Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-avgust, juma kuni Navoiy viloyatiga safarini Karmana tumanidan boshlab, bu yerda xususiy investor tomonidan barpo etilgan yangi quyosh elektr stansiyasini ishga tushirish marosimida nutq so‘zlagani haqida xabar berilgan edi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning ma’lum qilishicha, davlat rahbari bu O‘zbekiston tarixida ilk bor xususiy investor tomonidan qurilgan elektr stansiyasi ekaniga e’tibor qaratdi.

“Biz energetika sohasida tub islohotlarni boshladik. Elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash va sotishni o‘zida jamlagan monopol davlat kompaniyasi o‘rniga bir-biridan mustaqil 4 ta kompaniya tashkil etildi.

Energetika sohasida raqobatdosh ulgurji bozorni shakllantirish, xususiy investorlar uchun keng imkoniyatlar yaratish va shu orqali elektr energiyasiga o‘sib borayotgan talabni maqbul narxlarda qondirishni asosiy vazifa etib belgiladik.

Shu tariqa 2025-yilgacha yurtimizda kamida 50 foiz elektr energiyasini xususiy elektr stansiyalarida ishlab chiqarish uchun barcha imkoniyatlarni yaratib beramiz”, — degan Prezident.

O‘zbekiston ulgurji elektr energiyasi bozoriga o‘tishni rejalashtirayotgani haqida Energetika vazirligi 2021-yilning iyun oyida ma’lum qilgandi. Unda Energetika vazirligi huzurida Schoenherr va NERA Economic Consulting kabi xalqaro moliya tashkilotlari bilan hamkorlikda faoliyat olib borayotgan loyiha ofisi tashkil etilgani, loyiha ofisi ekspertlari tomonidan 2021–2025-yillarga mo‘ljallangan uch bosqichdan iborat ulgurji raqobatbardosh elektr energiyasi bozoriga o‘tish ketma-ketligi ishlab chiqilgani aytilgandi.