Namangan shahrida 30-iyul kuni fuqaro IIB xodimi bilan tortishib, uning xizmat kiyimi tugmalarini uzib tashladi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, voqea soat 11:00 atrofida shaharning “Shodlik” MFY, To‘raqo‘rg‘on ko‘chasida sodir bo‘lgan.

Aniqlanishicha, ushbu ko‘chada yashovchi M.I. xonadoni yonida qurilish olib borayotgan fuqaro A.B. bilan janjallashib qolgan. Fuqaro buning oldini olish uchun jalb etilgan hudud profilaktika inspektori B.M. va A.X.ga qarshilik ko‘rsatib, egnida bo‘lgan xizmat kiyimining tugmalarini uzib tashlagan.

Ta’kidlanishicha, blogerlar hodisa joyida xizmat vazifasini bajarayotgan xodimlarga qo‘pol qarshilik qilib, tosh va boshqa buyumlar bilan ularga tahdid qilgan va ommani to‘plab jamoat tartibini buzgan fuqarolar haqida hech qanday ma’lumot bermagan.

Hozirda holat yuzasidan Namangan shahar prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda. IIB xodimlarning xatti-harakatlari yuzasidan esa xizmat tekshiruvi tayinlandi.

Bundan avval Surxondaryoda IIB xodimlari bilan janjallashgan oshxona rahbari jarimaga tortilgani, Surxondaryoda profilaktika inspektorining yordamchilari IIBga olib ketilayotgan fuqaroni urib, o‘ldirib qo‘ygani hamda Chilonzordagi kafeda janjal ko‘tarib, ichki ishlar xodimiga qo‘l ko‘targan shaxslar hibsga olingani haqida xabar berilgandi.