Germaniyada ikki amerikalik amaldor o‘zida “Gavana sindromi” belgilari paydo bo‘lgach, tibbiy yordamga murojaat qildi. Bu haqda AQSh diplomatlariga tayanib The Wall Street Journal xabar berdi.

Foto: Getty Images

Gazeta ta’kidlashicha, bu NATO davlatlarida ushbu sindrom bo‘yicha qayd etilgan birinchi holat. Tibbiy yordam so‘ragan amerikaliklar qaysi tuzilmalarda ishlashi haqida WSJ xabar bermagan.

Nashr manbalariga ko‘ra, xuddi shunday holatlar boshqa Yevropa mamlakatlarida ishlaydigan amerikalik amaldorlar orasida ham qayd etilgan, biroq amerikalik diplomatlar tafsilotlarni berishdan bosh tortdi.

WSJ suhbatdoshlarining ta’kidlashicha, “Gavana sindromi” alomatlari orasida ko‘ngil aynishi, kuchli bosh og‘rig‘i, quloq og‘rig‘i, charchoq va uyqusizlik bo‘lgan.

“Jabrlanganlarning ba’zilari gaz eksporti, kiberxavfsizlik yoki siyosiy aralashuv singari Rossiya bilan bog‘liq masalalarda ishlaydigan razvedka xodimlari yoki diplomatlar edi”, — deya xabar berdi WSJ amerikalik diplomatlar va tekshiruvdan xabardor manbalarga tayanib.

Davlat departamenti vakili “Gavana sindromi”ga chalinish bo‘yicha yangi holatlar haqidagi savolga javob bermadi, lekin bu mavzu AQSh davlat kotibi Entoni Blinken uchun ustuvor vazifa ekanni qo‘shimcha qildi.

AQSh razvedka agentliklari hujumlar ortida Rossiya hukumati turishi mumkin deb taxmin qildi. Moskva voqealarga aloqasi borligini qat’iyan rad etmoqda.

Rossiyaning Germaniyadagi elchixonasi, WSJning so‘roviga javoban, Rossiya Tashqi ishlar vazirligining so‘nggi bayonotini eslatdi. O‘z bayonotida vazirlik Rossiyaning “Gavana sindromi”ga aloqadorligi haqidagi ayblovlarni rad etgandi. “Rusofobiya targ‘ibot mashinasi soxta ma’lumotlarni chiqarishda davom etmoqda”, — degan avgust oyi boshida TIV Axborot va matbuot boshqarmasi direktori o‘rinbosari Aleksandr Bikantov.

Amerikalik diplomatlar orasida “Gavana sindromi”ning birinchi holatlari 2016-yilda Kubada qayd etilgan. O‘shandan beri shunga o‘xshash hodisalar O‘zbekiston, Xitoy va Rossiyadagi, yaqinda esa Avstriyadagi diplomatlarda aniqlandi, deb yozadi WSJ. Polsha, Gruziya, Tayvan va Vashingtonda ham ushbu sindrom bo‘yicha tasdiqlanmagan holatlar bo‘lgan. AQShning bir qator amaldorlari ta’kidlashicha, simptomlar mikroto‘lqinli nurlanish singari “yo‘naltirilgan” radiochastota energiyasidan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Ma’lumot uchun, 2016-yildan beri dunyoning turli mamlakatlarida o‘nlab amerikalik davlat xizmatchilari duch kelgan va aniq tushuntirib berilmagan simptomlarni OAV “Gavana sindromi” deb ataydi. Bu simptomlardan Gavanadagi AQSh elchixonasi xodimlari birinchi marta shikoyat qilgan. Ular quloqlarda shovqin va og‘riq hamda bosh aylanishi haqida ma’lum qilgan.