Avvalroq “Tolibon” vakili Zabihulla Mujohid Afg‘onistonda tibbiy xizmatlarni ko‘rsatish to‘liq hajmda qayta tiklanishini ma’lum qilgan hamda shifokorlarni ish joylariga qaytishga chaqirgan edi.