Qarshi tumanidagi 6-maktab direktori o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilgani uchun vazifasidan ozod etildi. Bu haqda “Adolat” SDP Qarshi tuman kengashi raisi Yulduz Muhammadiyeva ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumanidagi 6-maktab direktori Feruza Ahmedova maktab o‘qituvchilarini majburiy mehnatga jalb qilgani aytilgan videolavha tarqalgandi. “Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan o‘qituvchi majburiy mehnat ishlariga 40 nafarga yaqin erkak o‘qituvchi va 10—15 nafar ayol o‘qituvchi jalb etilganini, ular orasida pensiya yoshiga yetib qolgan, og‘ir mehnatdan toliqib qoladigan o‘qituvchilar ham borligi, ammo direktor bunga e’tibor ham bermayotganini aytgandi.
Viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi ishchi guruh tuzilib, vaziyat mutasaddilar ishtirokida o‘rganilgandan so‘ng maktab direktorining xatti-harakatiga qonuniy baho berilishini ma’lum qilgandi. Adolat” SDP Qarshi tuman kengashi raisining bildirishicha, 21-avgust kuni Xalq deputatlari Qarshi tumani kengashining navbatdagi sessiyasida ushbu masala ko‘rib chiqildi.
Unga ko‘ra, deputatlar Qashqadaryo viloyati XTBning xati hamda deputatlarning takliflarini inobatga olib, maktab direktorining lavozimidan ozod etilishiga rozilik bergan. Shuningdek, Feruza Ahmedova kelgusida xalqning haqli ravishda noroziligini keltiruvchi yoki deputatlik maqomiga putur yetkazuvchi holatlarga yo‘l qo‘ygan taqdirda deputatlik vakolatini muddatidan ilgari tugatish belgilandi.
Qashqadaryo hokimi Zoir Mirzayev 23-avgust, dushanba kuni bo‘lib o‘tgan apparat yig‘ilishida Qarshi shahrida majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan maktab direktorini ishdan olish haqida topshiriq bergandi. Shuningdek, viloyat hokimi Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘iga majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan maktab direktori ishdan olinmasa, shahar xalq ta’limi bo‘limi rahbarini ham ishdan olishini bildirgan.
“Bugunoq maktab direktori ishdan olinsin, agar ishdan ololmasanglar, menga olib keling. Men ham maktab direktorini, ham shahar xalq ta’limi bo‘limi rahbarini belgilangan tartibga bo‘ysunmagani uchun ishdan olaman”, — degan edi viloyat rahbari.
Eslatib o‘tamiz, viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi mas’ullari majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilgani xabar berilgan Qarshi shahridagi 31-umumiy o‘rta ta’lim maktabidagi holatni o‘rganib chiqib, direktorga Mehnat kodeksining 181-moddasiga asosan hayfsan intizomiy jazo chorasini qo‘llash bilan cheklangandi. Undan avvalroq esa viloyatning Qarshi tumanidagi 6-maktabda ham majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilgani, majburiy mehnatga yo‘l qo‘yib, ortida tuman hokimi va tuman xalq ta’limi bo‘limi rahbari turganini aytgan maktab direktoriga esa haligacha chora ko‘rilmagani xabar qilingandi.
Izoh (0)