26-avgust kuni Kobul aeroporti yaqinida ikkita portlash sodir bo‘ldi. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, portlashlar deyarli bir vaqtda yuz bergan, ulardan keyin otishma boshlangan, deb yozadi Meduza.

Foto: AFP

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, portlash qurbonlari soni 103 kishiga yetgan. Ularning 90 nafari Afg‘oniston fuqarolari bo‘lsa, 13 nafari amerikalik harbiylardir. Bundan tashqari, yana taxminan 150 nafar afg‘on va 15 nafar AQSh harbiy xizmatchilari yarador bo‘lgan.

Bu AQSh armiyasi uchun so‘nggi yillarda bir martada ko‘rilgan eng katta talafot bo‘ldi. AQSh armiyasining Afg‘onistondagi eng katta bir martalik yo‘qotishlari 2011-yil 6-avgustda yuz bergan bo‘lib, o‘shanda vertolyot urib tushirilishi oqibatida AQShning 31 nafar, Afg‘onistonning 7 nafar harbiy xizmatchisi halok bo‘lgandi.

AQSh prezidenti Jo Bayden hodisa yuzasidan shoshilinch yig‘ilish o‘tkazish uchun Isroil bosh vaziri Naftali Benet bilan uchrashuvni keyinga qoldirdi.

Portlashlardan birinchisi aeroportga kiraverishda, ikkinchisi esa uning yaqinida joylashgan “Baron” mehmonxonasi yonida yuz berdi. Ushbu mehmonxonada ilgari ko‘pincha Amerika fuqarolari qolardi, ammo so‘nggi kunlarda undan Afg‘onistondan uchib ketish uchun navbat kutayotgan odamlarni joylashtirishda foydalanilgan.

Aeroport yaqinidagi portlashni xudkush terrorchi sodir etgan, deb yozdi Reuters Amerika harbiylariga tayanib. Fox News o‘z manbasiga asoslanib, aeroport atrofida “Viloyat Xuroson” guruhining “yuzlab jangarilari” yurganini va yaqin orada yangi hujumlar kutilayotganini xabar qilgan. “Viloyat Xuroson” guruhi mafkuraviy ziddiyatlar tufayli 2014-yilda “Tolibon”dan ajralib chiqib, IShIDga sodiqlikka qasamyod qilgan. Politico ham teraktga IShID aloqadorligi haqida yozgan.

Teraktdan keyin bir necha soat o‘tib, IShID Kobul aeroporti yaqinidagi ikkala portlash uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi. Xususan, bu haqda terrorchilarning ijtimoiy tarmoqlardagi faolligini kuzatib boruvchi SITE tashkiloti rahbari Rita Kats xabar bergan. AQSh Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi IShID hujumlarni davom ettirishi mumkin, degan fikrni bildirdi. 26-avgust kuni kechqurun Kobulda yangi portlashlar yuz berdi. “Tolibon” harakatining matbuot kotibi Zabihulla Mujohid so‘nggi portlashlar Amerika harbiylari tomonidan o‘z qurilmalarini yo‘q qilish uchun uyushtirilganini ma’lum qildi. Amerika qo‘mondonligi buni tasdiqladi.

26-avgust kuni kechqurun (Toshkent vaqti bilan 27-avgust 02:25) AQSh prezidenti Jo Bayden Kobuldagi terakt yuzasidan bayonot bilan chiqdi. Bayden o‘z nutqini “Kun og‘ir bo‘ldi”, — degan jumla bilan boshladi. U “boshqalarning hayotini qutqarish bo‘yicha xavfli missiyada” ishtirok etib, halok bo‘lgan amerikalik askarlarni tilga oldi va aeroport yaqinida hujum uyushtirgan odamlar qidirib topilishi va bunga javob berishini aytdi. “Biz kechirmaymiz. Biz unutmaymiz. Biz sizni qidirib topamiz va javob berishga majbur qilamiz”, — dedi Bayden. U qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, terrorchilarning yetakchilari va obyektlariga zarba berishga tayyorlanishni buyurdi. Amerika prezidenti ma’lum qilishicha, so‘nggi 12 soat ichida Kobul aeroportidan 7 ming kishi evakuatsiya qilingan, “Tolibon” Afg‘onistonni egallab olgan 15-avgustdan beri esa 100 mingdan ortiq odamni evakuatsiya qilishga ulgurishgan. U teraktlarga qaramasdan, AQSh evakuatsiyani yakunlashiga va’da berdi.

Kobul aeroporti yaqinidagi portlashlar — mamlakatda hokimiyat “Tolibon” harakati tomonidan egallab olinganidan keyin sodir bo‘lgan birinchi terakt. Kobul aeroporti — “Tolibon” istilosidan keyin Afg‘onistondan ketish mumkin bo‘lgan yagona joy. 15-avgustdan buyon bu yerda minglab odamlar bo‘lib turibdi, ular reyslarga chiqib olishga urinmoqda.