Amerikalik qo‘shiqchi Billiy Aylish YouTube’dagi kanali orqali Happier Than Ever: A Love Latter to Los Angeles nomli konsert-filmining birinchi treylerini e’lon qildi. Unda Billi yangi albomidagi barcha qo‘shiqlarni ijro etgan.

Foto: AP Photo

Treylerda konsertdan parcha, shuningdek, qo‘shiqchining o‘zi tasvirlangan animatsion qahramon namoyish etilgan. Ularni “Oskar” mukofoti sovrindori Patrik Osborn yaratgan.

Suratga olish ishlarida Billidan tashqari uning ukasi va prodyuseri Finneas O’Konnell, Los-Anjeles filarmoniya orkestri va bolalar xori qatnashgan. Film rejissori Robert Rodriges.

“Los-Anjeles borasida aniq bir orzularim bor. Mening dunyom bilan chatishib ketgan mutlaqo boshqacha olam. Bu konsert-film, ammo shu bilan birga tarix hamdir”, — deydi Aylish treylerda.

Qo‘shiqchining filmi premyerasi Disney+ da 3-sentabrda bo‘lib o‘tadi.

Avvalroq amerikalik taniqli qo‘shiqchi Billi Aylish “onasiniki kabi” soch turmagi bilan muxlislarini hayron qoldirgandi.