Shavkat Mirziyoyev 27-avgust, juma kuni Navoiy viloyatiga jo‘nab ketgandi. Prezident Navoiy viloyatiga safarini Karmana tumanidan boshladi.

Davlat rahbari matbuot kotibining xabar berishicha, shu kuni viloyatning Karmana tumanida “yashil energetika”ga o‘tish yo‘lidagi birinchi qadam bo‘lmish quvvati 100 megavatt bo‘lgan zamonaviy quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirilmoqda.

Prezident buni O‘zbekiston sanoati tarixida juda katta voqea deb atadi — 110 million dollar investitsiyalar o‘zlashtirilib, 300 mingta quyosh panellari o‘rnatilgan. Loyiha doirasida qisqa muddatda — bir yarim yil ichida katta hajmdagi ishlar bajarilgan.

Bu yerda yiliga 252 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Buning hisobiga 80 million kub metr tabiiy gaz tejalib, atmosferaga 160 ming tonna bug‘lanuvchi gazlar chiqishining oldi olinadi.

Ushbu loyiha BAAning Masdar kompaniyasi tomonidan amalga oshirilgan bo‘lib, bu xorijiy davlat kompaniyalari bilan hamkorlikdagi ayni paytdagi eng yirik loyihadir.

Shuningdek, qayd etishicha, davlat rahbari Amirliklar bilan o‘zaro hamkorlik yildan-yilga kengayib, yangi bosqichga ko‘tarilib borayotganini alohida ta’kidladi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Birgina energetika sohasida umumiy qiymati qariyb 1,5 milliard dollar bo‘lgan 1 ming 700 megavattli 6 ta loyihani amalga oshirish boshlangan. Jumladan, Navoiy viloyatining o‘zida 2023-yilda Masdar kompaniyasi bilan hamkorlikda 500 megavattli shamol stansiyasi va Phanes group ishtirokida 200 megavattli quyosh stansiyasi barpo etiladi.

Prezident Birlashgan Arab Amirliklari hukumati vakillariga, Masdar kompaniyasi rahbari Muhammad Jamil Al-Ramahiy hamda qurilishda ishtirok etgan 600 dan ortiq xorijiy va mahalliy mutaxassislarga chuqur minnatdorlik bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, Masdar (BAA) kompaniyasi 2019-yil 18-oktabr kuni Scaling Solar 1 loyihasi doirasida Navoiy viloyatida quvvati 100 MVt bo‘lgan FES qurilishi bo‘yicha o‘tkazilgan tenderda g‘olib bo‘lgan edi.