Xorazm viloyatida huquqni muhofaza qilish organlariga yo‘llagan murojaatini qaytarib olishni va’da qilib, buning evaziga pul talab qilgan shaxs qo‘lga olindi, deb xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi departament.

Foto: Bosh prokuratura huzuridagi Departament

Ma’lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Xorazm viloyat boshqarmasi tomonidan tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda fuqaro X.Yo. Gurlan tumanidagi sobiq muqobil mashina traktor parki va uning yordamchi binolarini go‘yoki “G” MChJ rahbari noqonuniy ravishda sotib olgani haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat yozgani aniqlangan.

Fuqaro X.Yo. yozgan murojaatini qaytarib olib, harakatdan to‘xtatishi evaziga MChJ rahbaridan tovlamachilik yo‘li bilan 180 million so‘m talab qilib, shundan 4 ming dollar va 74 million so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq Farg‘onada o‘zi bilan ishqiy munosabatda bo‘lgan erkak videosini tarqatmaslik evaziga undan 150 ming dollar talab qilgan ayol va sheriklariga sud hukmi o‘qilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.